Amir Temur va temuriylar davrida ham aholining kitobxonlik mutolaasi va madaniyatini oshirishga alohida e'tibor berilgan. Temuriylar Renessansi deb ataladigan bu davrda saltanatdagi katta-kichik shaharlarda ko'plab kutubxonalar barpo etilgan. Zotan, Buyuk Sohibqiron Amir Temur “Kitob barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql – idrokning, ilmu donishning asosi, hayotni o'rgatuvchi murabbiy”, deb bilgan. SHuning uchun Amir Temur va uning avlodlari kitobsevar bo'lishgan.
Temuriy Sulton Husayn Boyqaro davrida ham mamlakatda kutubxonalar ko'paygan. Ayniqsa, bu davrda ziyolilar xonadonlarida kitobxonlik kechalari o'tkazish an'anaga aylangan. Buyuk mutafakkir va shoir Abdurahmon Jomiy xonadonida ham tez-tez kitobxonlik kechalari tashkil etilgan. Manbalarda yozilishicha, ushbu yig'inlarda Xurosonning sayyidlari, ulamolari, olimlari, shoirlari, ziyolilari qatori Hazrat Alisher Navoiy ham ishtirok etgan. Hatto Jomiyning majlislarida sulton va shahzodalar qatnashganligi xususida ma'lumotlar mavjud.
Naql qilinishicha, bahor kunlaridan birida Jomiy huzurida yig'ilgan shoirlaru allomalar, xonandayu sozandalar davrasida o'tgan buyuk zotlarning “Xamsa” kitoblari haqida bahs borar ekan, gap Nizomiy bilan Xusrav Dehlaviy kitoblariga taqaladi. Ana shunda hirotlik shoirlar ikkala ijodkor asarlarining jahondagi shonu shuhrati, ular yaratgan “Xamsa”larning olam ahliga manzurligi haqida e'tiborli fikrlar bildirishadi. Ayniqsa, jami o'nta doston ichida dastlabki ikki durdonaning o'zgacha o'rni borligi, ularning ma'naviy yuksakligi, badiiy barkamolligi to'g'risida so'z yuritiladi. YAratilgan “Xamsalar” muhokama qilingan Jomiyning ushbu kitobxonlik kechasidan so'ng shoirlar sultoni Alisher Navoiy “Xamsa” yozishga astoydil kirishgan. Darvoqe, Navoiy “Xamsa” va “Haft avrang” kitoblaridan aynan Jomiyning kitobxonlik kechalaridan birida ta'lim olgan: “YAna “Xamsa”, balki “Haft avrang”larning ko'pragin muqobala(tanishish) dasturi bila alar o'qig'onda quloq tutulubtur, madadi uchun alar (Jomiy) majlisida o'qulubtur”, deydi bu haqda Navoiy “Xamsat ul-mutaxayyirin”da.
Abdurahmon Jomiy huzuridagi kitobxonlik yig'inlarida Navoiy o'qigan kitoblarning aniq sonini aytish mushkul. Ammo o'z davrida mo''tabar sanalgan va Navoiyni qiziqtirgan bunday asarlarning soni juda ko'p bo'lgani aniq. Binobarin, biz shoir asarlari asosida ularning ayrimlari haqida so'z yurita olamiz, xalos. Shoirlar sultoni ustozi Jomiy tomonidan taxminan 1464-1466 yillarda yozilgan “Risolai Qofiya” kitobidan ta'lim olgan. “Avval alar bitigan “Qofiya” risolasidurkim, aningdek muxtasar va mufid risola bu fanda hech kim bilmaydur”, deb bu asarga yuqori baho bergan. Navoiyning ta'biri bilan aytganda, “Muammo” (ilmi)ning ikkinchi risola”sini shoir ulug' ustozi huzurida mutolaa qilish baxtiga muyassar bo'lgan. U Navoiy iltimosiga binoan muammo bo'yicha yana uchta risola yozgan. Ustozining “Risolai Aruz” nomli kitobini ham Navoiy kitobxonlik majlisida o'qigan. Muqaddima va 8 fasldan iborat bo'lgan risolada aruz nazariyasiga oid muhim masalalar yoritilgan.
