28-fevraldan 7-martga qadar 19 ta aviareys tashkillashtirildi hamda urush boʻlayotgan joylardan 4 359 nafar vatandoshimiz qaytarildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining axborotiga koʻra, 7-mart kuni yana bitta reysni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Polsha hududida mamlakatimizning 350 dan ortiq fuqarosi qolmoqda. Ulardan 80 nafari Polsha davlat chegarasidagi toʻplanish nuqtasiga, qariyb 270 nafari esa Katovitse aeroportiga joylashtirilgan.
Oʻzbekistonning Ukrainadagi Elchixonasi vatandoshlar bilan doimiy muloqot olib bormoqda. Diplomatlar Ukrainaning turli nuqtalarida, shu jumladan, jang harakatlari davom etayotgan hududlarda boʻlib, fuqarolarimizni evakuatsiya qilish ishlarini amalga oshirmoqdalar.