баннер
18 Mar 2025
21:23

    “Adabiyot tirikchilik emas, tiriklik manbai”

    Yozuvchi Luqmon Boʻrixon ham nisbatan qisqa umr koʻrsa-da, ushbu maktabning munosib davomchisi martabasini sidqidildan oqlagan adib edi.

    “Oʻtirik”

    Gazetamizning oʻtgan yil yanvar oyidagi dastlabki sonlaridan birida soʻnggi sahifaning uchdan bir qismiga jo boʻlgan moʻjazgina “Oʻtirik” hikoyasi chop etildi. Sinchkov mushtariylarimiz yaxshi biladi, 5 yillik faoliyati davomida “Yangi Oʻzbekiston” nashri sahifalarida sanoqli, nari borsa 3 yoki 4 ta hikoya eʼlon qilingan. Biroq “Oʻtirik” mavzusi, syujeti, qahramonlari, tili, ifoda uslubi bilan tahririyat xodimlarining ham, gazetxonlarning ham xotirasidan mustahkam oʻrin oldi. Sababi...

    Jurnalistlarga, ayniqsa, gazetachilik vakillariga koʻp narsa kerak emas, ozgina eʼtibor va eʼtirof kifoya. Ortigʻini kutmaydilar ham. Hikoya berilganidan keyin hamkasblar, tashqi mualliflar, sohamizning taniqli namoyandalari, ustozlardan koʻplab samimiy gaplar eshitdik. “Yaqin orada bunday yaxshi hikoya oʻqimagan edik”. “Baraka topinglar, yaxshi hikoya beribsizlar”. “Shu asarni chop etib yaxshi ish qilibsizlar”. “Juda xalqchil hikoya ekan, muallifga ham, sizlarga ham rahmat”. Bu kabi gaplar jurnalistlarga qanot beradi, albatta.

    Mana, oradan bir yildan ziyod vaqt oʻtdi, lekin tahririyatning kundalik ijodiy yigʻilishlarida, turli davralarda ham oʻsha “Oʻtirik” hikoyasi, uning gazetada berilgani xayrli boʻlgani kabi fikrlar hamon tilga olinadi. Darvoqe, bu asar yozuvchi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Luqmon Boʻrixon qalamiga mansub.

    Adibni yaqindan bilganlar uning oʻz asarlari qahramonlari kabi samimiy, sodda, odamlarga yaxshilik ulashuvchi inson boʻlganini eʼtirof etadi. Luqmon Boʻrixon bilan olis 1991-yil yoshlar gazetasida ishlayotgan kezlarim tanishgan edik. Biz tengilar unga havas qilardik. Axir bizdan atigi 5-6 yosh katta, lekin ijodiy doirada ancha tanilgan va hurmat qozongan edi. Luqmon aka avvaliga ham jurnalistika, ham badiiy ijodning boshini birdek tutgandi. Keyin adabiy muhitning qoʻli baland keldi. U faoliyati davomida turli tahririyatlarda adabiy xodim, boʻlim mudiri, “Yoshlik” jurnalida muharrir oʻrinbosari, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda yetakchi muharrir vazifalarida xizmat qildi. Soʻng Yozuvchilar uyushmasi Ijodiy kengashlar bilan ishlash boʻlimi yetakchi mutaxassisi boʻlib ishladi.

    — Sizda badiiy ijodga ham yaxshigina moyillik bor-ku. Hikoya va hajviyalar yozishni davom ettiring, keyinchalik jiddiy va katta asarlar yozishga harakat qilib koʻrasiz, yaxshi narsalar yaratsangiz boʻladi, — derdi rahmatli.

    Lekin men maʼlum va nomaʼlum sabablar bilan jurnalistika doirasidan chiqa olmadim.

    “Begonalar yurmas bu yerda”

    Oʻzbek adabiyotida nasr, xususan, hikoyanavislik janrini yuqori choʻqqilarga olib chiqqan adiblar juda koʻp. Abdulla Qodiriydan to Abdulla Qahhorgacha, Said Ahmaddan Oʻtkir Hoshimovgacha, Pirimqul Qodirovdan Shukur Xolmirzayevu Erkin ­Aʼzamgacha boʻlgan yozuvchilar yaratgan maktab bu. Yozuvchi Luqmon Boʻrixon ham nisbatan qisqa umr koʻrsa-da, ushbu maktabning munosib davomchisi martabasini sidqidildan oqlagan adib edi.

