Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
“Bizda shu yil oxirigacha erishishimiz kerak boʻlgan ulkan maqsad bor — qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini [jami elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmida] 18 foizga yetkazish. Qayta tiklanadigan energiya manbalari haqida gapirganda, biz faqat quyosh va shamol energiyasini hisobga olyapmiz, bu 2030-yilgacha 25 GVt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalarining ishlashi hisobiga bizning energiya balansimizning 40 foizini tashkil qiladi”, — dedi u.
2023-yilda yangi quvvatlarning ishga tushirilishi munosabati bilan oʻtgan yakshanba (12-may) kunduzi Oʻzbekistonda quyosh va shamol energiyasi ishlab chiqarish hajmi 18 foizga yetdi, dedi vazir.
“Albatta, talab kam edi, lekin biz bu koʻrsatkichga erishdik. Demak, yil oxirigacha bu 18 foizga haqiqatan ham erishish mumkin, chunki yil oxiriga qadar biz 2000 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalari va 600 MVt shamol elektr stansiyalaridan foydalanishni boshlaymiz. Bundan tashqari, yil oxirigacha 300 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimlarini ishga tushiramiz”, — dedi u.
Islohotlarning navbatdagi bosqichi elektr energiyasini taqsimlash tarmogʻiga xususiy investorlarni jalb etish, shuningdek, energiya samaradorligini ikki baravar oshirishdan iborat boʻladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Qozogʻiston Yevropa, jumladan, Vengriya va Ruminiyaga yashil energiya eksport qilishni rejalashtirmoqda, dedi Joʻrabek Mirzamahmudov.
“Biz islohotlarimizning keyingi bosqichiga, jumladan, energetika sohasida ham oʻtmoqdamiz va bu islohotlar murakkab. Lekin, prezidentimiz taʼkidlaganidek, islohotlarni yakkalikda amalga oshirib boʻlmaydi. Islohotlarni faqat doʻstlarimiz, qoʻshnilarimiz, hamkorlarimiz, investorlarimiz bilangina amalga oshirishimiz mumkin. Shu bois islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlayotgan, bugun ishtirok etib, energetika sohasiga sarmoya kiritishni qoʻllab-quvvatlayotgan barcha insonlarni taʼkidlab oʻtmoqchiman”, — dedi u.