Taʼlim sifatini oshirish maqsadida respublika boʻyicha 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablar oʻquv dasturi, baholash tizimi joriy etiladi. Bunda Prezident va ixtisoslashgan maktablar ularga “tayanch maktab” boʻladi.

Bir yilda ularning ishi baholanib, yangi tizimni samarali qoʻllagan oʻqituvchilarga 40 foizgacha ustama beriladi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziriga viloyat hokimlari bilan birga kelasi yildan ushbu 500 ta maktabning har biriga 3 tadan maktabni biriktirib, yangi tizimni yoʻlga qoʻyish topshirildi. Bu ishlar orqali yana 1,5 mingta maktabga Prezident va ixtisoslashgan maktablar metodikasi, muhiti kirib boradi.

Umuman, kelgusi besh yilda ushbu tizim barcha maktablarda joriy qilinishi belgilandi.

Bu yilda maktablarda dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egalari” olib kelindi. Yangi tizim joriy qilinadigan maktablar koʻpayishini hisobga olib, kelgusi yilda yana 1,5 ming mutaxassis olib kelinadi.

Maktablarni kompyuter sinflari bilan jihozlashga respublika byudjetidan 320 milliard soʻm ajratilib, maktablarga 40 mingga yaqin kompyuterlar olib berildi.

Yangi oʻquv yilida ushbu maqsadlar uchun respublika byudjetidan 200 milliard soʻm, mahalliy byudjetlardan yana 200 milliard soʻm ajratiladi.