Xalq deputatlari Namangan viloyati To'raqo'rg'on tumani kengashi sessiyasida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash, mahsulot ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish masalalari borasidagi masalalar atroflicha muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, tuman aholisi ehtiyojlarini ichki resurslar orqali toʻliq va sifatli taʼminlashga erishish maqsadida oʻtgan yillar davomida oziq-ovqat dasturi doirasida hududiy investitsiya loyihalari amalga oshirish natijasida 245 milliard soʻmlik jami 102 ta loyiha amalga oshirildi.

Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 135 milliard soʻmdan ortiq kredit mablagʻlari ajratildi.

2020-yilda umumiy qiymati 200 milliard soʻmlik 49 ta qishloq xoʻjaligi loyihalari foydalanishga topshirish belgilangan boʻlib, hozirgi kunda 101 milliard soʻmlik, jami 38 ta loyiha foydalanishga topshirildi.

– Tumanda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hisobidan, goʻsht, kartoshka, tuxum, piyoz, sabzi, parranda goʻshti va baliq mahsulotlari toʻliq qoplanadi, un, shakar va oʻsimlik yogʻlarining ehtiyoj uchun yetishmagan qismi boshqa tumanlar va import hisobidan qoplanishi rejalashtirilmoqda, – deydi Toʻraqoʻrgʻon tumani hokimi Zulayxo Mahkamova. – Hududiy korxona va tashkilotlar hamda ijtimoiy soha obyektlari tomonidan joriy yilning 1-dekabr kuniga qadar 4 ming 459 tonna asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlar uchun jami 5 milliard soʻm mablagʻ sarflanishi belgilangan. Mahsulotlarni zaxiraga jamgʻarish uchun jami 10 200 tonna sigʻimga ega 23 ta ombor va sovutgichli kameralar tayyor holatga keltirilgan, bundan tashqari yil yakuniga qadar 7 ta, sigʻimi 2,5 ming tonna boʻlgan muzlatgichli ombor foydalanishga topshiriladi.

Hokimlik tomonidan zaxira tadbirlariga jalb etilgan tayyorlov tashkilotlari bilan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida arzon narxlarda sifatli mahsulot yetkazib berish yuzasidan istisno tariqasida toʻgʻridan-toʻgʻri kontraktatsiya shartnomalari tuzish ishlari samarali tashkil etildi.

Bundan tashqari, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, mahsulotlar narxlarining barqarorligini taʼminlash maqsadida dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalari uchun yetishtirilgan mahsulotlarini vositachisiz toʻgʻridan-toʻgʻri sotish imkoniyatini yaratish maqsadida viloyatdagi 5 ta markaziy dehqon bozorlarida “Elga xizmat rastalari” tashkil etildi.

Shuningdek, aholi tomonidan oʻz xonadonlarida arzon va sifatli oziq-ovqat zaxirasini yaratishlarida amaliy yordam koʻrsatish maqsadida, har bir mahallada oziq-ovqat savdo doʻkonlari va kichik ekobozorlarni tashkil etish boʻyicha tarmoq jadvallari ishlab chiqildi hamda joriy yilning 1-noyabr kunidan qurilish ishlari boshlanadi. Bugungi kunga qadar 11 ta dala doʻkonlari qurilishi boshlab yuborilgan va 2 tasi foydalanishga topshirilgan.