Yuragimga kirib kelgan bahorim

    Madaniyat 26 Aprel 2022 8506

    26-aprel – Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tugʻilgan kun

    Haqiqiy shoirning tugʻilishi ham aslida bahorning tugʻilishi yangligʻ, koʻklam osmonidagi chaqinlarning dunyoga kelishi misol – bir ilohiy, bir samoviy hodisadirkim, bu holatning siru sinoati bilan mazmun-mohiyati Yaratganning oʻzigagina maʼlum.

    Shu maʼnoda, shoirlar osmonu falakda paydo boʻlib, yerda yashaydilar, degan eski naql ham navroʻz kabi yap-yapgi tuyuladi. Bu iqtibosimizning maʼnisi shundan iboratki, jafokash zaminda nimaiki odamzot boshiga tushsa, neki jabru sitamlar uning insonday yashashiga daxl qilsa – barcha-barchasi shoir yuragini timdalab oʻtadi. Insonning maʼnaviy- axloqiy hayotiga, uning kamoli emas, tanazzuliga sabab boʻladigan har qanday yovuzlik shoir qalbining eng ashaddiy dushmanidir. Shu boisdan ovrupolik donishmandlar, dunyoga darz ketsa, eng avval shoir yuragini sindiradi, degan hikmatni qayta-qayta taʼkidlab kelganlar.

    Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tom maʼnoda oʻz xalqi, el-yurtining dardi-armoni bilan yashadi. Uning oʻz qisqa hayotida sheʼr yozmagan, iztirobi, dardlarini qogʻozga toʻkmagan biror kuni yoʻq edi. Mudom oʻychan, oʻz xayollari va ruhiy dunyosi bilan band, hamisha “qovurgʻasining ostida yigʻlayotgan qumri”si bilan ich-ichidan suhbat qilib yurganday boʻlardi. Aslida, bor gap ham shu.

    Yurtim, ado boʻlmas armonlaring bor,

    Toshlarni yigʻlatgan dostonlaring bor.

    Oʻtmishingni oʻylab ogʻriydi jonim,

    Koʻksing toʻla shahid oʻgʻlonlaring bor.

    Bugungi kunda salkam oʻttiz besh million aholisi bor ulugʻvor mamlakatning azim poytaxti Toshkentning qoq markazidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida beqiyos va benazir Adiblar xiyoboni barcha yoshlar, kitobxonlar, sayyohlar va ziyoratchilar bilan hamisha gavjum. Tom maʼnoda, oʻzbek adabiyoti boʻstoniga aylangan koʻrkam maʼvo – Yangi Oʻzbekistonimizning yangi siyosati samarasi oʻlaroq uning millatparvar va adabiyotsevar rahnamosi hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilganiga hech qancha vaqt oʻtgani yoʻq.

    Ushbu bahavo, keng va moʻl adabiyot darsxonasida ulugʻ bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlaridan tortib, alloma shoirlarimiz, jadid adiblari, atigi olti yillar avval sheʼr kuylab, ovozlari yangrab yurgan aziz ustozlarimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripovgacha, shunday qahramon shoirlarimiz qatorida – “Zomin” seminarlaridayoq davlatimiz rahbari nazariga tushgan Muhammad Yusufning oʻychan va magʻrur haykali qaldirgʻochlar qurshovida qad rostlab turibdi. Navqiron sheʼriyatga qoʻyilgan bu qutlugʻ yodgorlik poyidan biror kun, biror soat ham saodatmand oʻgʻil-qizlarimizning qadami uzilmaydi. Shoir xuddi yoshlarga qarata:

    Alp oʻgʻlonlar oʻlkasidir Oʻzbekiston,

    Erkli elning qanotlari, ilm istang.

    Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,

    Alisherning avlodlari, ilm istang, –

    deb, ularni ilm bilan dunyoga chiqishga daʼvat etayotgandek. Ushbu satrlar xuddi kechagina yozilganday – bugun esa, goʻyo shoir uni oʻz muxlislariga oʻqib berayotir. Adabiyotning odam bolalari tarbiyasidagi oʻrni va ahamiyati naqadar beqiyos ekanligi ijtimoiy hayotimizning ayniqsa, keyingi ikki-uch yili misolida koʻz oʻnggimizda bor boʻy-basti bilan namoyon boʻlmoqda. Ochiq aytish kerak, ilgʻor texnologiyalar va moʻjizaviy innovatsion gʻoyalar zamonida yoshlarimizning astoydil zavqu shavq bilan kitobxonlikka qaytayotgani ham, Prezident taʼkidlaganiday “Adabiyot – xalqning yuragi” ekanini roʻy-rost isbotlamoqda.

