баннер
26 Mar 2025
23:12

    Oʻzbekistonda tuberkulyozni aniqlash va davolash borasida nimalar qilinmoqda?

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, oʻtgan yili dunyo boʻyicha 10,8 million kishiga tuberkulyoz tashxisi qoʻyilgan. Ulardan 1,25 million nafari kasallik oqibatida hayotdan koʻz yumgan.

    Ekspertlar koʻrsatkichlar yil sayin oshib borayotgani, qolaversa, sayyoramiz boʻyicha xastalikning dorilarga chidamli turlari keng tarqalayotganidan xavotirda.

    Shunga qaramay, Oʻzbekistonda tuberkulyozni aniqlash va davolash borasida katta yutuqlarga erishilmoqda.

    — Avvallari kasallikni laborator usulda aniqlash uchun 3 oygacha vaqt ketardi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva. — Hozir esa yurtimiz boʻyicha 136 ta gen-molekulyar analizator apparati keltirilib, 97 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etilgan. Ulardan 40 tasi tumanlarda faoliyat koʻrsatmoqda.

    Bundan tashqari, balgʻam namunalarini tuman (shahar)lardan asosiy laboratoriyalarga oʻz vaqtida olib kelish uchun logistika xizmati yaxshilangan.

    Binobarin, tashxis qoʻyish uchun sunʼiy intellekt bilan jihozlangan 46 ta ultraportativ rentgen apparati joylarga yetkazib berilgan. Ular yordamida, hatto, ogʻir yotib qolgan bemorlar xonadonigacha borilib, oʻpka va koʻkrak qafasida qanday patologik jarayonlar kechayotganligi tezkor ravishda aniqlanyapti.

    Davlatimiz rahbarining 2023-yil 20-yanvardagi «2023 — 2026-yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida«gi qarori asosida 14 yoshgacha boʻlgan xavf guruhiga mansub aholi qatlamida immunodiagnostika usulida, 14 yoshdan kattalarda esa rentgen usulida tuberkulyozni aniqlash yoʻlga qoʻyilib, ilk marotaba 10 ta viloyatda «Oʻpka salomatligi« mobil brigadalari tashkil etildi.

    Tuberkulyoz xastaligi tarqalishining oldini olish uchun yangi tugʻilgan chaqaloqlarni emlash qamrovi 99,5 foizga yetkazildi. Ayrim sabablarga koʻra, vaksina olmagan bolalarda tuberkulin yordamida teri sinamasi oʻtkazilib, keyin emlandi.

    Soʻnggi 22-yilda mamlakatimizda kasallanish darajasi 2 barobardan, oʻlim koʻrsatkichi esa 10 barobardan koʻproq kamayishiga erishildi.

    Oʻz navbatida, 1-tur sezuvchan tuberkulyozga chalingan bemorlarni davolash samaradorligi keyingi yillarda 90 foizga yetkazildi va bu JSSTning xastalikni tugatish strategiyasi maqsadlariga mosdir.

    Shuningdek, silning turgʻun shaklidan aziyat chekayotgan bemorlarni davolash samaradorligi 91,2 foizdan 95 foizgacha oshirilib, muolaja muddati 2-yildan 6-9 oyga qisqardi. Bu — dunyoning juda kam sonli davlatlari erishgan koʻrsatkichdir.

    Raqamli texnologiyalar yordamida bemorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ambulator davolashning videonazorat usuli butun mamlakat boʻylab tatbiq qilindi. Ushbu innovatsion yondashuv, ayniqsa, olis va chekka hududlarda yashovchi aholida davolanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

    JSSTning 2023 — 2030-yillarga moʻljallangan tegishli Harakatlar rejasiga muvofiq, 2023 — 2024-yillarda mamlakatimiz boʻyicha bu yoʻnalishda salmoqli ishlar amalga oshirildi.

    Tuberkulyoz bilan kasallanishga moyil xavf guruhiga mansub aholi oʻrtasida keng qamrovli skrining tadbirlari oʻtkazildi. Zamonaviy diagnostika usullari koʻlami kengaytirildi.

    Bemorlarni davolash uchun davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan sifatli dori vositalari xarid qilindi va xastalikning oldini olish maqsadida muloqotdagi shaxslar oʻrtasida profilaktik muolajalar olib borildi.

    Eslatib oʻtamiz, har yili dunyo boʻylab 24-mart “Butunjahon tuberkulyozga qarshi kurash kuni« sifatida nishonlanadi. Bu yil ham mazkur sana munosabati bilan «Ha! Tuberkulyozga barham bera olamiz! Majburiyatlar, investitsiyalar, natijalar” shiori ostida jahonning turli nuqtalari, jumladan, mamlakatimizda keng qamrovli targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech