Usmon Azimning “Baxshiyona” turkumi yodingizda boʻlsa, Alpomish Qalmoqqa ketayotib Barchinga qarab shunday deydi:

Olamda koʻp erur ibora,

Bir soʻz bor – ogʻriqdan iborat.

U – Vatan! Barchinim, u – Vatan!

Bolamga, “Vatan” de ilk bora”.

Ushbu sheʼr yozilganda tugʻilganlar qirqqa kirdi. Yolgʻon lashkar tortib, yurtni, qalblarni zabt etgan bir davrda bitilgan bunday satrlar zimiston koʻngillarga chiroq edi, goʻyo. Yolgʻonni rost deb bilgan omma haq soʻzda xatar koʻrardi oʻsha paytlarda. Yoʻqsillar dohiysiga aldov yot, u kishi faqat bir kungina, azbaroyi inqilob uchun yolgʻon gapirishga majbur boʻlgan, degan uydirma salkam bir asr aqida boʻlganini ehtimol bugungi avlod bilmas. Musulmon odam yolgʻonchi boʻlmaydi, deyiladi hadisi shariflarda. Taassufki, xalqimiz bosh-adoq yolgʻon siyosatlarni behad koʻp koʻrdi, munofiqlikdan, soxta aqidalardan koʻp jabr chekdi. Usmon Azim sigʻingani sarob boʻlib chiqqanlar nomidan shunday bong urgan edi:

“Men charchab senga suyandim, Haqiqat.

Soat bong urmoqda,

Gaplashaylik, kel.

Qoʻrqma, oʻtib ketdi bir kunlik dahshat.

Bugun ikkinchi aprel,

Haqiqat,

Ikkinchi aprel...”

Bu sheʼr riyokorlikni shior qilgan siyosat va tuzumning, yolgʻon gʻoyaning asl qiyofasini oʻsha vaqtdayoq koʻrsatib bergani bilan qadrli.

Oʻtgan asrning ikkinchi yarmidagi adabiyot haq soʻzni aytishday oʻta qaltis, murakkab vazifani zimmasiga oldi, yangi avlod rost tuygʻular tarannumini goh ochiq, goh pinhon kuylay boshladi. Bu adabiy avlodning eng katta orzusi shaxslar jamiyatini barpo etish edi. Usmon Azim aytmoqchi, “Adabiyot shaxsning butunligini xush koʻradi. Masalan, munofiq kimsa yozuvchi sifatida ham shu tarzda qoladi. Feʼl-atvorining noqisligi sabab, bir qarashda isteʼdodli koʻrinsa ham, asl adabiyotga daxli boʻlmaydi. Baʼzan esa unga jiddiy zarar ham yetkazadi. Tarix shohid: faqat tili va dili bir zotlargina katta Adabiyotni yaratgan. Alisher Navoiy, Pushkin, Lev Tolstoy...”

Olov roʻbaroʻ turganning qorachiqlarida yongani kabi, botindan otilib chiqqan uchqun – misralar haqiqatga tashna oʻquvchilar qalbini ham yoqdi. Otashin sheʼriyat haqorat va razolatga qarshi kurashda yalovbardor boʻldi. Ramzlar, timsollarga burkangan, xalq va vatan dardida bitilgan soʻz shu qadar qudratli kuch ediki, uning mislsiz harorati oldida Namrudning Ibrohim qasdida qalagan gulxani hech!

Yaqin oʻtmishimizni gʻofil elning ertasi yorugʻ boʻlmasligiga yaqqol dalil deyish mumkin. Moziyning yana bir sabogʻi shuki, tafakkur emas, taqlidchilikni sharaf deb biladigan, isteʼmolchilikni farovonlik belgisi deb tushunadigan omma uchun eng katta raqib – FIKR. Adabiyot – jamiyat immuniteti. Immunitet qancha kuchli boʻlsa, ommaning tafakkur darajasi shuncha yuqori boʻladi, xalq oʻzini anglab yetadi. Adabiyot degan sirli olamga darz ketsa, jamiyat ham tanazzulga yuz buradi. Mustabid davr milliy tafakkurni uygʻotishga chogʻlangan adabiyot fikr kushandasi sanalmish nafsning mayin, ammo muntazam qarshiligini istisno etmaslikni ham uqtirdi. Uqqan boʻlsak, bosh ustiga!