    Jadid bobolarimizning achchiq qismati, mashaqqatli hayot yoʻli va yurt ozodligi orzu-armonlariga toʻla ijodi Muhammadjon doʻstimizni hamisha iztirobga solgan. Aynan shu mavzuda koʻplab sheʼr va dostonlar bitgan. Ayniqsa, qatagʻon qurbonlari xotirasiga bagʻishlangan “Qora quyosh” dostoni shoirning cheksiz mehr-muhabbati, Vatan farzandlari, millat va davr fojeasiga nisbatan yuksak shoirlik munosabatidir. Misol uchun Abdulhamid Sulaymon Choʻlpon haqidagi sheʼrida shunday dardli satrlarni bitadi:

    Oʻlsa oʻzi oʻlar, Soʻzi oʻlmaydi,

    Hamisha barhayot nasl shoirlar.

    Haqiqiy shoirning qabri boʻlmaydi,

    Yurakka koʻmilar asl shoirlar.

    Umuman, qiyin va qattol tuzumlar iskanjasida oʻn gulidan bir guli ham soʻlmay, yosh ketgan shoirlar, ularning juvonmarg joniyu uvol ketgan umri – ushbu qaygʻuli mavzu Muhammad Yusuf ijodida alohida oʻrin tutadi. Yana Choʻlponga murojaat qiladigan boʻlsak, shoir uning “Koʻklamoyim” sheʼrini nihoyatda yaxshi koʻrar va oʻzi ham xuddi shu sarlavhada sheʼr bitib, choʻlponshunos alloma Ozod Sharafiddinov domlaga chin yurakdan hadya etgan edi.

    Sochimda oq, men bahordan oʻtindim,

    Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.

    Qor qoʻynidan zoʻrgʻa senga yetindim,

    Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.

    Jon ustida asrab yuray koʻkni men,

    Toʻyib-toʻyib koʻzga suray koʻkni men,

    Yana senga yetamanmi, yoʻqmi men,

    Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.

    Yoki Abdulla Qodiriy siymosiga murojaat qilarkan, shoir “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari, bu asarlardagi Otabek, Kumushbibi, Zaynab obrazlariga takror-takror sheʼriy izohlar beradi. Izohlarning oʻzigina emas, bu munosabati bilan mustabid tuzum, istibdod zamonining zulmu zugʻumlari, hasad va fitnakorligiga ham oʻz nafratini bildiradi. Oʻsha zamon jaholat bandalarining manfur basharasini fosh etadi.

    Alhazar, alhazar, ming bor alhazar,

    Ana yurishibdi kiyganlari zar,

    Qodiriyni sotib shoir boʻlganlar,

    Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor.

    Shu oʻrinda adabiy-maʼnaviy hayotimizda katta voqea boʻlgan, millionlab qalblarga keng aks-sado bergan sharafli va tarixiy hujjat haqida toʻxtalmogʻimiz ham qarz, ham farz. Gap shundaki, davlatimiz rahbarining adabiyot va adabiyot ahli, marhum shoir-yozuvchilar nomi-xotirasini munosib qadrlash borasidagi har bir qarori millat tarixi va adabiyotiga boʻlgan eʼtibor va ehtiromning yuksak namunasidir. Misol uchun, Prezidentimizning “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ulkan bir haqiqatning roʻyobga chiqishida, adabiyotimizning shu paytgacha nomaʼlum boʻlgan qatagʻon davri sahifalarini oʻrganib, keng xalq ommasi yetkizish borasida ham muhim ahamiyat kasb etdi.

    Muhammadjon Usmon Nosirni, uning betakror ijodini sidqidildan yaxshi koʻrardi. “Usmonning qismatin bu Oʻzbekiston Bilgay kunlar hali kelmogʻi bordir”, deb yozganiday, bagʻishlovlari, sheʼru dostonlarida Usmon Nosir qismatini kuylarkan, “bargday uzilib ketgan” shoir nomi, xotirasi ulugʻ elda yuksak qadrlanadigan vaqtlar kelishiga chin yurakdan ishongan edi.

    Shu oʻrinda oʻtgan asrning kunbotar pallasi – mustabid tuzumning tanazzuliga yaqin bir vaqtda, 1988-yilning iyul oyida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tuzilgan komissiya tarkibida Naim Karimov, Xojiakbar Shayxov, Usmon Azim va Nodira Rashidovalar bilan Muhammad Yusuf ham Usmon Nosirning qabrini izlab, olis Sibirning Kemerovo oʻlkasiga safar qilganini eslab oʻtmoq joiz. Shu safar taassurotlari natijasida bitilgan Muhammad Yusuf qalamiga mansub “Usmon Nosirni izlab...” maqolasi hajman uncha salmoqli boʻlmasa-da adabiy-tarixiy hujjat sifatida nihoyatda muhimdir. Mana, oʻsha dardli safarnomadan bir parcha:

