Bu markazga uch yil oldin 5 million dollarga olib berilgan zamonaviy laboratoriya va simulyatsiya uskunalari bir kun ham ishlatilmagani qayd etildi.
Endokrin kasalliklarning dorisi uchun har yili 100 milliard soʻm ajratilmoqda. Lekin qalqonsimon bez kasalligi Qoraqalpogʻiston, Samarqand, Surxondaryo va Jizzaxda yuqoriligicha qolmoqda.
Endokrinologiya markazi xizmatlarning narxini bir yilda 35 foizga oshirgan, lekin kasalliklarning profilaktikasini oʻylagani yoʻq.
Bugun xususiy klinikalar davlat shifoxonalari bilan tengma-teng turib, ayrim yuqori texnologik xizmatlar boʻyicha oldinga ham oʻtib ketgani taʼkidlandi.
Masalan, jarrohlikda robot texnologiyalari ham birinchilardan boʻlib xususiy sektorda qoʻllandi. Lekin Neyroxirurgiya, Xirurgiya markazlarining esa robot yordamidagi operatsiyalarni qachon yoʻlga qoʻyish boʻyicha rejasi yoʻq.
Yaqinda Respublika onkologiya markazi rahbari ishdan olinib, oʻrniga Turkiyadan malakali boshqaruvchi qoʻyildi. Bu markazga Fransiyaning dunyo tan olgan “Gustav Russi” klinikasi ham jalb qilindi. Ularning klinik protokollarini tatbiq etish boshlanadi.
«Barcha markaz rahbarlari eshitib olsin: markazlar shaxsiy mulk emas, ularning barchasi davlatniki, xalqniki!
Har bir markaz rahbari xulosa chiqarib, oʻziga bir yillik katta reja olishi kerak. Ular uch oyda xorijdan hamkor topib, oʻzi oʻzgarish qiladi yoki bu ishni ularsiz qilamiz», – dedi Prezidentimiz.
Viloyat, tuman tibbiyot rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlari ham haligacha eskicha yondashuv, eskicha uslubda ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Hududlarga qancha mashaqqatlar bilan olib kelingan uskunalar toʻliq ishlatilmayapti, ayrimlarining qadogʻi hali ochilmagan.
Misol uchun, Gurlan tumani shifoxonasiga 300 ming dollarga olib berilgan MSKT apparati quvvatiga nisbatan atigi 9 foizga xizmat koʻrsatyapti. Yoki Navoiy viloyat shoshilinch markazidagi qariyb 1 million dollar turadigan angiograf 4 foiz yuklama bilan ishlamoqda.
Ularning masʼullari xususiy klinikalarga borib, tadbirkorlar bunday apparatlarni qanday samarali ishlatayotganini koʻrishi, oʻrganishi kerakligi qayd etildi.









