Qaror loyihasida belgilanishicha, 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab:

moliyaviy va akademik mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarining to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari oliy ta’lim muassasalari Kuzatuv kengashlari tomonidan mustaqil belgilanadi;

davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichida tahsil oluvchi xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt pullari to‘liq Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;

abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish 15-iyunidan 15-iyuliga qadar (15-iyul kuni ham) bo‘lgan muddatda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi;

bunda, chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlariga onlayn ro‘yxatdan o‘tish 15-iyunidan 5-iyuliga qadar (5-iyul kuni ham) amalga oshiriladi;

test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakllarini tanlash imkoniyati yaratiladi.