Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor o‘pka va yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.
Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi fuqaro shu yil 30-martida tez tibbiy yordam orqali og‘ir ahvolda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga barcha zarur muolajalar ko‘rsatilgan. 31-martda bemor ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida respublika Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga o‘tkazilgan. Zudlik bilan amalga oshirilgan laborator tahlil natijasi unda koronavirus infeksiyasi borligini tasdiqlagan.
40 yoshli bemor ushbu klinikaning reanimatsiya bo‘limida sun'iy nafas olish apparatida bo‘lgan. Davolanish davrida tibbiyot fanlari doktori, professor A. Xadjibaev rahbarligida Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh pulmonologi, professor I. Liverko, yetakchi reanimatologlar D. Sobirov va X. Sattarov ishtirokida videoaloqa orqali kerakli tavsiyalar berib borilgan. Bundan tashqari, davolash standartlariga muvofiq, virusga qarshi, antibakterial, infuzion, mukolitik, simptomatik va respirator terapiya muolajalari ham olib borilgan.
Biroq o‘tkazilgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan kecha oqshom bemorning ahvoli keskin yomonlashgan. yetakchi reanimatolog va bosh torakal xirurg Sh. Xudoybergenov boshchiligidagi mutaxassislardan kerakli tavsiyalar ham olingan. Berilgan tavsiyalarni to‘liq bajarilishiga qaramasdan bemorda yurak va o‘pka yetishmovchiligi sabab yurak faoliyati to‘xtashi kuzatilgan, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.