    Adib 1987-yili yozilgan “Begimqul katta” hikoyasi bilan adabiyot eshigidan dadil kirib keldi. Hikoya “Yoshlik” jurnalida eʼlon qilingach, ustoz yozuvchilar badiiy boʻstonda yana bir qalam sohibi oʻzgacha nigoh, oʻzgacha nafas bilan paydo boʻlganini eʼtirof etdi. Shundan soʻng yozuvchining “Yalangoyoq”, “Sirli muallim” cingari hikoya va qissalar toʻplamlari nashr etildi. “Jaziramadagi odamlar” romani esa unga yanada katta shuhrat olib keldi. 2006-yili adib “Sirli muallim” qissasini yozdi. 2007-yili Luqmon Boʻrixonning “Xizr koʻrgan yigit” qissalar va hikoyalar toʻplami chop etildi.

    “Temir yoʻl” romani 2009-yili oʻquvchilar qoʻliga borib yetdi. Romanda Toshguzar — Boysun — Qumqoʻrgʻon temir yoʻlini barpo etgan fidokor temiryoʻlchilar hayotidan hikoya qilingan boʻlib, zamondoshlarimiz qiyofasi yoritilgan eng yaxshi asarlardan biri sifatida baholandi. Shu yili muallif ­matbuotda eʼlon qilingan badiiy-publitsistik maqolalari uchun “Oltin qalam” xalqaro tanlovi sovrindori boʻldi.

    2012-yilda Luqmon Boʻrixon “Tun qaʼridagi shuʼla” qissa va hikoyalar toʻplamini, “Buyuk oʻzbek yoʻli” badiiy publitsistik maqolalar jamlanmasini oʻquvchilar hukmiga havola etdi. Keyinchalik “Olov tutgan odam”, “Begonalar yurmas bu yerda” kabi romanlari bilan adabiy jamoatchilik eʼtiborini qozondi.

    Adibning 2022-yilda chop etilgan “Sokin daryo” romani ham oʻquvchilarni befarq qoldirmadi. Muallif ushbu asarida davrimiz atoqli olimlaridan birining hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi. Bugungi yoshlarimizga ibrat boʻladigan qahramon siymosini badiiy boʻyoqlarda yorqin tasvirlab berdi.

    Yozuvchining, ayniqsa, buyuk alloma Imom Moturidiy hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Imom Moturidiy” romani adabiyot ixlosmandlari, keng jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Qator taniqli ijodkorlar, mutaxassislar, diniy soha olimlari tomonidan yuksak eʼtirof etildi. Dramatik voqealarga, qiziqarli, sermazmun bahs-munozaralarga boy ushbu asarda yozuvchi olis X asr boshlaridagi koʻhna Samarqandning siyosiy-ijtimoiy, maʼrifiy hayotidan ayrim lavhalarni qalamga oladi. Ulugʻ ajdodlarimizdan biri, alloma Abu Mansur Moturidiyning badiiy siymosini aks ettirishga urinadi.

    Roman “2022-yilning eng yaxshi asari” tanlovining bosh mukofotiga loyiq koʻrildi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida boʻlib oʻtgan gʻoliblarni taqdirlash marosimida asar muallifi bilan suhbatlashib, gazetamiz uchun muxtasargina maqola ham tayyorlagan edik.

    — Bugun ulugʻ ajdodlarimizni, dunyoga mashhur allomalarimizni eʼzozlash, ularning ilmiy-ijodiy merosini chuqur oʻrganish, keng targʻib qilish masalalariga davlatimiz rahbariyati tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda, — degan edi Luqmon Boʻrixon. — Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilishi fikrimizning yaqqol dalilidir. Mazkur markaz oldiga qoʻyilgan vazifalar, topshiriqlar gʻoyat jiddiy va ahamiyatli. Aytish mumkinki, ushbu vazifalarning aksariyat qismi yozuvchilarimiz va shoirlarimizga ham tegishli. Men ham bir qalamkash sifatida buyuk mutafakkir bobomizning siymosi, hayot yoʻli, aqida sofligi, mustahkamligi uchun qatʼiy kurashi aks etgan asar qoralashga urinib koʻrdim.