Usmon Azimning shoʻro davrida bitgan “Chumoli haqida nutq”i xuddi ana oʻsha gʻofil, ogʻzi qalbni aytish uchun emas, nafs uchungina yaralgan molimardumxoʻrlar haqida edi:

Oʻrab oldi maxluqlar chindan,

Buzib orning chegarasini,

Hatto ona Hurriyat qilgan

Vasiyatlar tegarasini”.

Qalbi mudom haq va xalq bilan payvasta shoir bu sheʼrni huv oʻsha olis yillarda emas, kuni kecha yozganday tuyulaveradi. Ijodkor shaxsi millat shaxsiyati bilan payvasta boʻlmasa bekor.

Shoirning “Turdi Farogʻiy” sheʼrida ham elni birlashtirishga bel bogʻlagan, lekin orzusi ushalmay oʻtgan kuyuk koʻngil faryodi tasvirlangan. Turdi Farogʻiy: “Bu elni, bu tuproqni uloq qilib chopishdi”, deya zorlanadi. “Bitiktoshlar orzusi” sheʼrida esa inqirozga yuz tutgan turkiy olam fojiasi aks etadi:

“Men Usmon emasman, Alpteginman – men

Enasoy bagʻrida toʻlgʻongan gʻoya” deydi shoir. Vatan ozodligi yoʻlida shahid ketgan “Sarbadorlar qoʻshigʻi” xayolni olis moziyga yetaklaydi. Usmon Azim “Yigirma beshinchi yil”, “Qoʻrboshining oʻlimi” sheʼrlarida “Berajakmiz jonni – beminnat! // Xoʻrlikdagi ona yurt uchun...” deya yovga koʻksini qalqon qilgan fidoyilarni madh etdi. Ammo, “Omad ketib qolganin sezib” xiyonat yoʻliga oʻtganlar tufayli vatanparvarlar mahv boʻladi. Pirovardida, Nursiz qismat izmiga kirar, Dushmanlarga topshirilgan yurt.

Vatanni sevish, millatparvarlik tuygʻusi shoirning dramatik va nasriy asarlarida ham yaqqol koʻrinadi. Oʻndan ziyod sahna asari yozib qoʻygan sermahsul ijodkorga bu borada ham raqobatchi yoʻq. Usmon Azimdan kuniga bir sheʼr oʻqimasa uxlolmaydigan muxlislarning dramaturgiya va nasr sheʼrga sigʻmagan dard tufaylimikan yoki shunchaki bir ishqibozlik, degan savoliga muallif: “Shoirlarning deyarli hammasi ham vaqti kelib yondosh janrlarda ijod qilishga jazm etgan. Navoiy, Pushkin, Lermontov, Lorka... Nazarimda, bu hol oʻzini toʻliqroq ifoda etish ishtiyoqidan tugʻilsa kerak”, deya javob bergan edi.

