Ushbu bayram har yili oktyabr oyining 4 sanasida nishonlanadi. 1931-yili Italiyaning Florensiya shahrida hayvonlarni muhofaza qilish harakati tarafdorlarining xalqaro kongressi oʻtkazilib, unda mazkur bayramni nishonlashga kelishib olingan. Xalqaro Yovvoyi tabiatni himoya qilish jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, har kuni yer yuzidan jonivorlarning 3 tadan turi yoʻqolib ketmoqda. Soʻnggi chorak asr davomida sayyoramizning biologik xilma-xilligi 30 foizga qisqargan.

Jonivorlarning hayotiga tahdid soladigan bir qancha omilar borki, afsuski, ular inson faoliyati bilan bogʻliq. Brakonyerlik, hayvonlarning noqonuniy savdosi yer yuzida millionlar hayvonlarning noyob turlarining butunlay yoʻq boʻlib ketishiga sabab boʻlyapti.

Mazkur ekologik sana hayvonlar ham eʼtibor va mehrga muhtojligini, ularni asrash Ona tabiatni asrash bilan baravar ekanligini eslatib turadi. Biz har doim jonivorlarning meʼyorida hayot kechirishi, koʻpayishi uchun qoʻlimizdan kelguncha yordamimizni ayamasak, biologik xilma-xillik barqarorligiga hissa qoʻshgan boʻlamiz, deb xabar beradi Davlat ekologiya qoʻmitasi axborot xizmati.