    “...Sibirda dafn etilgan Oʻzbek shoiri Usmon Nosirning qabrini ziyorat qilib kelishga otlandik. Oʻrmonlar orasidagi Kemerovo, keyin esa, bir paytlar savdogarlar shahri boʻlgan Mariinskka yetib oldik. Shoirning soʻnggi maskani – Suslovo qishlogʻiga ozgina qolganda safimiz yana ham kengaydi. Nihoyat, bizni kutib turgan qishloq ahliga qoʻshilib, bepoyon dala-mozorga ham yetib keldik. Bu yerda qancha odam yotganini hech kim aniq bilmaydi. Ehtimol, bir ming, ehtimol oʻn ming odam bir-birini quchoqlab, tuproqqa qorishib yotgandir. Ularning orasida barcha millat farzandlari bor. Ularning orasida bizning Usmon Nosir ham bor... Toʻgʻrisini aytsam, to shu yerga yetib kelguncha har xil oʻyga bordim. Rostdan ham, Usmon Nosir bundami? Axir, shu paytgacha uni Magadanda qolib ketgan deyishardi-ku? Mana, oʻsha qatagʻon yillari lagerda ishlagan ayolni topdim. Uning familiyasi oʻsha davrga mos – Sirota. Unga Uygʻun, Usmon Nosir, Amin Umariy birga tushgan suratni koʻrsatamiz. Mana, – deydi u hech ikkilanmay Usmon Nosirni koʻrsatib, - bizning kutubxonada ishlagan shoir. U nihoyatda koʻrkam, nihoyatda kamgap va... ozgʻin edi!..”

    Shoirning bu esdalik-maqolasi bugungi kunda ham juda dolzarb. Ayniqsa, Prezidentimizning qaroridan keyin Usmon Nosir hayoti va ijodini oʻrganishda bu yangligʻ hujjatli maʼlumotlar naqadar zarur va oʻta muhimligini alohida taʼkidlash joiz.

    Muhammad Yusuf tom maʼnoda milliy shoir, shu bilan bir qatorda umumbashariy ezgu gʻoyalarni tarannum etgani bilan baynalmilal ijodkor hamdir. Uning insoniyat boshiga ofat keltirguvchi yovuzliklar, baloyu qazo va urush kulfatlarining fojeaviy oqibatlari, tinchlik va omonlikning qadr-qimmati va shukronasi tasvirlangan sheʼrlari ijodining salmoqli qismini tashkil etadi. Shu boisdan boshqa ellar, oʻlkalarda, qardoshlar va tildoshlar diyorida ham uning sheʼrlarini sevib oʻqishadi. Uzoqqa bormaylik, yaqindagina Turkiya Respublikasining Anqara shahrida shoirimiz ijodiga bagʻishlab oʻtkazilgan bir xalqaro adabiy anjuman fikrimizning dalili boʻla oladi.

    Gap shundaki, Xalqaro Turkiy Madaniyat Tashkiloti (TURKSOY) va Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti jamoasi hamkorligida Muhammad Yusuf sheʼrlari va dostonlari “Muhammed Yusuf secmeler” nomi bilan turk tiliga tarjima qilinib, yaxlit kitob holida nashr etildi. Shu munosabat bilan TURKSOY bosh qarorgohida boʻlib oʻtgan taqdimot marosimida oʻzbek adabiyotining keng targʻib qilinayotgani, xususan, Muhammad Yusuf asarlarining turkiy dunyodagi oʻrni haqida ham fikrlar bildirilgani xalqaro adabiy aloqalarimizning tobora rivojlanayotganining isboti boʻldi.

    Ustoz Abdulla Oripov Muhammadjonni juda yaxshi koʻrardi. Har xil doʻst-nodoʻstlardan uni ehtiyot qilib, asrab-avaylab yurardi. Xususan, “Betakror shoir” deb nomlangan maqolasida suyukli shogirdi haqida shunday iliq va mehrli soʻzlarni bitgan edi:

    “Chinakam shoirning qalbida allaqanday sohir qush sayrab turadi, degan gapni koʻp bora eshitgandik. Oʻsha qush aynan Muhammadjonning, Muhammad Yusufning yuragida oshyon qurganiga men astoydil ishonganman. Uning koʻzlari ham, chehrasi ham hamisha latif bir kuyni xonish qilganday edi... Muhammadjon yaxshi inson edi. Yaxshi insonlarga esa, boshqalar hamisha talpinadilar. Odamdan odam uzoqlashishini Xudoyim hech kimga koʻrsatmasin”.

    ...Har yili koʻklamning avj pallasida, hazrati Bobur aytganiday, bahor ayyomida biz hammamiz benazir shoirimiz Muhammad Yusufning tavallud sanasini nishonlaymiz. Qizgʻaldoqlar sochilgan Adiblar xiyobonidagi shoir haykali ham qaldirgʻochlar qurshovida, ularning vijir-vijir valfajrlari joʻrligida xuddi hoziroq sheʼr oʻqib yuboradiganday...

    Oltin beshik uzra allalar aytib,

    Hamisha bedorim – onaizorim.

    Jilgʻasin jaranggi tongda uygʻotib,

    Yuragimga kirib kelgan bahorim!..

    Sirojiddin SAYYID,

    Oʻzbekiston xalq shoiri