8150 ta yangi standart qabul qilinib, 2013 ta mezon amaliyotdan chiqariladi

    Sohaning yuqori aniqlikdagi asboblar bilan ta'minlanishi 2,1 barobarga ortib, 10 ta yangi kalibrlash laboratoriyalari faoliyati yo'lga qo'yildi.

    Mahsulotlar sifati va raqobatdoshligini oshirish uchun milliy standartlarni jahon talablariga moslashtirish hamda korxonalarga joriy qilish juda muhim hisoblanadi. 2020-yilning o'zida xalqaro talablar bilan uyg'unlashgan 6 ming 79 ta standart qabul qilinib, 3 ming 837 tasi qayta ko'rib chiqildi. Natijada bunday standartlar soni 14 ming 858 taga yetkazildi. O'z navbatida, tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida bozor iqtisodiyoti mexanizmlariga salbiy ta'sir ko'rsatadigan va ma'nan eskirgan 6 ming 81 ta standart amaliyotdan chiqarildi va 3 ming 837 tasi qayta ko'rib chiqildi.

    Chunki, zamonaviy iqtisodiy taraqqiyotda iste'molchilarga taqdim etilayotgan mahsulotlarning sifatini kafolatlash talabi keskin ortib bormoqda. Ular bilan uzviy bog'liq bo'lgan mahsulotlar va ishlab chiqarish jarayonlari xavfsizligi masalalari ham dolzarb ahamiyat kasb etyapti. Binobarin, ichki bozorni sifati va xavfsizligi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me'yoriy hujjat talablariga javob bermaydigan mahsulotlardan himoya qilish har qanday davlatning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

    Institutsional negizlar

    So'nggi yillarda O'zbekistonda hukumatning qo'llab-quvvatlashi natijasida texnik jihatdan tartibga solish tizimining institutsional asoslari yaratildi. Prezidentimizning 2017-yil 28-apreldagi “O'zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo'lyapti. Mazkur hujjat asosida ISO xalqaro tashkiloti standartlarini qabul qilish yanada mustahkamlandi, sinov va o'lchash laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasi yaxshilandi.

    Milliy etalonlar bazasini rivojlantirish uchun esa 248,87 ming AQSH dollarilik fotometirik o'lchashlar uchun qurulma xarid qilindi. Bu bilan tibbiyot va farmasevtika sohalarida foydalaniladigan qon va immuno-ferment analizator, kolorimetr, refraktometr va lyuksmetrlarni metrologik tekshiruvdan o'tkazish yo'lga qo'yildi. Umuman olganda, mazkur sohaning yuqori aniqlikdagi asboblar bilan ta'minlanishi 2,1 barobarga ortib, sanoat korxonalari metrologik tekshiruvni to'liq qamrab olish samaradorligi tubdan yaxshilanib boryapti. Shuning barobarida, 10 ta yangi kalibrlash laboratoriyalari faoliyati yo'lga qo'yildi.

    2017-yilda tashkil etilgan O'zbekiston milliy metrologiya instituti bugungi kunda xalqaro tashkilotlar BIPM (xalqaro tashkilot), COOMET (Evro-osiyo tashkiloti), APMP (Tinch okean mintaqasi tashkiloti), ILAC (Akkreditatsiya bo'yicha xalqaro tashkilot) tomonidan tan olindi.

    2020-yilning aprel oyida “Metrologiya to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi. Bu bilan metrologiyaga oid qoidalar xalqaro talablar bilan muvofiqlashtirildi hamda xususiy biznes subнektlarini metrologik xizmatlar ko'rsatish faoliyatiga jalb etish, jumladan, o'lchash vositalarini kalibrlashdan o'tkazish imkoniyati paydo bo'ldi. Xalqaro ekspertlar jalb qilinib, kalibrlashning yangi uslublari bo'yicha 35 ta mutaxassisning tayyorlanishi hisobiga yangi metrologik infratuzilma asoslari yaratildi.

    2018-yilda tashkil etilgan Standartlashtirish institutida so'nggi ikki yilda 14 mingdan ko'proq standartlar xalqaro normalar bilan uyg'unlashtirilib, 5,3 mingta ma'nan eskirgan standartlar bekor qilindi.

    Sрuningdek 2019-yildan buyon faoliyat ko'rsatayotgan O'zbekiston Akkreditatsiya markazi qisqa vaqt davomida – muvofiqlikni baholash idoralarini akkreditatsiya qilish Butun jahon uyushmasi IAF ning to'laqonli va laboratoriyalarni akkreditatsiyalash bo'yicha xalqaro tashkilot ILAC ning muxbir a'zosi bo'ldi.

    Bugungi kunda O'zbekistonda Akkreditatsiya tizimida 64 ta xalqaro standart qabul qilingan bo'lsa, 32 ta malakali mutaxassis tayyorlandi. Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, 82 ta asosiy hujjat ishlab chiqildi. Bu esa akkreditatsiya bo'yicha milliy idoraning xalqaro hamjamiyatda to'laqonli faoliyat ko'rsatishiga imkoniyat yaratdi.

    Texnik tartibga solish va standartlar

    Mahsulot sifati va xavfsizligi yaqin paytga qadar standartlar asosida belgilangan. SHu bilan birga, mahsulotlarning xavfsizligiga yagona talablarni o'rnatilishini ta'minlanishi xalqaro tashkilotlarga uyg'unlashuv jarayoning kuchayishi bilan alohida dolzarblik kasb etmoqda.

    Sрu munosabat bilan islohotlarning mazkur bosqichida mahsulot xavfsizligi nazoratiga asoslangan texnik jihatdan tartibga solish tizimi normativ bazasini takomillashtirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyat kasb etadi. Sрu bois keyingi yillarda xalqaro norma va standartlar negizida 36 ta texnik reglament ishlab chiqilib, ularning umumiy soni 53 taga etkazildi. Ularning qabul qilinishi bilan qariyb 2 mingga yaqin standart ixtiyoriylikka o'tkazildi va mahsulotlarning ushbu turlarining sifat nazorati, ishlab chiqaruvchi va savdo tarmoqlari tomonidan xaridorlar ehtiyojidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

    Prezidentimiz 2020-yilning 28-sentyabr kuni o'tkazilgan yig'ilishda agentligimizning boshqa yo'nalishlari kabi texnik jihatdan tartibga solishni Yevropa va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi talablariga moslashtirishni asosiy vazifa sifatida belgilab bergan edi. Mazkur vazifani bajarish borasida qabul qilish uchun 27 ta texnik tartibga solish loyihalari xalqaro (Yevropa ittifoqi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi) hujjatlari negizida ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

    Sinov laboratoriyalari va menejment tizimlari

    Sertifikatlashtirish va sinovlar bo'yicha xizmat ko'rsatuvchi milliy infratuzilma yaratilganligiga ko'p vaqt bo'lgani yo'q. Bugungi kunda yurtimizda 51 ta xususiy sertifikatlashtirish idorasi hamda 268 ta sinov laboratoriyasi faoliyat ko'rsatmoqda. Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorij bozorlariga olib chiqish uchun sharoit yaratish maqsadida 12 ta sinov laboratoriyasi xalqaro darajada akkreditlangan.

    O'zbekiston Respublikasida vakolatxonasi mavjud bo'lgan 9 ta menejment tizimlarini sertifikatlashtirish idoralari xalqaro hamkorlik doirasida faoliyat ko'rsatmoqda. Ular jumlasiga SGS (Shveytsariya), TUV (Germaniya), Control Union (Niderlandы), RINA, DQS Quality Systems (Italiya), EuroCert (Gretsiya), Astraia Manajment, Sert Manegement (Slovakiya), Russkiy Registr (Rossiya) kiradi.

    Yurtimizning 3 ta menejment tizimlarini sertifikatlashtirish idorasi – “Management Certification”, “Central Asia Certification”, “Cert International” kompaniyalari xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o'tdi. Xususan, “Cert International” Qirg'iziston, Qozog'iston va Rossiya Federatsiyasi menejment tizimlarini sertifikatlashtirish bo'yicha ish olib bormoqda.

    Menejment tizimlariga tegishli amaldagi barcha standartlar (ISO 9001, 14000, 22000, 45001, Global G.A.P., Sedex, BSCI, GOTS) O'zbekistonda qabul qilingan bo'lib, tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan joriy qilinmoqda. Natijada 10 mingta korxonada mahsulot ishlab chiqarishning to'liq zanjiri bo'yicha jarayonlar nazoratiga asoslangan sifat menejmenti tizimlari joriy qilindi. Ularning 305 tasi oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi standartlariga, 229 ta fermer xo'jaligi Global G.A.P. va Organic standartiga va 63 ta korxona gazlama tarmog'ida qo'llaniladigan Sedex, BSCI, Oeko-Tex-100, GOTS standartlariga muvofiqlik sertifikatiga ega bo'ldi.

    Tadbirkorlik sub'ektlari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida xalqaro tajriba hisobga olingan holda, respublikada Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik tashkilotining 37 mamlakatidan import qilinadigan xom ashyo materiallari, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun materiallar va boshqa mahsulotlarni sertifikatlashtirish bekor qilinishi hisobiga uning soddalashtirilgan tartiblari joriy qilingan.

    Qonun ijodkorligi sohasidagi ishlar

    Faoliyatning u yoki bu sohasidagi har qanday islohot qonunchilikni qayta ko'rib chiqish yoki takomillashtirishni talab qiladi. SHu bois mamlakatimizning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish borasidagi ishlar boshlab yuborildi. Shu munosabat bilan USAID (AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi) hamda BMT Taraqqiyot dasturi va Xalqaro savdo markazi kabi xalqaro tashkilotlar mutaxassislari jalb qilindi.

    Hamkorlikdagi faoliyat natijasida yuqorida qayd etilgan “Metrologiya to'g'risida”gi yangi tahrirdagi qonun qabul qilindi, xalqaro normalar negizida ishlab chiqilgan “Standartlashtirish to'g'risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o'tdi va shu kunlarda q xalqaro ekspertlar tomonidan ko'rib chiqilyapti.

    Bundan tashqari xalqaro ekspertlar jalb qilingan holda, texnik jihatdan tartibga solish, muvofiqlikni baholash va akkreditatsiya sohalarida uchta qonun hujjati yangi tahrirda tayyorlandi. Ularda printsipial yangicha yondoshuvlar ko'zda tutilgan bo'lib, asosiy urg'u tayyor mahsulotni sertifikatlashtirishdan, tegishli o'tish davrini beogilashdan tortib,,tahdidlarni toifalashtirgan holda, bozorni nazorat qilishning amaliy mexanizmlarining huquqiy asoslarini yaratishgacha bo'lgan jarayonlarning nazarda tutilgan.

    Qonunlarning yangi tahrirda qabul qilinishi va ularning amalga kiritilishi vakolatli organlar tashkiliy tuzilmasini xalqaro tan olingan tajriba va talablar, shu jumladan, tartibga soluvchi organlar vakolatlarini Jahon savdo tashkilotning savdodagi texnik to'siqlar va sanitar va fitosanitar choralar bo'yicha kelishuvlari normalariga muvofiq qonunchilik doirasida aniq belgilanishiga ham imkon beradi.

    Texnik jihatdan tartibga solish sohasida faoliyat turlarini institutsional takomillashtirilish va muvofiqlikni baholash organlarining akkreditatsiya sohasidagi munosabatlarini xalqaro standartlar negizida mukammallashtirilishini ta'minlaydi. Shuningdek, mahsulot muvofiqligini tasdiqlashning amaldagi tartibotlarini JST, EI va EOII xalqaro me'yorlari nuqtai-nazaridan qayta ko'rib chiqishda ko'maklashadi.

    Umuman olganda, texnik jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish yo'nalishida boshlangan va amalga oshirilayotgan hatti-harakatlar O'zbekistonga jahon mahsulot va xizmatlar bozori bilan faol hamkorlik qilish va iqtisodiyotni samarali rivojlantirishga keng yo'l ochadi. eng asosiysi, ortiqcha ma'muriy to'siqlarni bartaraf qilish, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirish, sanoatni zamonaviylashtirish, ishlab chiqarish va iste'mol jarayonlari xavfsizligini ta'minlash, mamlakat tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga imkoniyat yaratadi.

    Prezidentimizning mahsulotlar sifati va raqobatdoshligini oshirish uchun milliy standartlarni jahon talablariga moslashtirish hamda korxonalarga joriy qilish bo'yicha bergan topshiriqlari yuzasidan belgilangan vazifalar davom etiriladi. Joriy yilda 8150 ta yangi standartni qabul qilish rejalashtirilgan bo'lib, ularnig barchasi xalqaro me'yor va qoidalar bilan uyg'unlashtiriladi. Bozor iqtisodiyoti mexanizmlariga salbiy ta'sir ko'rsatadigan va ma'nan eskirgan 2013 ta standart esa amaliyotdan chiqariladi. Bu bilan amalda foydalanilayotgan standartlarni xalqaro standartlar bilan uyg'unlashish darajasi 50 foizdan oshadi va mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari yangi bosqichga ko'tariladi, eksport salohiyatining oshishiga sezilarli darajada ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

    Dilshod SATTOROV,

    “O'zstandart” agentligi bosh direktori