Haqrost, dunyo adabiyotida boʻlgani kabi milliy adabiyotimizda ham nazm va nasrda birday qalam surgan ijodkorlar koʻplab topiladi. Choʻlpon, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Asqad Muxtor har ikki jabhada goʻzal namunalar yaratgan. Bu ulugʻ zotlar shijoatiga keyingi avlodlar ham havasmand boʻldi. Ikki frontda jang qilishga chogʻlanish bugun ham unda-bunda koʻrinib qoladi. Ammo “ishq boshqa, havas boshqa” deganlaridek, aksariyat qalamkashlar daʼvosi, “Oʻz uyida keskan kesmagan, birovning uyida umoch uvibdi”, maqolini yodga soladi. Ochiqroq aytadigan boʻlsak, nasr va dramaturgiya ijodkordan katta hayotiy tajriba ham talab etadi. Xalqchil asar yaratishning eng muhim sharti, bu – xalq ruhiyatini anglashdir. Millatning ruhi oʻz ijod mahsuli – doston, ertak, maqol va matallarida mujassam. Xalq dostonlari – bu, nazm va nasr uygʻunligi. Mana shu uygʻun ruhda tarbiya topgan Usmon Azim rosa qirq yoshida – ijodi kamolga yetgan bir paytda nasrda yoza boshladi. Ilk turkum – “Sevgi”, “Gʻoz” va “Birovning umri” hikoyalari 1991-yil “Sharq yulduzi” jurnalida Shukur Xolmirzayev soʻzboshisi bilan eʼlon qilinadi. Salkam oʻttiz yil mobaynida shoirning oʻndan ziyod hikoyasi eʼlon qilindi. “Alpomish”ga hamohang va zamon ruhini aks ettirgan bu asarlarni adabiy jamoatchilik eʼtirof etdi. “Yaxshi shoir yaxshi nosir ham boʻlishi mumkin”, degan fikr katta-kichik davralarda aytila boshladi.

Usmon Azim sheʼriyatda ilhom va shiddatni qanday uygʻunlashtirgan boʻlsa, hikoyalarida ham bu oʻziga xos zavq-shavq yaqqol koʻrinib turadi. Sheʼr va balladalardagi syujetlilik, shoirona nigoh nasrda ham ichki ohangni saqlashda juda qoʻl keldi. “Gʻoz” hikoyasi mavzu va yoʻnalish nuqtayi nazaridan “Siz bilmaydigan zamonlarda”, “Alpomish va Qorajon” hikoyalarida davom ettirildi. “Siz bilmaydigan zamonlarda” hikoyasi qahramoni “Baxshiyona” turkumi bilan elda tanilgan Elomon baxshidir. Lekin hikoya “Baxshiyona”ning nasriy tabdili emas. Usmon Azim asarga juda porloq, ulugʻvor, abadiy gʻoyani singdirgan. Shoir Alpomishning yurtga qaytishini, saltanat sohibining yana Boysun – Qoʻngʻirotga egalik qilishini chin dildan istaydi. Uning bir oʻkinchi bor:

Boychiborsiz qolgan elning

Holi endi ne kechar?..

Aslida bu gʻoya shoirning talay sheʼrlarida ham aks etgan. Hikoyadagi drama haqiqatgoʻy, toʻgʻrisoʻz Haqqul baxshi va oqkoʻngil, samimiy Elomon baxshi oʻrtasida kechadi. Haqqul baxshi, “Rostini aytmoq – tariqat, otam ham , enam ham – haqiqat”, deydi. Xalqning kutgani, Elomon baxshining topgani Alpomish emas. U – Yolgʻon. U – Sarob. Lekin u oʻzini Alpomish deb tanitishdan charchamaydi. Kuyib xor boʻlgan el Yolgʻonning etagidan tutadi. Uni tavof qiladi alp deb. “Yurtga Alpomish qaytdi!..” degan oʻtirik har yerda oʻrmalaydi. Haqqul baxshining shubha-gumonlariga birov qayrilib qaramaydi. Dasti uzun, lashkari koʻp Yolgʻon Haqqul baxshini Oynakoʻlning yoqasida boʻgʻizlaydi. Lekin toʻgʻrisoʻz baxshining joniga qasd qilganlar topilmaydi. Yolgʻon saltanat qotillarni boʻsh qoʻyadi...

“Sevgi” – oʻzbek hikoyachiligining eng sara namunalaridan biri. Sarlavhani oʻqigan oʻquvchi oshiq-maʼshuqlarning beadad, chuchmal hoyu havaslari, uzun-uzun orzulari va albatta koʻngilxush sahnalarni koʻz oldiga keltirib varaqlay boshlaydi. Lekin tezda buning aksini – oʻtgan tuzumning, uning jozibali gʻoyalariga inongan odamlarning ayanchli taqdirini koʻradi. Taqdirlarki, unutilgan, uloqqan, beshafqat turmush zarbalaridan abgor boʻlgan...

Hikoya qahramoni Abdurahmon Chaganada yurgan oddiy qishloq bolasi edi. Bolalar uyida tarbiyalangan yigit haqorat va adolatsizlikni koʻtarolmaydigan, haqiqatparast boʻlib oʻsadi. Ammo armiya hayoti uning taqdirini oʻzgartirib yuboradi. Hikoyadagi Masha va Salima obrazlari millat ayollarining sevgi-muhabbatga, insoniy qadr-qimmatga sadoqati ramzi. Ehtimol, milliy xarakter muammosi ham mana shu obrazlar orqali namoyon boʻlgandir? Masha uchun uchun sevgi kayf-safo, toʻkin hayot, ashir-nashir dasturxon boʻlsa, Salima uchun bir umrlik sir, qalbga koʻmilgan xazina, yurakning bebaho ganjinasi. Abdurahmon-chi, dersiz. Oʻtmishini, oʻzligini unutgan, jonbaxsh tomirlaridan uzoqlashgan Abdurahmonning tuygʻulari ham oʻlib boʻlgan. U endi boshqa bir muhit va jamiyatning odami. Hikoyanavis iflos va chirkin muhit insonning eng nozik his-tuygʻularini ham oʻldirib yuborishi mumkinligini mazkur obraz orqali haqqoniy koʻrsatib beradi.

Darhaqiqat, “Sevgi” – fojiaviy asar. Asardagi aksariyat qahramonlar taqdiri ayanchli. Hikoyadagi bir detal – “Oʻtgan kunlar” kitobi ramziy maʼnoga ega. Mallarang muqovali asar Abdurahmonga oʻtmishni, sevgini eslatib turadi. Oʻquvchi ham yozuvchiga qoʻshilib kitob Abdurahmonning oʻlgan xotirasini tiriltirishini, kitob unga ezguliklar, yaxshiliklar hadya etishini, bolalikdagi kabi begʻuborlik, mardlik va olijanoblik unga yana qaytishini istaydi. Lekin, na chora! Abdurahmon oʻsha biqiq, ufunat bosgan hayotni, farzandi orqali bogʻlangan oʻrgimchak toʻrini qoʻmsab yoʻlga tushadi. Yozuvchi insonning murakkab maxluq ekani, feʼl-xoʻyi hatto oʻziga ham boʻysunmasligi haqidagi haqiqatlarni ayanchli taqdirlar misolida ifodalaydi.

Shoirning oxirgi yillarda eʼlon qilgan hikoyalarini olam va odamning murakkabligidan toʻliqib ketgan qalb kechinmalari deyish mumkin. Adib bu bitiklar orqali zamondoshlarimiz qiyofasiga chizgilar beradi. Professor Qozoqboy Yoʻldoshev, “Usmon Azimning “Ishxonadagi koʻrgazma”, “Bir dasta qizil atirgul”, “Xodimlar boʻlimi boshligʻi” deya nomlangan triptix – uchlik hikoyasida ezgulik, goʻzallik, erk va odamiylik singari yuksak tuygʻular insonni ulugʻlashiyu odamlararo munosabatlarning chigal va tushunarsizligi original voqealar tasviri asnosida ulkan mahorat bilan koʻrsatilgan. Bu asarlar tasvirning haqqoniy va taʼsirchanligi, tilining jozibasi, syujetning puxtaligi, personajlar ruhiyatining teran ifodasiga koʻra ochun hikoyachiligining eng sara namunalari bilan bemalol bellasha oladi”, deya yuksak baholaydi.

