Shu jumladan, tuman (shahar)larda koʻrsatiladigan amaliyotlar turini 60 tadan 79 taga, hududlarda esa 130 tadan 168 taga oshirish, V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yurak va oʻpka transplantatsiyasi joriy etilishi belgilandi.

Qarorga koʻra, V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan 2022-yil yakuniga qadar barcha hududlarda  buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligining Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi va mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va hududiy davlat tibbiyot muassasalarining xorijiy tillarni yaxshi biladigan xodimlarining 2021–2022-yillarda xirurgiya sohasi uchun dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuborish, shuningdek, markaz faoliyatiga yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb etish choralari koʻriladi.

Malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuboriladigan xodimlarga Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq, markaz va hududiy davlat tibbiyot muassasalarida ishlab berish majburiyati yuklatiladi.

Shunday qilib, xorijiy mutaxassislarni davlat tibbiyot muassasalariga jalb etishda:

– xorijiy mutaxassislar uchun ikki tomonga aviachiptalarni sotib olish xarajatlari (uzoq muddatli mehnat shartnomalari tuzilganda bir yilda ikki martadan oshmagan holda) hamda respublika mehmonxonalarida yashash xarajatlari tegishli davlat tibbiyot muassasasi tomonidan milliy valyutada toʻlanadi;

– ularni jalb etish va moddiy taʼminoti boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish manbai etib Sogʻliqni saqlash vazirligining Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari, tegishli davlat tibbiyot muassasasining byudjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro moliya va boshqa tashkilotlar, xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.