Ijodkor o‘qituvchilar dastlab Adiblar xiyobonida bo‘lib, ustoz ijodkorlarni xotirladi.
So‘ng uyushmaning tadbirlar zalida anjumanning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston xalq shoiri, uyushma raisi Sirojiddin Sayyid so‘zga chiqib, avvalo, ustoz-murabbiylarni kelayotgan kasb bayrami bilan muborakbod etdi. Ijodning, she’riyatning sirli nuqtalariga to‘xtaldi. Shoirning “Azizim” she’ri esa yig‘ilganlarga ilhom bag‘ishladi. Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo‘minova va Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi murabbiyi Bahodir Isoning she’riy chiqishlari ijodkor o‘qituvchilarni she’riyatning sehrli olamiga yetakladi.
Marosim yakunida o‘qituvchi ijodkorlarning mushoirasi tashkil etildi. Murabbiylar tomonidan taqdim etilgan g‘azallar, she’rlar adabiyot bayramiga haqiqiy tuhfa bo‘ldi.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman nasr va nazm yo‘nalishi bo‘yicha sho‘’balarda davom etdi. O‘qituvchilarning ijodiy ishlari ko‘rib chiqilib, ustoz ijodkorlar tomonidan saboq va tavsiyalar berildi. Fikrlar almashildi.
Odinaxon Abdurahimova, “Ijodkor o‘qituvchi – 2021" anjumani ishtirokchisi:
– Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida yashab, ijod qilaman. Matematika fani o‘qituvchisiman. Bugungi anjumanda barcha e’tirof, maqtov va sovg‘alar biz – ustozlarga bo‘ldi. Go‘zal she’rlar o‘qildi, bebaho fikrlar aytildi.
Yurtimizning olis qishloqlarida ham bolalarga dars o‘tib, ham qalam tebratayotgan o‘qituvchi ijodkorlarga o‘zlarini namoyon qilish, she’rlarini o‘qish uchun minbar berildi. Yuragi yoniq shoirlar kashf etildi.
Katta hayajon va quvonch bilan ishtirok etdik.
Men buning uchun, avvalo, Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limiga, aziz ustozlarimga minnatdorlik bildiraman.
O‘zining ulug‘ tilaklari va go‘zal she’rlari, samimiy munosabati, mehr-e’tibori bilan ko‘nglimizni shod etgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari Xurshid Do‘stmuhammad, Zulfiya Mo‘minova hamda shoir Rustam Musurmonga, shuningdek, poytaxtda bizni iliq kutib olgan va o‘z maslahatlarini bergan barcha ustozlarga rahmat aytaman.