“TONG OTGAN TARAFLARDA”

Usmon Azim ushbu nasriy-dramatik dostonini onasi Menglixol Xoliyor qiziga bagʻishlagan. Drama “Alpomish” dostonidagi kichik bir epizod-lavhadan oʻsib chiqqan. Shakaman togʻida yashovchi ovchi elning bir farzandi timsolida Koʻk Tangriga sigʻinuvchi turkiylar hayoti tasvirlanadi. Asarda bu gʻoya Oltoy togʻlaridan Hazar dengizigacha oʻrmonday shovullab turgan Tongli eli deya sifatlangan. Tongyorugʻ ona oʻgʻli Yolgʻiz Merganga tuqqan elini tanishtiryapti: “Oltoydan Hazargacha ot surgan eling bor edi, Yolgʻiz Mergan. Qishlovdan yaylovdan koʻchsa, yilqilarning tuyogʻi tagida qolib ketmaylik, deb boshqa uluslar koʻz koʻrinmas joylarga oʻzlarini olardi. Elingning bagʻrikeng, qudratining cheki yoʻq – davlatining shavkatiga yetti iqlimning podshohlari taʼzim qilar edi! Shunday el yoʻq boʻldi!”

Turk hoqonliklari, turkiy saltanatlarning tarix bagʻriga suvday singib ketgani asarda mana shu tarzda dard bilan aytib oʻtiladi. “Alpomish” turkiy xalqlar eposi ekan, unda turk elining ming-ming yillik armon-gʻamlari, iztirob va qaygʻulari aks etmasligi mumkinmi? “Tong otgan taraflarda” nasriy-dramatik dostoni mana shu jihatlariga koʻra ham katta ahamiyat ega. Dostondagi Gʻoz Hakimbek va Boysun – Qoʻngʻirot eli oʻrtasidagi xaloskor – elchi boʻlsa, dramaturg bundan unumli foydalanib Gʻozga tiriklik timsoli sifatida qaraydi. Yolgʻiz Mergan gʻozni otolmasa hayoti tugaydi. Shoʻrlik ona aslida unga “Oʻqing xato ketmasin...”, deya taʼlim bergan. Asardagi Ona va Oʻgʻil oʻrtasidagi suhbat, Manguqutning vasiyati, Alpomish va Barchinoyning Yolgʻiz Mergan jonini saqlab qolish uchun hatto Yodgorni qurbonlikka berishi, Yodgorning joʻmardligi tomoshabinni hayajonga soladi, albatta.

Asarda Boʻlgan Kalning Tongyoruqqa qarata aytgan: “Bu dunyoda fidokorning ishi ogʻirdir! Qaysi fidokorning manglayi yarqirab bu dunyodan oʻtdi? Sen bu dunyoni mard deb oʻylama!” degan gaplari bejiz emas. Tongyorugʻ Gʻozni – elchini saqlab qolish uchun oʻgʻlining yoʻlini toʻsdi. Alpomishning qaytishi, Boysun – Qoʻngʻirotning gullab-yashnashi uchun qildi bu ishni. Bu – bir fidoyilik. Ikkinchi fidoyiligi, Onaizor avlodni saqlash, oʻlim yoqasida turgan oʻgʻlini qutqarish uchun Tangriga iltijo qilib Gʻozga aylanadi va oʻgʻli beozor qush – Onani otib oladi. Onaning oʻlimi – Tongli elining omonligi edi.

Istiqlol yillarida koʻpchiligimiz huda-behuda, baʼzan ermak uchun, baʼzan fikrga bezak sifatida asr boshida yashab oʻtgan ulugʻ maʼrifatparvarlarni tilga oldik, lekin bu millatsevarlar nomi mustaqillik arafasidagi maʼnaviy-mafkuraviy kurashlar evaziga qaytib kelganini bilmas edik. 1987 – 1989-yillargacha jadidlar hayoti va ijodi ommadan juda ham sir tutilgan, barmoq bilan sanarli darajadagi mutaxassislargagina maʼlum edi. Oʻzlikni anglashning eng muhim, samarali va taʼsirchan yoʻli sifatida tadqiq qilingan millat maʼrifati, pirovardida, jamiyatning uygʻonishiga ham sezilarli darajada taʼsir koʻrsatdi. Usmon Azim mana shu dolgʻali, murakkab va serqirra davrda shaxs va ijodkor sifatida oʻzining faol grajdanlik pozitsiyasini namoyon etdi.

Jadidlar merosini oʻrganish va targʻib etish, ular orzu qilgan gʻoyalarni bayroq qilib koʻtarish respublikamizda 90 yillar oʻrtalarigacha gurilladi. Istiqlolga besh yil toʻlib-toʻlmay mavzuning dolzarbligi nomaʼlum sabablarga koʻra soʻna boshladi. Matbuotda, televideniye va radioda, ilmiy tadqiqot ishlarida oʻrganilishi sustlashib, yangi asr boshida deyarli toʻxtadi. Mustaqillik arafasida va istiqlolning dastlabki yillari har kuni yod etiladigan maʼrifatparvarlar nomi unutilish darajasiga yetdi. Aslida, erk va hurriyat uchun umrini tikkan jadidlar gʻoyasi istiqlolga erishgan Oʻzbekistonning milliy mafkurasi sifatida jaranglashi lozim edi. Taassufki, yangi tarix ham boshqa oʻzandan ketdi...

Usmon Azimning ulugʻ adiblar hayotiga bagʻishlangan dramalari “ildizi” oʻtgan asrning 80 yillari boshida bitilgan “Abdulla Qodiriy”, “Usmon Nosirning soʻnggi tushi”, “Oybekning soʻnggi sheʼri”, “Maqsud Shayxzoda” kabi sheʼrlariga borib taqaladi.

Yomgʻirday bir sogʻinch koʻksimga toʻldi,

Yurakka tutashdi notanish gʻulu.

Nogoh Vatanimni koʻrganday boʻldim,

Qodiriyning xuddi oʻzi edi u.

Qonxoʻr siyosat qilichi oʻynab turgan zamonda bundan ortiq yozish halokatli edi. Shoirning vatanga oʻkinch bilan bergan taʼrifi oʻshanda nozik didli oʻquvchilarga katta haqiqatlarni anglatgani, shubhasiz. “Usmon Nosirning soʻnggi tushi” sheʼridagi quyidagi soʻrov bekitilgan tarixga ishora aslida:

Tongotarga boqdimda, birdan –

Koʻkragimni qoldim quchoqlab.

Ufq nega qonga belangan,

Kim osmonni ketdi pichoqlab?

“Maqsud Shayxzoda” sheʼridagi soʻnggi toʻrt satr qanday sirdan ogoh qilmoqda?

Qora rangga qoʻl tegizma,

Shafqat ham kerak andak!

Men kechirdim, nahotki, sen

Kechirmaysan, kelajak...”

Mustabidlik qoyasi yemirilib, qora bulutlar tarqay boshlagan yillarda Usmon Azim “Oʻttiz sakkizinchi yil. Lager”, “Ellik yil avval ham u chechan edi, “Abdulla Qodiriy millatchi”, derdi”, degan sheʼrlar bitdi. “Choʻlpon” sheʼrida shoir tilidan “Mening taqdirim – qiynoq, Faqat tun aro umrim” deb yozdi. Xullas, ijodkor “Adibning umri”, “Abdulla Qahhor”, “Kunduzsiz kechalar” pyesalarini bitishga ruhan va maʼnan tayyor edi. Ijodkorlarning tavallud sanalari turtki berdi, xolos.

Yodingizda boʻlsa, “Adibning umri” pyesasi shunday boshlanadi: “Oybekning bogʻi. Choʻlpon, Saidnosir Mirjalilov supada oʻtiribdi. Ular qopdan kitob olib, birin-birin varaqlab koʻradi. Oybek samovar yonida – choy qaynatish bilan ovora. Abdulla Qodiriy gulzorning chetidagi bir gul tepasida, unga tikilgancha turibdi.

Choʻlpon. Oybek, oʻzbekning kichigi boʻlguncha... A?

Oybek. Soʻramang!

Qodiriy (koʻzini guldan uzmasdan). Abdulhamid, Musa oʻzbekning kichigi boʻlmay kimi boʻlsin?

Choʻlpon (koʻzi kitobda). Kattasi boʻlsin...

Qodiriy. Oʻzbekning kattasi qolmagan, Abdulhamid!

Mirjalilov (kitobdan bosh koʻtarib). Abdulla, nimalar deyapsan?

