Ushbu yangi topshiriqlar hamda iqtisodiyot tarmoqlari taraqqiyoti uchun belgilangan maqsadlar nafaqat raqamlar va koʻrsatkichlardan iborat, balki ular ortida xalqimizning farovonligi, fermer va tadbirkorlar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar hamda zamonaviy texnologiyalarning amaliyotga tatbiqini koʻrish mumkin.

Agrar soha shunchaki iqtisodiyot tarmogʻi emas, aksincha, hayot tomiri, yurtning rizq-roʻzi, xalq farovonligining mustahkam tayanchidir. Shu maʼnoda, bugun qishloq xoʻjaligidagi islohotlarni zamon bilan hamnafas taraqqiyot sari qoʻyilgan jasoratli qadamlar, desak xato boʻlmaydi. Binobarin, mazkur sohaga tegishli har bir qaror, har bir yangi tashabbus dalalarda ungan hosil kabi kelajakka ishonchni yanada mustahkamlamoqda.

Qishloq xoʻjaligining 2026 yil uchun oʻsish prognozi 4,2 foiz etib belgilangan edi. Biroq qoʻshimcha imkoniyat va resurslar chuqur tahlil qilinib, hozirgi salohiyat qayta sarhisob qilindi. Natijada joriy yilda sohadagi oʻsish surʼatini 6 foizga yetkazish belgilandi. Bu 571 trillion soʻmlik yalpi mahsulot hajmi, qoʻshimcha 32 trillion soʻmlik oʻsish demakdir.

Albatta, bunga erishish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Buning ortida minglab fidoyi fermerlar, zahmatkash dehqonlarning tinimsiz mehnati, sohadagi olim va tadqiqotchilarning yangi navlar seleksiyasi, innovatsion ishlanmalar, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, rivojlangan davlatlar tajribasini oʻzlashtirish hamda ilmiy yondashuvlarni amaliyotga joriy etishdek qatʼiy islohotlar turibdi. Biroq bugungi agrar islohotlar yerga munosabatni oʻzgartirmoqda, dehqon mehnatiga yangi mazmun bagʻishlamoqda. Ilm-fan yutuqlari, raqamli texnologiyalar, zamonaviy texnika va innovatsion yondashuvlar qishloq xoʻjaligini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda. Dala va laboratoriya, fermer va olim, anʼana va innovatsiya — barchasi yagona maqsad yoʻlida birlashyapti.

Har bir sohada zabt etilishi lozim boʻlgan choʻqqiga chiqib borish, yangi marralarni egallashda hududlardagi sharoitlar, ichki va foydalanilmagan imkoniyatlarini eʼtiborga olish muhim. Shu bois, ishlab chiqilgan prog­nozlarda har bir hududning “oʻsish nuqtalari”, foydalanilmagan imkoniyatlari va qoʻshimcha manbalarini inobatga olishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yoʻnalishlar boʻyicha oladigan boʻlsak, joriy yilda dehqonchilik mahsulotlari 262,8 trillion soʻmni, chorvachilik mahsulotlari 275,9 trillion soʻmni tashkil etishi koʻzda tutilgan. Asosiy turdagi mahsulotlar boʻyicha yuqori marralar belgilangan. Jumladan, bu yil 11 million tonna donli ekin, 4,5 million tonna paxta, 14,7 million tonna sabzavot, 4,5 million tonna kartoshka, 3,5 million tonna poliz mahsulotlari, 3,8 million tonna meva yetishtirish rejalashtirilgan.

Bu koʻrsatkichlar yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlash, ichki bozorda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz va barqaror taʼminlash hamda eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

Birinchi chorak — yil taqdirini hal qiluvchi davr

Agrar sohada yilning birinchi choragi shunchaki uch oy emas. Bu davr bobodehqonlar yilning qanday kelishini tabiatdagi uygʻonish jarayonlari va turli hisob-kitoblar orqali aniqlab, tadorigini koʻradigan, shunga qarab yaxshi niyat bilan yerga baraka urugʻi qadaladigan, har bir qarich yerda mehnat va umid uygʻunligi namoyon boʻladigan vaqtdir. Shu bois, bu davr — butun yil taqdirini belgilaydigan, rejalarni amaliyotga aylantiradigan, gʻoyalarni hosilga aylantirishga tayyorlaydigan hal qiluvchi bosqich.

Bu davrdagi har bir fidoyi harakat, har bir ilgʻor texnologiya va har bir fermerning intilishi nafaqat hosildorlikni oshirish, balki mamlakat farovonligi va xalq hayotida barqaror taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yilning birinchi choragida samarasini yaqqol koʻrsatadi.

Shu sababli joriy yilning birinchi choragida 55,8 trillion soʻmlik qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish (xizmatlari koʻrsatish) koʻzda tutilgan. Bular yillik 6 foizli oʻsish marrasi sari dadil qadam boʻladi.

Chorvachilik aholining kundalik ehtiyojini taʼminlaydigan eng muhim tarmoqlardan. Bugun mazkur sohada naslchilikni yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash va sanoatlashgan fermerlikni rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar samara bermoqda. Aynan chorvachilik mahsulotlari (goʻsht, sut, tuxum) yetishtirishdagi oʻsish aholi isteʼmolidagi asosiy ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiladi.

Sabzavot va meva yetishtirish hajmining oshishi esa bahor oylarida bozorda mahsulotlar tanqisligining oldini oladi.

Bugun gʻoʻzachilikdagi islohotlar paxtani xomashyo sifatida yetishtirishdan tortib, yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotga aylantirishgacha boʻlgan butun zanjirni qamrab olmoqda. Intensiv usullar, zamonaviy texnika va ilmiy yondashuvlar tufayli paxtachilik mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Bu oʻzgarishlar nafaqat hosildorlikni oshirish, balki yurtimizning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Hozir 888 ming gektar gʻoʻza maydonlarida intensiv ekish sxemalarini joriy etishga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Shundan 500 ming gektarda yuqori hosilli, shoʻr va suvsizlikka chidamli xorijiy navlar ekish ­rejalashtirilgan. Shuningdek, Shinjon tajribasi asosida 300 ming gektarda chigit ekish ishlari tashkil etilmoqda. Mexanizatsiyalash darajasini oshirish uchun 800 ta paxta terish mashinasi, 450 ta koʻp funksiyali seyalka va 2000 ta boshqa agregatlarni xarid qilish ishlari boshlandi.

Intensiv bogʻdorchilik — yuqori qiymatli mahsulotlar manbai

30 ming gektar yangi intensiv bogʻ va tokzor barpo etish, 15 ming gektarini rekonstruksiya qilish rejasi doirasida birinchi chorakda yer tanlash, loyihalash va infratuzilma tayyorgarligi ishlari bajariladi.

Rezavor mevalar — malina, maymunjon, golubika va qulupnay yetishtirish maydonlarini 1500 gektarga yetkazish boʻyicha amaliy qadamlar qoʻyildi. Zero, bu mahsulotlar eksportbopligi va yuqori qiymati bilan alohida ahamiyatga ega.

Oʻz oʻrnida qishloq xoʻjaligi sanoati eksportini 4 milliard dollarga yetkazish maqsadi doirasida birinchi chorakda tashqi bozorlar bilan shartnomalar tuzish, sertifikatlash jarayonlari tezlashtiriladi. 555 million dollarlik 16 ta loyihani amalga oshirish boʻyicha investitsiya kelishuvlari bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etiladi.

Raqamli texnologiyalar izchilligi

Raqamlashtirish — boshqaruv madaniyati va fikrlash tarzi yangilanishidir. Sunʼiy intellekt, dronlar, elektron platformalar va maʼlumotlar tahlili orqali yer va suv resurslaridan samarali foydalanish imkoniyati kengaymoqda. Endi har bir qaror hissiyot emas, aniq raqam va tahlillarga tayanadi. Bu esa xatolarni kamaytirish, samaradorlikni oshirish, vaqtni tejashga yordam beradi. Shu maʼnoda, raqamli qishloq xoʻjaligi bugungi kun voqeligidir. U dalani laboratoriyaga, fermerni esa zamonaviy menejerga aylantirmoqda.

Birinchi chorakda “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsiya platformasi ishga tushirilishi natijasida 100 dan ortiq xizmat va 30 dan ziyod axborot tizimi yagona nuqtada birlashtiriladi. Shu bilan birga, sunʼiy intellekt asosida maʼlumotlarni tahlil qilish, yer va suv resurslarini boshqarish, ekinlarni oqilona joylashtirish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi.

Dron xizmatlari yoʻlga qoʻyilib, 600 ming gektar maydonda agrotexnik tadbirlarni dronlar orqali amalga oshirishga zamin yaratiladi. Bu esa vaqt va resurs tejamkorligini taʼminlaydi.

Belgilangan ustuvor vazifalardan koʻzlangan asosiy maqsad ishlab chiqarish surʼati va hosildorlikni oshirish hamda imkoniyatlarni toʻliq ishga solishdir. Bu nafaqat yangi yerlarni oʻzlashtirish yoki hajmni koʻpaytirish, ­balki har bir qarich yerdan samarali foydalanish, zamonaviy yondashuv va aniq reja asosida ish yuritish demakdir.

Hozir hisob-kitob tizimini takomillashtirish, quyi boʻgʻinlarda yetishtirilayotgan mahsulot hajmini toʻgʻri va shaffof aks ettirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada Milliy statistika qoʻmitasi bilan hamkorlikda maʼlumotlar aniqligi va ishonchliligini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar bajarilmoqda. Choraklik vazifalarni vertikal boshqaruv tizimi asosida, masʼul shaxslarni aniq biriktirgan holda amalga oshirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Hududlardagi buxgalteriya markazlarini qayta oʻqitish esa hisob yuritish madaniyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, agrar sohada yashirin iqtisodiyotni bartaraf etish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Bu orqali ishlab chiqarishning haqiqiy hajmi, resurslar harakati va daromadlar ochiq-oydin koʻrinadi. Joriy yilda mamlakatimizda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish jarayonlari oʻtkazilishi esa soha uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Bu nafaqat oʻsish surʼatini tabiiy taʼminlash, balki aniq va puxta hisob-kitob asosida strategik rejalar tuzishga mustahkam zamin yaratdi.

Bir soʻz bilan aytganda, joriy yil uchun belgilangan marralar xalq farovonligiga qaratilgan ulkan dasturdir. 6 foizli oʻsishni taʼminlash yilni qishloq xoʻjaligi sohasida tub burilish davriga aylantiradi. Binobarin, bugun yurtimiz dalalarida faqat ekin emas, balki yangi tafakkur, yangi yondashuv, yangi davr kayfiyati hukmron. Eng muhimi, bu islohotlar ortida inson manfaati turibdi. Har bir ­sharoit, har bir yangi imkoniyat bu — fermerning daromadi, aholining dasturxonidagi baraka, yoshlarning qishloqda qolib, zamonaviy sharoitda mehnat qilishi uchun yaratilgan poydevordir. Agrar sohadagi oʻzgarishlar qishloq qiyofasini, turmush tarzini va iqtisodiy muhitni tubdan yangilamoqda.

Ibrohim ABDURAHMONOV,

qishloq xoʻjaligi vaziri