    Darhaqiqat, asar gʻoyat xalqchil, ravon tilda yozilgani bilan ahamiyatli. Muallif voqealar bayoni va takomilini rivojlantirishda, epizodlarning oʻzaro uygʻunligi bogʻlanishlarida asosan “eslash” usulidan foydalangan. Kitobxon ushbu asarni oʻqib, uzoq oʻtmishimiz, buyuk ajdodlarimiz va ularning kurashlari haqida qimmatli maʼlumotga, jonli tasavvurga ega boʻladi.

    — “Imom Moturidiy” tili Luqmonning koʻpchilik asarlariniki singari xalqona, musiqiy, jozibali hamda eng murakkab fikru tuygʻular ham koʻpchilikka oson yetib boradigan yoʻsinda ifodalangan juda taʼsirli va goʻzal oʻzbek tili ekani bilan odamni oʻziga jalb qiladi, — deydi pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yoʻldosh. — U tarixiy romanni tarixda oʻtib ketgan odamlar uchun emas, balki bugungi chogʻdosh oʻqirmanlar uchun yozayotganini bir zum boʻlsin unutmagan. Shuning uchun uning bitganlari qiziqish bilan yengil oʻqiladi, oson tushuniladi. Chunki yozuvchining fikrlash yoʻsini aniq, soʻz qoʻllash isteʼdodi yuksak.

    Yana bir gap. Davlatimiz rahbari 14-mart kuni “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Unda buyuk vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur Moturidiyning ibratli hayot yoʻli va boy ilmiy-maʼnaviy merosini har tomonlama chuqur oʻrganishni ragʻbatlantirish, moturidiylik taʼlimotiga xos bagʻrikenglik va moʻtadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadlari aks etgan.

    Hujjatda koʻplab vazifalar qatorida Imom Moturidiyning serqirra hayot yoʻli va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish ham nazarda tutilgan. Nazarimizda, Luqmon Boʻrixonning “Imom Moturidiy” romanida aks etgan syujet ushbu film asosini tashkil qilishi maqsadga muvofiq boʻladi.

    Xaloskor omil

    Luqmon aka to vafotiga qadar (2023-yil, iyul), oʻzining taʼbiri bilan aytganda, “Adabiyot tirikchilik emas, tiriklik manbai” degan aqidaga amal qilib yashadi. Oʻzbek nasrida oʻziga xos uslubga, oʻz ohangiga ega boʻlgan yozuvchi “Begimqul katta”, “Yalangoyoq”, “Donishmand”, “Qaydasan, muhabbat?”, “Kechikkan koʻz yoshlar”, “Dard”, “Oʻgʻil”, “Tumor”, “Kutilmagan tashvish”, “Kutilgan kun”, “Maktub”, “Temir sandiq”, “Sinov muddati”, “Qoʻnoq”, “Choʻldan kelgan tashvish” kabi qator hikoyalari orqali oʻz soʻzini aytishga harakat qildi va kitobxonlarning sevimli ijodkoriga aylandi.

    Luqmon Boʻrixon mavzu tanlashda jamiyatdagi, ijtimoiy hayotdagi, insonlar orasidagi eng dolzarb muammolarni qalamga oldi. Yozuvchining qator hikoyalarida jamiyatni orqaga tortadigan eng yomon illatlardan biri — loqaydlik, beparvolik qoralanadi. Luqmon Boʻrixon uslubidagi poetik zanjir — badiiy-mantiqiy izchillik omillari uning hikoyalarini bir-biriga bogʻlashga xizmat qiladi. Adibning “Oʻgʻil”, “Sinov muddati” hikoyalarida bir-biriga juda yaqin holat tasvir etilsa-da, inson loqaydligi, beparvoligi qanday oqibatlarga olib kelishi alohida obrazlar, xarakterlar orqali chuqur ochib beriladi.

