Abituriyentlarning deyarli yarmi 56,7 ball ham toʻplay olmagan

    Ta'lim 17 Avgust 2023 2066

    mandat.uzbmb.uz saytidagi ochiq maʼlumotlarga koʻra, joriy yilda 888 ming 472 nafar abituriyent testga kirgan.

    Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning tahlillariga koʻra, 439 ming 337 nafar (49,4 foiz) abituriyent oʻtish balining eng quyi chegarasi boʻlgan 56,7 balni ham toʻplay olmagan. Demak, ular mandat chiqmasidan avval kurashdan chiqdi. Chunki 56,7 balldan kam toʻplaganlar kvotada joy boʻlsa ham oʻqishga kira olmaydi", deydi bloger.

    56,7 dan koʻp ball toʻplagan abituriyentlar soni 449 ming nafarni (50,6 foiz) tashkil qiladi.

    Bu koʻrsatkich oʻtgan yil bilan solishtirganda biroz yaxshilangan. Oʻtgan yili 51,2 foiz, yaʼni 550 ming abituriyent 56,7 ball ham toʻplay olmagan. Joriy yilda bu koʻrsatkich 49,4 foizga tushgan.

    2023-yilda eng yomon koʻrsatkich, Sirdaro viloyatida (54,9 foiz), nisbatan yaxshiroq natija esa xuddi oʻtgan yildagidek Toshkent shahrida (40,8 foiz) qayd etilgan (yuqoridagi jadvalga qarang).

    8 ta hududda abituriyentlarning 50 foizdan koʻprogʻi 56,7 balldan past ball olgan. Oʻtgan yili 9 ta hudud edi, joriy yil Namangan viloyati natijani yaxshilab, 50% likdan pastga tushgan.

    Oʻtgan yilga qaraganda natijasini eng koʻp yaxshilagan 5 ta hudud:

    • ️ Toshkent shahri — 4,4%
    • ️ Buxoro — 4,4%
    • ️ Toshkent viloyati — 3,5%
    • ️ Namangan — 3,3%
    • ️ Fargʻona — 2,4%

    Sirdaryo va Andijon viloyatida esa natija oʻtgan yilgiga qaraganda yomonlashgan.

    "56,7 ball — bu toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori 189 balning 30%i degani. Yaʼni abituriyent hech boʻlmasa 30% bilimga ega boʻlsa, ushbu koʻrsatkichni toʻplay oladi. 30% bilim esa reyting tizimidan qiyos olsak, hatto 2 baho ham emas! 1 baho desak toʻgʻri boʻlar balki" deb taʼkidlaydi Xushnudbek.