Bu haqda Yevropaning ommabop Euronews telekanali veb-saytida eʼlon qilingan Oʻzbekistonda xususiy aviatsiyani rivojlanishiga bagʻishlangan tahliliy maqolada maʼlum qilindi.

Nashrda taʼkidlanishicha, yangi aviakompaniya Samarqandga chet ellik mehmonlarni yanada koʻproq jalb qilishga yordam beradi.

“Yangi aviakompaniyani yaratish odatda maʼlum bir tijorat xavfini keltirib chiqaradi. Ammo «Air Samarkand” kompaniyasiga kelsak, bizda sayyohlar va ishbilarmon mehmonlarni jalb qilish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Bizning jahon darajasidagi maktablarimiz va universitetlarimiz ushbu mintaqaga butun dunyodan talabalarni jalb qiladi. “Air Samarkand” Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi yangi sayyohlik, madaniy, biznes va taʼlim markazi sifatida rivojlanishiga yordam beradi», - deya “Air Samarkand” kompaniyasi bosh direktori Anton Xodjayan soʻzlaridan iqtibos keltirgan manba.

Maqolada keyingi 12 oy ichida “Air Samarkand” Samarqanddan bir qator yoʻnalishlarga charter va rejali reyslarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirayotgani qayd etilgan. Jumladan, kelgusi yil boshida Turkiya, Vyetnam, Malayziya, Indoneziya va Xitoy shaharlariga parvozlar boshlanadi va ularga Yevropa shaharlari ham qoʻshiladi.

“Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar turizm sohasida xususiy tashabbuslarning sezilarli darajada oshishiga olib keldi. Samarqanddagi xususiy kapital «Air Samarkand” kabi yangi aviakompaniyalarni rivojlantirish orqali shahar aeroporti va transport aloqalarini yaxshilash imkonini bermoqda. Ushbu tashabbus Samarqandning turizm, savdo, ilmiy tadqiqotlar va boshqa faoliyatni rivojlantirish salohiyatini ochishga qaratilgan», - deyiladi materialda.

Maqola xulosasida “zamonaviy aeroport, sayyohlik majmuasi qurilishi va yangi aviakompaniyalarning ishga tushirilishi Samarqand shahrining dunyo sayyohlik xaritasidan munosib oʻrin egallashiga mustahkam poydevor yaratayapti”, - deb yozgan “Euronews”