3 ta viloyatda tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi

    Andijon, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boʻlimlari ishtirokida tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish boʻyicha tezkor tadbir oʻtkazilib, jinoyatchilar tegishli tartibda ushlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahar boʻlimi va “Oʻzenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “M-x.” MCHJ masʼul va boshqalar oʻzaro til biriktirib, Islomobod MFY, Toshkent koʻchasi joylashgan toshni qayta ishlash sexida oʻrnatilgan elektr hisoblash uskunasining muhrlarini buzib, xotirasiga tashqi taʼsir oʻtkazish orqali tijorat maqsadida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,2 mlrd soʻm zarar yetkazganligi aniqlandi.

    Xuddi shunday, Andijon shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan yana bir tezkor tadbirda “Z.B.” MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar oʻzaro til biriktirib, Andijon tumanidagi dori ishlab chiqarish sexida oʻrnatilgan elektr hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir oʻtkazish orqali tijorat maqsadida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 745,3 mln soʻm zarar yetkazganligi aniqlandi.

    Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va “Oʻzenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “M.B.” fermer xoʻjaligi rahbari X.X. va boshqalar Qarshi shahri, Nasaf koʻchasidagi ishlab chiqarish sexida umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga 5 dona pech va qozonlarni oʻzboshimchalik bilan ulab, tijorat maqsadida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 761,6 mln soʻm zarar yetkazganligi aniqlandi.

    Shuningdek, Departamentning Yunusobod tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro I.T. Yangi Yunusobod koʻchasida umumiy ovqatlanish shoxobchasini tashkil qilib, tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, jami 488,9 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169 moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.