“Abu Saxiy”, «Megaplanet» va “Toshkent city”da koronavirus aniqlandi

    Salomatlik 30 Iyun 2020 913

    Kecha, 28-iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 266 nafar bemordan 16 nafari aholi orasida aniqlangan boʻlsa, 29-iyun kuni esa 274 nafar bemordan 30 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 20 nafari Toshkent shahrida aniqlandi.

    Ikki kunlik maʼlumotga koʻra, ham umumiy kasallanish koʻrsatkichi, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holati oshganini koʻrish mumkin.

    Jumladan, Mirzo Ulugʻbek tumanidagi yashovchi Sh.Gʻ.da, Shayxontohur, Mirobod, Yunusobod, Sergeli va Uchtepa tumanlarida yashovchi 8 nafar fuqaroda, Mirobod tumanidagi xususiy oyoq kiyim taʼmirlash ustaxonasi egasi U.U.da, «Megaplanet» savdo majmuasidagi “Sofiya” shirinlik doʻkoni ishchisida, Sergeli tumanidagi “ENTER Engineering” kompaniyasi hisobchisi N.M.da, Respublika oʻsmirlar va chaqiriluvchi yoshlarga tibbiy yordam tashkil etish markazi muqobil tibbiy komissiyasi hamshirasi Sh.Sh.da kasallik aniqlangan.

    Shuningdek, Toshkent shahridagi “Kristal” savdo markazi kiyim-kechak doʻkoni sotuvchisi U.R.da (Qozogʻistonga ketayotganligi uchun namuna topshirgan), Yunusobod tumanida yashovchi U.B.da (Yunusobod dehqon bozoriga borgandan keyin tana harorati koʻtarilganligi sababli namuna topshirgan), “Abu Saxiy” savdo markazi xodimi S.Q.da (tana harorati koʻtarilganligi sababli murojaat qilgan), “Toshkent city” qurilish obyekti oshpazi M.M.da (tana harorati koʻtarilganligi sababli namuna topshirgan) ham koronavirus qayd etilgan.