Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi, Urganch davlat universiteti, Maʼmun akademiyasi tadqiqotchilari, Xorazm namunali maqom ansambli, Ixtisoslashtirilgan musiqa va sanʼat maktabi hamda maqom ustozlari bilan hamkorlikda Xorazm vohasida urfga aylangan maqomlarning azaliy namunalari qayta tiklab, toʻldirib, zamonaviy nota nashri yaratdilar.
1949-yilda ustoz sanʼatkorlar Komiljon Otaniyozov, Karimjon Ismoilov, Abdusharif Otajonovlar tomonidan boshlangan ish nihoyat yakunlandi. Xorazm urfiy maqomlarining tarixiy-nazariy maʼlumotlari, nota yozuvlari, Xorazm namunaviy maqom ansambli tomonidan qaytadan toʻldirib ijro etilgan namunalari Oʻzbekiston teleradio kompaniyasi “Toshkent radioeshittirish uyida” 4 yil mobaynida yozib olindi. Ular kitob, MR3 disk va har bir maqom alohida video tasmalarga muhrlanib, nashr etildi.