Shu maʼnoda Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllaydigan har bir Murojaatnomasi xalq ishonchini mustahkamlashga qaratilgan dasturiy hujjat sifatida namoyon boʻlmoqda.
Mamlakatimizda soʻnggi yillardagi keng koʻlamli islohotlar bugun samarasini berib, ulkan marralarga erishilayotgani alohida eʼtiborga molik. Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasida 2025-yil yakunlari tahlil qilinib, kelgusidagi rejalar, maqsad-vazifalar belgilab berilar ekan, mamlakatimiz bugungi kungacha erishgan natijalari keng eʼtirof etildi.
Davlatimiz rahbari jahon miqyosida ishlab chiqarish va transport-logistika zanjirlari uzilgan, xomashyo va moliyaviy resurslar narxi oshgan sharoitda ham yurtimiz iqtisodiyoti ishonchli va barqaror oʻsishda davom etayotganini alohida qayd etdi. Oʻzbekiston tarixida birinchi bor yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshgani, oltin-valyuta zaxiramiz ilk bor 60 milliard dollarga yetgani, qolaversa, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga, kambagʻallik koʻrsatkichi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushgani har bir sohadagi izchil islohotlarning amaldagi samarasidir.
Iqtisodiyotni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish borasidagi saʼy-harakatlar ham natijalarini koʻrsatmoqda. Jumladan, iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetib, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etgani tarmoqlardagi yuksalishlar yanada yuqori surʼatlar bilan davom etishiga xizmat qilayotganini anglatmoqda.
Har bir jabhadagi barqaror oʻsish va rivojlanish davlatimizning xalqaro reytinglardagi oʻrnini tobora mustahkamlamoqda. Yuksak natijalar dunyo hamjamiyati va nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda. Bu esa Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzi yanada yuksalib borayotganidan dalolatdir. Xususan, Murojaatnomada qayd etilganidek, Jahon banki eʼlon qilib boradigan davlatlarning texnologik yetuklik indeksida Oʻzbekiston 71 pogʻona yuqorilab, dunyoning top-10 ta mamlakati qatoridan joy oldi.
Murojaatnoma taraqqiyotning bugungi holati va kelgusi istiqbollarini belgilab beruvchi muhim siyosiy hujjat, strategik “yoʻl xaritasi” sifatida yurtimiz rivojining yangi bosqichlarini oʻzida aks ettirdi. Ushbu maʼruzada joriy yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yoʻnalish va uning doirasida qator maqsad-vazifalar ilgari surildi.
Jumladan, birinchi ustuvor yoʻnalishda mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilashga qaratilgan muhim vazifalar belgilangan. Darhaqiqat, mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali yurtimizni yanada obod va koʻrkam qilish, hududlarni tubdan rivojlantirish mumkin.
Davlatimiz rahbari ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion soʻm viloyatlarning oʻziga berilishini, ushbu mablagʻ mahallada ish oʻrinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan loyihalarga yoʻnaltirilishini bildirdi. Bunda mahalla raisi, hokim yordamchisi va mahalla bankiri loyiha taqdim qilib, zarur mablagʻni olish imkoniga ega boʻladi. Bundan tashqari, sharoiti ogʻir 330 ta mahalla tanlab olinib, tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi.
Bu boradagi ishlarda hayotiy loyihalar ishlab chiqish, ularni samarali yoʻlga qoʻyish, moliyaviy asos va hisob-kitoblarni aniqlash, mablagʻlarni maqsadli yoʻnaltirish banklar va ularning xodimlaridan katta masʼuliyat talab qiladi. Eʼtirof etish kerakki, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda moliya tizimini modernizatsiyalash, bank xizmatlarini raqamlashtirish va fintex sohani rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Banklarning korporativ boshqaruvini yaxshilash va raqobat muhitini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Onlayn bank xizmatlari, mobil ilovalar, masofaviy hisob ochish va elektron toʻlovlar aholi va tadbirkorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratmoqda. Shu bilan birga, bank sohasining asosiy vazifalaridan biri boʻlgan kichik biznes va tadbirkorlikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, kreditlash jarayonlarini soddalashtirish va aholining bankka ishonchini oshirish borasidagi saʼy-harakatlar bank xizmatlarining eng chekka hudud va mahallalar ichiga kirib borishiga xizmat qilmoqda, aholi uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etmoqda.
Murojaatnomada ikkinchi ustuvor yoʻnalishda ilgari surilgan iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish borasidagi muhim vazifalar ijrosida ham bank xizmatlari hamda tizim vakillarining oʻrni va ishtiroki muhim.
Qulay biznes muhitini yaratish borasidagi islohotlar tufayli Oʻzbekiston investorlar uchun eng jozibador davlatlardan biriga aylanib bormoqda. Davlatimiz rahbari bu borada toʻxtalar ekan, toʻqqiz yilda barcha iqtisodiyot tarmoqlariga 130 milliard dollarlik xorijiy investitsiya olib kelingani, 2025-yilning oʻzida chet ellik hamkorlar bilan yana 140 milliard dollarlik yangi investitsiyaviy kelishuvlarga erishilganini alohida qayd etdi. 2026-yilda esa 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinishi aytib oʻtildi.
Darhaqiqat, jalb etilayotgan har bir investitsiya mablagʻi iqtisodiy-ijtimoiy hayotimizni yaxshilashga, hududlar qiyofasini yangilash va aholining farovon hayoti uchun shart-sharoit yaratishga, shuningdek, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Murojaatnomada yangi texnologik bosqichga oʻtish va qoʻshilgan qiymat zanjirini kengaytirish boʻyicha sanoatni rivojlantirish dasturi boshlanishi maʼlum qilindi. Bunda kelgusi besh yilda sanoatda qoʻshilgan qiymatni hozirgi 36,5 milliard dollardan kamida 60 milliard dollarga yetkazish, yuqori va oʻrtadan yuqori texnologiyali tarmoqlardagi mahsulotlar hajmini 2,5 barobar oshirish marrasi belgilab berildi. Buning uchun 2026-yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start berilishi taʼkidlandi. Shuningdek, 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvat ishga tushirilishi aytildi.
Umuman, ikkinchi ustuvor yoʻnalishda ilgari surilgan har bir gʻoya va tashabbus iqtisodiyotimizning barqaror oʻsishini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, bugungi farovon turmushimizni yanada yaxshilashga zamin boʻladi. Ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar samaradorligida esa, albatta, bank va moliya tashkilotlari ham oʻz yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda faol ishtirok etishi, amaliy tashabbuslarga koʻmakdosh, yelkadosh boʻlmogʻi lozim.
Prezidentimiz har bir chiqishida rivojlanishga toʻsiq boʻladigan illat — korrupsiyaning oldini olish, bunga qarshi jiddiy kurashish zarurligiga alohida toʻxtalib oʻtadi. Bu galgi Murojaatnomada ham oltinchi ustuvor yoʻnalish sifatida zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarga toʻxtalar ekan, “Korrupsiyaga yoʻl qoʻyish – islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish boʻyicha 2026-yilda “favqulodda holat” eʼlon qilamiz”, dedi.
Shuningdek, barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga masʼul oʻrinbosar lavozimi joriy etilishi aytib oʻtildi. Hisob palatasining vakili faoliyati yoʻlga qoʻyilib, tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, byudjet mablagʻlari talon-toroj boʻlishi va mansabni suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olish boʻyicha taʼsirchan nazorat oʻrnatilishi taʼkidlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi tizimli ishlar natijasida koʻpgina soha va tarmoqlardagi korrupsiyaviy holatlar barvaqt aniqlanib, oʻz vaqtida oldi olinishiga erishilmoqda. Tashkilot va idoralarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi qatʼiy tarzda yoʻlga qoʻyilishi ushbu jirkanch illatni bartaraf etish, xalqning puli boʻlgan byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlaydi. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, korrupsiyaga yoʻl qoʻyish islohotlarimizga xiyonat, xalqimizga xiyonat, yurtning yanada farovon boʻlishiga toʻsiq boʻladi.
Ayniqsa, korrupsion holatlar ehtimoli yuqori boʻlgan bank va moliya tizimida nazoratni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, avvalo, tizimga halol, vijdoni pok xodimlarni jalb qilish, raqamlashtirish jarayonlarini yanada kengaytirish zarur. Xususan, fintex sohani jadal surʼatlarda rivojlantirish, onlayn toʻlov tizimlari, elektron hamyonlar, QR toʻlovlar va marketpleys asosidagi moliyaviy xizmatlardan yanada keng foydalanishni yoʻlga qoʻyish lozim. Ayniqsa, fintex kompaniyalar anʼanaviy bank xizmatlarini tez, arzon va qulay shaklda taqdim etish orqali bozorda muhim oʻrin egallab borayotgan bir paytda bu sohani yanada rivojlantirish kerak. Bu, oʻz navbatida, bank xizmatlaridan foydalanmaydigan aholi qatlamini moliya tizimiga keng jalb etishga xizmat qiladi.
Umuman, davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi chaqiriqlariga javoban moliyaviy xizmatlarni toʻliq raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish, fintex startaplar uchun qulay huquqiy va regulyator muhit yaratish, banklar va fintex kompaniyalar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, kiberxavfsizlik va maʼlumotlar himoyasini kuchaytirish, aholining moliyaviy savodxonligini yanada oshirish zarur.
Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz Murojaatnomasida ilgari surilgan har bir tashabbus yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida hamda xalqimiz hayotini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega. Shu maʼnoda Murojaatnoma mamlakatimizning buguni va kelajagini belgilab beruvchi muhim dasturiy hujjat sifatida jamiyatni yanada jipslashtirishga, islohotlar samaradorligini oshirishga va barqaror taraqqiyotga erishishga xizmat qiladi. Unda koʻzda tutilgan har bir maqsad va vazifani izchil amalga oshirishda esa har birimizning zimmamizda masʼuliyatli vazifalar bisyor.
Iskandar TURSUNOV
“Octobank” AJ boshqaruvi raisi,
iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa
doktori
Hamkorlik materiali