Vazir P.Burianni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili sifatidagi missiyasini muvaffaqiyatli yakunlayotgani bilan tabriklab, uning Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qoʻshgan shaxsiy hissasini taʼkidladi.

Muzokaralar davomida tomonlar soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy muloqoti va har tomonlama hamkorligi sezilarli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi konstruktiv aloqalarni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida boʻlajak qoʻshma tadbirlar, jumladan, siyosat va xavfsizlik masalalari boʻyicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi muloqoti hamda “Oʻzbekiston Respublikasi – Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashi yigʻilishlari jadvali koʻrib chiqildi, deya xabar qiladi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Joriy yil iyul oyida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ishlarining borishi yuzasidan ham fikr yuritildi.

Muzokaralarda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrian ishtirok etdi.