3 ta viloyatda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi

    Samarqand, Andijon va Jizzax viloyatlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgan shaxslar ushlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kattaqoʻrgʻon va Pastdargʻom tumani boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda ushbu hududlardagi “F.Z.” fermer xoʻjaligi rahbari G.X. hamda YATT E.N. elektr suv nasoslarini tijorat maqsadida tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulab, jami 217,4 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

    Shuningdek, Departamentning Andijon shahri va Baliqchi tumani boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda fuqaro X.K. va “S.V.” MCHJ masʼul shaxslari tijorat maqsadida oʻzlariga tegishli savdo doʻkonlarini umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, jami 214,5 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

    Departamentning Jizzax shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro B.B. yashash xonadonida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga ulanib, ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanib kelib, jami 151,8 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.