2022-yilda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 74,4 foizga yetdi

    AOKAda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va joriy yildagi rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Takʼidlanganidek, 2022-yilda barcha dasturlar doirasida 3,3 trln soʻm byudjet mablagʻlari va xalqaro moliya institutlarining 185,5 mln dollar mablagʻlari oʻzlashtirildi. Ushbu mablagʻlar hisobidan respublika boʻyicha jami 7 130,1 km ichimlik va 232,9 km oqova suv tarmoqlari tortildi, 859 ta ichimlik va oqova suv inshootlari qurildi hamda rekonstruksiya qilindi.

    Masalan, oʻtgan yilda Osiyo taraqqiyot banki mablagʻlari hisobidan Toshkent viloyatida kunlik quvvati 100 ming kub metr boʻlgan “Qodiriya” suv tozalash inshooti, Jizzax shahrida kunlik quvvati 30 ming kub metr boʻlgan oqova suv tozalash inshooti, Jahon banki mablagʻlari hisobidan Buxoro shahrida kunlik quvvati 100 ming kub metr boʻlgan oqova suv tozalash inshooti hamda Islom taraqqiyot banki mablagʻlari hisobidan Shirin shahrida kunlik quvvati 4 ming metr kub boʻlgan oqova suv tozalash inshooti ishga tushirildi.

    Hududlarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarini rivojlanitirish maqsadida hududiy suv taʼminoti korxonalarining oʻz mablagʻlari hisobidan ham bir qator ishlar bajarildi. Jumladan, 82,8 km ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, 7 ta suv qudugʻi qazildi va 121 ta yangi nasos uskunalari oʻrnatildi. Shuningdek, 44,9 mlrd soʻm moliyalashtirish evaziga 1,8 ming km ichimlik suvi tarmoqlari va 1,8 ming ta nasos uskunalari mukammal va joriy taʼmirlandi.

    Tadbirda oʻtgan yil davomida “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning hududiy suv taʼminoti korxonalariga kelib tushgan murojaatlar statistikasi toʻgʻrisida ham maʼlumot berildi. Taʼkidlanganidek, 2022-yil davomida 28 301 ta murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 90 foizga yaqini tegishli tartibda koʻrib chiqilgan va qanoatlantirilgan.

    Shuningdek, aholining murojaatlarini koʻrib chiqish va tezkorlik bilan hal etish maqsadida aksiyadorlik jamiyatida 12-55 qisqa raqamli koll-markaz 24/7 rejimda faoliyat yuritib, 2022-yilda ushbu koll-markaz orqali 144 mingta murojaat kelib tushgan va ularning 87 foizi ijobiy hal etilgan.

    Umuman olganda, 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar natijasida respublika aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 69,7 foizdan 74,4 foizga, oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasi esa 17,2 foizdan 18,9 foizga yetkazildi. Ichimlik suvini sotish hajmi 1,19 mlrd metr kubga, cuv hisoblagichlari mavjud isteʼmolchilarning soni 2,42 milliontadan 2,83 milliontaga, suv hisoblagichlari bilan taʼminlanganlik 64,3 foizga yetkazildi. Isteʼmolchilar bazasi 4,15 milliontadan 4,4 milliontaga yetkazilib, 242 ming isteʼmolchiga oshirildi.

    Mutasaddilar 2023-yilda amalga oshirilishi belgilangan asosiy vazifalarga ham alohida toʻxtalib oʻtdilar. Qayd etilganidek, isteʼmolchilar bazasida abonentlarning soni 4,4 milliontadan 4,6 milliontaga yetkazilib, 202 ming isteʼmolchiga oshiriladi. Suv hisoblagichlari mavjud isteʼmolchilar 2,83 milliontadan 3,2 milliontaga oshirilib, suv hisoblagichlari bilan taʼminlanganlik darajasi 70 foizga yetkaziladi.

    Xalqaro moliyati institutlarining 265,8 million dollar mablagʻi hisobidan 2023-yilda jami 400 kilometrdan ortiq ichimlik va 120 kilometr oqova suv tarmoqlarini yotqizish, 1 ta suv tozalash va 18 ta suv taqsimlash inshootini, 2 ta oqova suv tozalash inshootini, 15 ta oqova suv nasos stansiyasini qurish rejalashtirilgan. Jumladan, joriy yilda Guliston va Yangiyer shaharlarida kunlik umumiy quvvati 37 ming kub metr boʻlgan 2 ta oqova suv tozalash inshooti foydalanishga topshiriladi.

    Umuman olganda, joriy yilda barcha dasturlar doirasida yakuni bilan 1,1 mln. nafar aholini ilk bor ichimlik suvi taʼminlanishi, taʼminlanganlik darajasi 77 foizga, oqova suv xizmati bilan qamrab olinganlik darajasi esa 19,5 foizga yetkazish rejalashtirilgan.