Odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) kasalligi bilan bugungi kunda Respublikamizda 48 mingdan ortiq shaxslar yashab kelmoqda. Respublikamizda OIV infeksiyasiga qarshi kurashish Hukumat rahbarligida olib borilmoqda.

Jumladan 2018-yilda  3493 va 3800-sonli qarorlar qabul qilindi va ijrosi natijasida esa 63 ta tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalar OITSga qarshi kurash markazlari tasarrufiga oʻtkazilib, zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlandi, har bir viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalari negizida 5 tadan 40 tagacha OIV bemorlarga xizmat koʻrsatadigan oʻrinlar tashkil etildi.

Soʻnggi 5 yilda OIV infeksiyasiga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortdi. Hukumatimiz tomonidan dori vositalarini moliyalashtirish 80 foizni tashkil etdi. Bemorlarni ijtimoiy himoyalash maqsadida 18 yoshgacha boʻlgan OIV infeksiyasiga chalingan bolalarga ijtimoiy nafaqalar berib kelinmoqda.

Respublikamizda OIV infeksiyasi onadan bolaga yuqishiga barham berish uchun har yili bemor onalardan dunyoga kelayotgan (oʻrtacha 600 nafargacha) bolalarni quruq sut aralashmalari bilan uzuluksiz taʼminoti amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 99,7 foiz bolalar sogʻlom boʻlishiga erishilmoqda.

 2030-yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun 2025-yilga qadar “95-95-95” strategiyasiga erishish zarurligi koʻrsatib oʻtilgan boʻlib, bu strategiyani amalga oshirish uchun OIVga tekshiruvlar sonini yanada oshirilishi talab etiladi.

Buning uchun Respublikamizdagi OITSga qarshi kurash markazlari va tumanlararo laboratoriyalarning ham bir qismida kapital taʼmirlash ishlarini amalga oshirish lozim. “95-95-95” tamoyiliga koʻra, OIV yuqtirgan bemorlarning 95 foizi oʻz statusini bilishi, bemorlarning 95 foizi maxsus terapiya bilan qamrab olinishi, bemorlarning 95 foizida virus yuklamasini past darajaga tushishiga 2025-yilgacha erishish va 2030-yilda OITS kasalligining yuqishiga barham berish maqsad qilib olingan.