Yigʻilishda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.

2021-yilda investitsiyalar sohasida erishilgan natijalar boʻyicha tezkor maʼlumotlar maʼlum qilindi. Jumladan, oʻzlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 254 trillion soʻmni tashkil etib, 2020-yilga nisbatan 109 foizga oʻsdi, shundan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 8,6 milliard dollarni tashkil qildi. Hisobot davrida davlat Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 5,9 milliard dollarlik 318ta yirik investitsiyaviy loyiha, hududiy investitsiya dasturlari doirasida esa 7,4 milliard dollarlik 15 710 investitsiyaviy loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi tufayli jami 275 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi. Investitsiyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish va investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlarini amaliy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mexanizmlarni takomillashtirish, shuningdek, masʼul rahbar va xodimlarni biriktirish orqali loyihalarni amalga oshirishning doimiy monitoringini olib borish tizimini tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Boʻsh turgan va toʻliq quvvat bilan ishlamayotgan korxonalarni “sogʻlomlashtirish” boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijalari koʻrib chiqildi. Oʻtgan yil yakunlari boʻyicha 2040 ta shu kabi korxona faoliyati oʻrganilib, tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va mavjud muammolarni hal etish boʻyicha aniq choralar koʻrildi. Natijada 1908 korxona (94 foiz) toʻliq quvvat bilan ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi, bu esa mamlakatimiz sanoatiga qoʻshimcha ravishda 4,1 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish, 184 million dollarlik qoʻshimcha eksportga yetkazib berish va 25 mingga yaqin ish oʻrni tashkil etish imkonini berdi. 152 dona foydalanilmayotgan texnologik uskuna ham ishga tushirildi, bu esa, oʻz navbatida, 1 257 yangi ish oʻrni yaratish imkonini berdi. Yuzaga kelayotgan masalalarga zudlik bilan javob berish va ularni hal qilishda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish obyektlari faoliyatini monitoring qilish mexanizmini yaratish topshirildi.

Investitsiyaviy faoliyatni ragʻbatlantirish va loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar boʻyicha hisobotlar eshitildi. Hududiy loyiha guruhlarini shakllantirishni jadallashtirish hamda ularning tuman va shahar hokimlarining tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlik va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha har bir mahallada faoliyat yuritayotgan yordamchilari bilan yaqin hamkorligini yoʻlga qoʻyish topshirildi.

2022-yilda eksport salohiyatini yuksaltirish va eksport qilinadigan mahsulotlar hajmini oshirish vazifalari koʻrib chiqildi. Mahalliy eksportchilar oldida turgan masalalarni zudlik bilan hal qilish maqsadida eksport qiluvchi korxonalar, mijozlar va mahsulot hajmi koʻrsatilgan eksportga ortish manzilli jadvalini shakllantirish topshirildi.

Alohida tartibda xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi boʻyicha muzokaralarning borishi, transport infratuzilmasini kengaytirish va mamlakatda logistika salohiyatini yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar hamda boshqa dolzarb vazifalar koʻrib chiqildi.

Yigʻilish yakunida mutasaddi rahbarlar oʻrtasida ijro muddatlari belgilangan vazifalar taqsimlandi va qoʻshimcha manzilli koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.