Bu haqda Rossiya olimpiya qoʻmitasining sobiq rahbari, hozirda tashkilotning faxriy prezidenti boʻlib ishlab kelayotgan Leonid Tyagachyov jurnalistlarga maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari 2032-yilgi Olimpiya oʻyinlarini oʻtkazish uchun hamkorlikda Xalqaro olimpiya qoʻmitasiga talabnoma kiritishi mumkin. Bugun dunyoning kamdan kam davlatlarida Moskva va Sankt-Peterburg shaharlaridagidek sport infratuzilmasi bor.
Olimpiya oʻyinlari uchun Rossiya har taraflama munosib, barcha qulayliklarga ega va ishonchli maydon. Xalqaro sport tashkilotlarining rahbarlari uchun ham, shaxsan XOQ prezidenti Tomas Bax uchun ham Rossiya eng maʼqul nomzod boʻlishiga shubha yoʻq.
Futbol boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionati hamda boshqa qator xalqaro sport tadbirlari orqali dunyo hamjamiyati Rossiyaning bu boradagi imkoniyatlari qay darajada yuqori ekanligini biladi va qadrlaydi.
Demak, Olimpiada-2032 nomzodlari safiga yaqin kelajakda Rossiya ham qoʻshilishi ehtimoldan yiroq emas.
Maʼlumki, hozircha har toʻrt yillikning eng katta sport tantanasiga Avstraliya, Indoneziya, Hindiston, Qatar va Germaniya davlatlari mezbonlik qilishni niyat qilib turishibdi. Lekin hali hech bir mamlakat Xalqaro olimpiya qoʻmitasiga rasmiy daʼvogarlik arizasini topshirganicha yoʻq.
Toʻlqin ROʻZIYEV.