1465 yilda nasriy musajja'da yozilgan, tavhid, hol, maqom, fano va baqo kabi tushunchalarning tasavvufiy-irfoniy talqiniga bag'ishlangan “Lavoeh” (“Zarvaraqlar”) asari shoirlar sultonida katta qiziqish uyg'otgan, kitobxonlik yig'inida asarni o'qigan Navoiy bu haqda shunday deb yozgan: “Yana “Lavoeh”durkim, so'fiya mashoyix istilohida bitilibdurkim, andoq risola hech roqimning qalamidin va hech qalamning raqamidin tahrir topmaydur”. Jomiy majlislarida Navoiy o'qigan kitoblardan yana biri – “Lavome'” (“Shu'lalar”)dir. Asar tasavvuf shoiri Ibn al-Forizning “Qasidai xamriya”sining badiiy tarjimasi va sharhi hisoblanadi.
Alisher Navoiy Jomiyning kitobxonlik yig'inida faylasuf shoir Faxriddin Iroqiyning “Lama'ot” (Shu'lalar) asaridan saboq olgan. Bir necha mashg'ulotdan so'ng murakkab bu asardagi istilohlar izohga ehtiyoj sezgan va Jomiy asarga yozilgan sharhlarga murojaat qilgan. Ammo bu Sharhlardan uning ko'ngli to'lmagan. Jomiy asarga izoh yozganlar, uning ma'nosiga etib-etmay sharhlashganini payqaydi va Navoiy ham ustoziga “Lama'ot”ga yangicha sharh yozishni iltimos qiladi. Shundan so'ng Jomiy asarga “Ashi'at ul-lama'ot” nomli mukammal sharh yozadi.
Kitobxonlik kechalarida nafaqat, asarlar mutolaa qilingan, balki risolalarning mavzusi, mazmun-mohiyati borasida bahs va munozaralar olib borilgan. Agarda majlisdagilar biron-bir murakkab asarni tushunmasa, Jomiy uni izohlab bergan. Gap shundaki, diniy-irfoniy va tasavvufga doir bunday murakkab asarlarni hamma ham tushunavermagan. Shuning uchun bunday asarlar mohiyatini anglash uchun valiy ustoz rahbarligidagi maxsus tayyorgarlikni talab etgan. Navoiyning ham tasavvuf piri Abdurahmon Jomiy huzuridagi kitobxonlik kechalariga qatnagani bejiz emas, albatta.
Adabiyotshunos Farruxbek Olim ta'biri bilan aytganda, Alisher Navoiyni etuklikka yo'llagan manba ham aynan kitobxonlik kechalarida u mutolaa qilgan kitob va risolalar edi. Buyuk Shogird o'zidan avvalgi va o'zi mansub bo'lgan adabiy muhit ijodkorlari asarlarini o'rganish asnosida o'z irodasini shakllantirdi, tarbiyaladi. Shuning uchun ham Navoiy salaflari Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va boshqa shoirlar ta'rifiga o'z asarlarida alohida o'rinlar ajratib, ularni madh etishdan hech charchamaydi.
Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy nomi, avvalo, kitob nomi bilan bog'langandir. Orzuimiz – biz ham kitob mutolaasida ularga izdoshlik qilsak. Jomiy huzuridagi mutolaa ya'ni, kitobxonlik kechalari, mo''tabar kitoblar haqida Ibrohim Haqqul shunday yozgan: “Xamsat ul-mutaxayyirin” xotimasida Navoiy ustozi Abdurahmon Jomiy xizmatida (huzurida) “ta'lim va istifoda” yuzidan o'qigan o'ndan ziyod kitob ro'yxatini keltiradiki, ularning aksariyati tasavvuf haqida... Shuningdek, Navoiy Hujviriy, Imom Qushayriy, Suhravardiy, Imom G'azzoliy, Ibn Arabiy kabi islom allomalarining asarlarini ham puxta bilgan. Navoiyning tasavvuf bilan aloqasini belgilashda bunday faktlarga jiddiy qarash kerak. Navoiyshunoslikda xuddi shu jihat etarli darajada inobatga olinganicha yo'q”.
Muxtasar aytganda, Jomiyning kitobxonlik kechalari Alisher Navoiy dunyoqarashi va tafakkur olami shakllanishiga hamda ijodiy kamolotiga kuchli ta'sir qilgan, deyish mumkin.
Sherxon QORAEV,
filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori