Respublika muzeylari fondlarida jami 2,5 milliondan ziyod muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud boʻlib, shundan 2 millionga yaqin eksponatlar asosiy fondda saqlanadi. 500 mingdan ziyodi ilmiy-yordamchi fonddagi muzey ashyolari va kolleksiyalari hisoblanadi.
Oʻtgan yilda muzeylar va direksiyalarga 4 milliondan ortiq mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Muzeylar va direksiyalar tomonidan mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilarga jami 20 milliarddan ziyod pullik xizmat koʻrsatilgan.
Dunyodagi barcha xalqlar kabi oʻzbek xalqi ham juda qadim davrlardan buyon xalq ruhiyati, turmush sharoitlarini oʻzida aks ettiruvchi amaliy sanʼat asarlarini yaratib kelgan. Tabiiyki, moddiy madaniyat mahsuli boʻlgan xalq amaliy sanʼat asarlari ijtimoiy hayotning bir bosqichidan ikkinchisiga meros boʻlib oʻtib, avlodlarning beqiyos madaniy boyligiga aylanib boraveradi.
Ilm-fan va madaniyat rivojida muzeylarning oʻrni tabora oʻsib borayotgani bois tegishli qonunchilikka asosan 2022-yil 1-iyuldan boshlab davlat muzeylariga tashrif buyuruvchilarga har kuni soat 22:00gacha xizmat koʻrsatish huquqi berilgan.
Har bir muzey oʻzining yoʻnalishi, eksponatlari bilan oʻziga xos. Xususan, poytaxtga tashrif buyuruvchi mehmonlarni oʻziga chorlovchi Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi 1943-yildan boshlab Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tarkibida faoliyat olib bormoqda.
Oʻtgan 2022 yilda Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyidan Luvrdagi koʻrgazma uchun oʻttizdan ortiq eksponat saralab olingan. 6 dona eksponat hamda etnografiya fondidan qirqdan ortiq eksponat Arab dunyosi institutdagi koʻrgazma uchun tanlab olingan. Ulardan 14 dona eksponat namoyish etish uchun taqdim etilgan. Mazkur muzey fondlariga jami 3 ming 229 dona buyum qabul qilingan. Bular ichida arxeologiya, numizmatika, etnografiya, tabarruk buyumlar, qurol-aslaha, badiiy asarlar, arxiv va noyob kitoblar mavjud.
Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi matnshunoslik va adabiy manbashunoslik, folklorshunoslik, arxivshunoslik sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib boruvchi hamda Oʻzbekiston xalqlarining moddiy va maʼnaviy boyliklarini saqlab (qoʻlyozma, bosma kitoblar, arxiv hujjatlari), nodir ashyolar (rang-tasvir namunalari, kartinalar, xalq hunarmandchiligi namunalari, ijodkorlarga tegishli noyob buyumlar)ni ekspozitsiya orqali namoyish va targʻib qiluvchi ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasadir.
Adabiyot muzeyining asosiy vazifasi muzey fondida saqlanayotgan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarimizning qoʻlyozmalarini ilmiy tadqiq etish, ularning ilmiy-tanqidiy matnlarini yaratish, shular asosida elektron kataloglar tayyorlash va noyob qoʻlyozmalarning faksimil nashrlarini amalga oshirishdan iborat.
Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyida oʻzbek xalqining bebaho va betakror sanʼat asarlari oʻrin olgan. Bugun mavjud muzeylarda tarixiy va zamonaviy bilimlarni egallagan bilimdon mutaxassislarning faoliyat olib borishi xalqimizning oʻtmishga, tarix va madaniy merosga boʻlgan hurmat va ehtiromini yanada oshirishga xizmat qiladi.