    2020-yildagi suhbatlarining birida Luqmon aka adabiyotning jamiyatda tutgan oʻrnini qanday tasavvur etishi haqida bunday degan ekan: «Suvning, havoning inson tirikligida nechogʻliq zarurati boʻlsa, adabiyotning ham jamiyat hayotida shunchalik ahamiyati bor. Shu kecha-kunduz qay bir davlatda qandaydir virus paydo boʻlibdi. Eshitganlar, vahimaga tushganlar ogʻiz-burniga bir parcha niqob taqib oldi. Badaniga qandaydir em, dori-darmon yuborayotganlarning ham soni ming. Goʻyoki shu yoʻllar bilan oʻzlarini oʻsha balodan himoya qilmoqchi. Jon shirin-da: hamma bilganicha, aqli yetganicha qattol kasallik oldini olish ilinjida chopadi. Xoʻsh, odamzodning maʼnaviyatiga, qalbiga oʻshanday ofatlar xuruj qilsa-chi?! Uni qanday niqob bilan qoʻriqlay olamiz? Odamning ong-shuuriga, tafakkuriga dorigan oʻlatning biror emi, muolaja usuli bormi?

    Ha, bor. Buni oqilu donolarimiz ming yillardan beri takrorlab keladi. Ilm, nazm, fasohat, latofat dunyoni, odamni qutqaradi, deyishadi. Bu xaloskor omillarning barchasi badiiy adabiyotda mujassam! Ha, adabiyot shunday buyuk najot, ammo koʻp hollarda uning oʻzi yordamga, madadga, eʼzoz-ehtiromga muhtoj. Avvalo, adabiyotning oʻzini qutqarishimiz zarur! Shovqin-surondan, johillikdan, yolgʻondan, taʼmadan, yalangʻochlikdan asrashimiz lozim. Uni bozorga solmasligimiz kerak! Savdo-sotiqning dagʻal va sovuq muomala-munosabatlari unga toʻgʻri kelmaydi. Axir adabiyot tirikchilik emas, tiriklik manbai! U hayotning ham, jamiyatning ham mavjudligini taʼminlaydi. Shuning uchun bozor ham, gulzor ham adabiyot xizmatida boʻlishi maqsadga muvofiqdir».

    Soʻz va amal birligi

    Bugun adabiyotga har qachongidan ham ehtiyoj katta. Badiiy soʻzga — xaloskor soʻzga, yupatuvchi, ruhlantiruvchi soʻzga tashnalik, ilhaqlik har lahzada, har qadamda sezilib turibdi. Xuddi shu chanqoqlikni qondira oladigan, fikrga chorlab, surur baxsh etadigan asarlar kerak. Bu oʻta dolzarb, oʻta masʼuliyatli zarurat. Zaruratki, uning zalvori, eng avvalo, nasr janrining yelkasiga tushadi. Chunki har qanday millat, har qanday el-elat adabiyotining koʻlamini, qiyofasini koʻpincha nasriy asarlar belgilaydi.

    “Prezidentimiz, hukumatimiz tomonidan ijodkorlar oldiga zamon qahramonlari obrazini yaratish vazifasi qoʻyilgan. Oʻta dolzarb, oʻta haqqoniy talab! Chunki davr, hayot oʻzgarmoqda. Soʻnggi yillar millat turmush tarzida, ongida va qalbida evrilishlar yuz berdi. Xuddi shu evrilishlar markazidagi bugungi oʻzbekning quvonchu tashvishlarini, ichki olamini, ruhiy toʻlgʻoqlarini badiiy asarlarda aks ettirish zarurati pishib yetildi. Qolaversa, bugun dunyo boʻylab mafkuraviy, gʻoyaviy kurash qizgʻin pallaga kirdi. Sharqu Gʻarb madaniyati, axloqi, tafakkuri bashariyat ongini, qalbini egallash uchun oʻzaro talashib-tortishmoqda. Uning sharpalari yurtimiz uzra ham kezib yuribdi. Bu talatoