Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda buyuk oʻzgarishlar kechayotgan ayni kunlarda ustoz ijodkorlarning tavallud sanasi, xotira yigʻilishlarining tashkil etilishi Prezidentimizning adabiyotga, maʼnaviyat-maʼrifatga boʻlgan eʼtibori yuksak namunasi ekanini taʼkidladi.
– Alp Jamol va u yaratgan obrazlar haqida gap ketganida har birimizning yuzimizga tabassum yoyilishi bejiz emas, – dedi Sirojiddin Sayyid. – Ijodkor uzoq yillar “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi”, “Televizion miniatyuralar teatri” koʻrsatuvlarida rang-barang aktyorlar bilan baqamti ijod qilgan. U yaratgan obrazlar quruq soʻz quli boʻlib qolmagan yorqin, tiniq, tirik obrazlar ekanligi bilan ahamiyatlidir. Masalan, Gʻizgʻizon misli koʻrilmagan darajada dilozor, ichiqora, hasadgoʻy banda obrazidir. Dramaturgning ustaligi shundaki, muallif nuqul uni qora boʻyoqlar bilan chaplab tashlamagan. Uni tirik inson sifatida gavdalantirgan.
“Mehribonlar” kitobining masʼul muharriri “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev Alp Jamol yaratgan asarlarni har qanday zamonda hech qanday oʻzgartirish va tahrirsiz eʼlon qilish mumkinligi, mazkur hajviyalar oʻzbekona lutf, askiya, qochirimlarga uygʻun ekani bilan ahamiyatli ekanligini aytib oʻtdi.
– Taniqli oʻzbek dramaturgining xotira tadbirida ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz, – dedi Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti oʻqituvchisi Leyla Najafzoda. – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Uchinchi Renessans haqida juda koʻp gapiradi. Ayni taraqqiyot pallalariga Yevropada ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur Renessans sari yoʻl oʻzbek ijodkorlarining asarlarini asl oʻzbek tilida oʻqish bilan boshlanadi. Xorijlik oʻquvchilar Alisher Navoiy, Bobur Mirzolar qatorida Alp Jamol kabi ijodkorlarning asarlarini ham oʻzbek tilida mutolaa qilishni istaydi.
– Men bugungi tadbirga ijodiy faoliyatimning eng qizgʻin va yorqin damlaridagi xotiralarim zavqi va hayajoni bilan keldim, – deydi Oʻzbekiston xalq artisti Xayrulla Saʼdiyev. – Alp Jamoldek ijodkor bilan hamkorlikda ishlaganimdan juda baxtliman. Oʻsha damlarda muxlislarimiz televizorda “Miniatyuralar teatri” boshlangan paytlarda koʻchada odamlar siyrak boʻlib qoladi deb koʻp taʼkidlashar edi. Ayniqsa, viloyatlarga ijodiy safarga borgan chogʻlarimizda teletomoshabinlar Oʻzbekiston xalq artisti Ergash Karimovni “oyimdan qolgan toshoyna qani?» deya kutib olishar, “Paxtakor yutgan kun” intermediyasini qayta-qayta sahnada qoʻyib berishimizni talab qilishar edi.
Taniqli yozuvchi va jurnalist Xurshid Doʻstmuhammadning taʼkidlashicha, Alp Jamol asarlarida tilga olingan illatlar bugun ham jamiyat murosasizlik bilan kurash olib borishi kerak boʻlgan kamchiliklardir.
– Alp Jamolning asarlari televideniye va radioda qayta-qayta namoyish qilinib, respublikamiz teatrlarida sahnalashtirilganligiga qaramay uning biron kitobi chop etilmadi, – deydi taniqli rejissyor Mirabbos Mirzaahmedov. – Bir kuni ustoz menga “Men barcha asarlarimni xalqimizning samimiy eʼtiroflari, hayotiy haqiqatlari asosida yozganman. Hozircha asarlarimni chop etishga ruxsat berishmayapti, hali oʻzing guvoh boʻlasan, bolam, vafotimdan soʻng kitoblarim birin-ketin nashr qilinadi”, degan edilar. Shurkim, shu kunlarni koʻrish menga nasib etdi.
Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston xalq artisti Xayrulla Saʼdiyev, taniqli rejissyor Mirabbos Mirzaahmedov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov va boshqalar Alp Jamoldek taxallus bilan ijod qilib millionlab yuraklarni zabt etgan Jamoliddin Asomiddinov 200 dan ortiq hajviy hikoya, intermediya muallifi ekanini taʼkidladi. Alp Jamolning “Toshteshar”, “Jafoga vafo”, “Quvgʻin”, “Toʻydagi tugun”, “Mehribonlar”, “Gʻizgʻizon” kabi asarlari viloyat va poytaxt teatrlarida sahnalashtirilgan.
“Mehribonlar” kitobini varaqlar ekanmiz, taniqli dramaturg, milliy teleminiatyuralar teatri koʻrsatuvi asoschilardan biri haqida zamondoshlar xotiralari, ijodkorning murakkab hayot yoʻli, dunyoqarashi koʻz oʻngimizda gavdalanadi.
Xotira tadbirida Alp Jamol ijodining ahamiyati xususida batafsil soʻz yuritildi. Ijodkor haqidagi iliq xotiralar yodga olindi. Marhum ijodkorning farzandiga Alp Jamolni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga aʼzolikka qabul qilish boʻyicha guvohnoma topshirildi. Yigʻilganlarga “Mehribonlar” kitobi taqdim etildi.
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri