Hujjatga ko‘ra, 1-sinfga qabul qilish davlat xizmati orqali amalga oshiriladigan tuman (shahar)lar soni 64 tadan 135 taga, maktablar soni esa 1956 tadan 5689 taga yetkazildi.

Shuningdek, 2026–2027 o‘quv yilida davlat xizmati joriy etiladigan tuman (shahar)lar ro‘yxati tasdiqlandi.

Qabul jarayoni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining elektron xizmati (my.maktab.uz) orqali amalga oshiriladi. Hujjat topshirish 2026 yil 20 iyundan 31 iyulga qadar mikrohudud doirasida, 1 avgustdan 31 avgustga qadar esa mikrohududdan tashqari hududlar uchun davom etadi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, 1-sinfga bolalar ular 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi. Ya’ni, 2026–2027 o‘quv yili uchun 2019 yil 31 dekabrga qadar tug‘ilgan bolalar maktabga qabul qilinadi.

Davlat xizmati joriy etilmagan hududlarda qabul an’anaviy tartibda amalga oshiriladi. Bunda maktab rahbarlari qabul jarayonini tashkil etadi va o‘quvchilar haqidagi ma’lumotlar adm.maktab.uz elektron tizimiga kiritiladi.

Qabulga oid barcha ma’lumotlar — qabul rejasi, muddatlari, mikrohudud, shuningdek, boshqa tildagi sinflar uchun bolaning boshlang‘ich nutq ko‘nikmasini baholash so‘rovnomasi maktab binolarida ochiq joylarda joylashtiriladi.

Belgilangan muddat tugagandan keyin maktablar tomonidan qo‘shimcha o‘quvchilarni qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, 2026 yil 10 avgustga qadar 1-sinfga qabul qilingan bolalar soniga qarab 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari tuman (shahar) bo‘limlariga yetkaziladi. Ushbu jihozlar 20 avgustga qadar maktablarga taqsimlanishi rejalashtirilgan.