Deputatlar “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda muhokama qildi. Bosh vazir oʻrinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov loyiha boʻyicha maʼruza qildi.
Maʼruzada qayd etilganidek, 2026-yilda yalpi ichki mahsulot real oʻsishi 6,6 foizni tashkil etishi, aholi jon boshiga YAIM 4 686 dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Sanoat sohasida 6,4 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,2 foiz, bozor xizmatlarida 14,5 foiz va qurilishda 10,2 foiz oʻsish kutilyapti. Inflyatsiya darajasining pasayishi ham rejalashtirilgan.
Kelgusi yil uchun konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,4 trln soʻm, xarajatlari 567 trln soʻm etib belgilangan. Byudjet taqchilligi YAIMga nisbatan 3 foizni tashkil qiladi. Tashqi qarzning cheklangan hajmi esa 5 mlrd dollar etib belgilanmoqda.
Deputatlar byudjet loyihasi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan tamoyillar asosida ishlab chiqilganini taʼkidlab, iqtisodiy barqarorlik, inflyatsiyani jilovlash, “yashil” tamoyillarni joriy etish, kambagʻallik va ishsizlikni kamaytirishga qaratilgan choralarni qoʻllab-quvvatladilar.
Qonun loyihasida kelgusi yilda asosiy soliq va bojxona stavkalari oʻzgarmasdan qolishi belgilangan. Byudjet daromadlari iqtisodiy oʻsish va soliq bazasining kengayishi orqali taʼminlanishi qayd etildi.
Deputatlar pensiya, nafaqa va stipendiyalarni inflyatsiyadan yuqori surʼatlarda oshirib borish siyosati davom ettirilishini ham maʼqulladilar.
2026-yil Davlat byudjeti ijtimoiy yoʻnaltirilganlik darajasi yuqori boʻlib, ijtimoiy sohaga ajratilgan mablagʻlar 220 trln soʻmni (umumiy xarajatlarning 55 foizi) tashkil etmoqda. Unda taʼlim va fan sohasiga 25,5 foiz, sogʻliqni saqlashga 12,1 foiz, ijtimoiy himoyaga 4,2 foiz mablagʻ ajratilishi belgilangan.
Muhokamalarga boy boʻlgan majlisda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi koʻlamini kengaytirish, sunʼiy intellektni rivojlantirish, mahalla institutini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni deputatlar maʼqulladilar.
Muhokamalarda xalq vakillari byudjetdan ajratilayotgan mablagʻlardan samarali, oqilona foydalanish borasida davlat organlari va tashkilotlarining masʼuliyati va javobgarligini taʼminlash maqsadida parlament va deputatlik nazoratini olib borishi lozimligini taʼkidladilar.
Majlis davomida byudjet daromadlarini oshirish, soliq bazasini yanada kengaytirish, “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish, byudjet mablagʻlaridan foydalanishda korrupsiya omillari va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Majlisda siyosiy partiyalar fraksiyalarining fikrlari eshitilib, Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.