Qodiriy. Magʻlub xalqning, boʻynini qisib yashaydigan xalqning kattasi boʻlmaydi!

Choʻlpon. Kattalari qayerga ketarkan?..

Qodiriy. Qayerga ketayotganini bilmaysanmi?

Choʻlpon (uzoq sukutdan soʻng). Bilaman...

Mirjalilov. Abdulla, unday dema!.. Xudoga shukur, sen borsan, Choʻlpon bor!..

Qodiriy. Bular kuch oldi! Endi hech kimni omon qoʻyishmaydi”.

Dramaturg bogʻ manzarasini bejiz kiritmagan. Bogʻ millat maʼnaviyatining timsoli. Bu beqiyos gulzordagi gullar – xalqning asl farzandlari. Muallif Oybek boshidan oʻtkazgan tuhmatu qiynoqlar orqali davr manzarasini chizadi. Dramaturgning yutugʻi shundaki, asar faktlar sharhidan iborat boʻlib qolmay, balki har bir obraz tomoshabin koʻz oʻngida feʼl-atvori va zimmasidagi “vazifa”ga koʻra tirik odam boʻlib gavdalandi. Asardagi Otaqoʻzi, Mirsaid, Zohid, Safar, Botir ana shunday obrazlar sirasiga kiradi. Muallif pyesaga bu nomlarni shunchaki bir ilova tarzida kiritmagan. Bu personajlarning prototiplari mavjud. Asar voqealari 30 – 50 yillarda boʻlib oʻtganini eʼtiborga oladigan boʻlsak, “qahramonlar”ning qiladigan talay “ishi” bor. Oybekning bagʻrikengligi, joʻmardligi asarda juda chiroyli tasvirlangan. Xiyonatga mehr bilan javob berish, tavba qilib kelgan boshni silash chin musulmonning ishi. Kechirimli Oybekning katta qalbi tomoshabinni hayratga soladi, odam qalbi bilan ODAM ekanda, deya oʻylashga majbur etadi.

Oʻzbekning buyuk shoiri Abdulhamid Choʻlponga bagʻishlangan “Kunduzsiz kechalar” asarini oʻzimizga tutilgan koʻzgu deyish mumkin. Xalqimizning ayanchli tarixi haqidagi asar nomi birinchidan, davrga ishora boʻlsa, ikkinchidan Choʻlponning “Kecha va kunduz” romani sarlavhasiga uyqash qilib tanlangan. Pyesada Choʻlpon yashagan muhit, qatagʻon davri, mustabidning hiyla-nayranglari va ayrim ziyolilardagi shaxsiy gʻaraz-nafratning ijtimoiy illatga aylanishiyu, millat ziyolilarining mahv etilishi tarixiy manbalar asosida haqqoniy tasvirlangan. Choʻlponning quyidagi dardchil soʻzlari uning vasiyati edi aslida: “Adabiyot yashasa millat yashar, adabiyoti gullamagan va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishtirmagan millat oxiri bir kun hissiyotidan, oʻyidan fikran mahrum qolib, sekin-sekin inqiroz boʻlur”.

Adabiyotshunos Shuhrat Rizayev “Kunduzsiz kechalar”, “Adibning umri” va “Abdulla Qahhor” nomli ijtimoiy-tarixiy-biografik asarlarni “adabiy uchlik” – “trilogiya” deb ataydi.

Usmon Azimning bu asarlari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, tarix, adabiyotni tanishida beqiyos ahamiyatga ega. Junun oʻti yetmishda ham gurillab turgan adiblar koʻp emas. Elim degan shoir bamisoli Kaʼba qopqasida turgan posbon. Zero, haqiqatgoʻy shoirning yosh avlodga aytar soʻzi shu:

Yuraver. Qolma yoʻldan.

Qolgan qolar. Achinma.

Choʻchima hech narsadan –

Oʻzbekiston oldinda.

Botir boʻl. Olgʻa yugur.

Qoʻrqma har xil qotildan.

Axir, togʻdek suyanching –

Oʻzbekiston ortingda.

Olim TOSHBOYEV,

filologiya fanlari nomzodi,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist