Prezidentimizning 2023-yil 23-martdagi tegishli farmoni bilan 2024-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxati e’lon qilindi. 

Mazkur hujjatda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning amaliyotdagi aksini tadqiq etish maqsadida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda 36 turdagi tovarga bojxona bojining nol stavkasi belgilanishi narxlarga qanday ta’sir etganini o‘rganib, narxlarning o‘zgarishini tahlil qildi.

Tahlil uchun boj to‘lovchi va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli mahalliy supermarketlardagi narxlar asos qilib olindi. Jumladan, 96 turdagi 3120 ta iste’mol tovarlari bo‘yicha statistika data-scraping yo‘li bilan yuklab olindi. Har bir tovar turi bo‘yicha narxlar fevral va mart oyining oxiri uchun solishtirildi. 

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, bojxona tariflarining tushirilishi ba’zi narxlarning tegishli ravishda tushishiga olib kelgan.

Jumladan, shokolad mahsulotlari o‘rtacha 463 so‘mga, sabzavot va meva konservalari 802 so‘mga, go‘sht konservalari 1164 so‘mga, mol go‘shti – 375 so‘mga, vafli shirinliklari 415 so‘mga, brinza 275 so‘mga arzonlashgan. 

Shu bilan birga, bojxona bojlari tushirilgan boshqa turdagi mahsulotlarning narxlarida hozircha o‘zgarish bo‘lmagani aniqlandi. Jumladan, soqol olish vositalari, yormalar, yogurt, qaymoq, tvorog kabi sut mahsulotlari narxi o‘zgarmagan. Soch yuvish vositalari, choy va qahva, sabzavot, murabbo va souslar narxi esa biroz oshgan. 

Bunday holat import inflyatsiyasining bojdan tashqari omillari ta’siri kuchli ekanligi yoki bu mahsulotlar orasida ko‘plariga talab ichki ishlab chiqarish hisobiga qondirilayotgani bilan izohlanishi mumkin. 

Tegishli ravishda, narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan keyingi chora-tadbirlar raqobat muhitini rivojlantirishga yo‘naltirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.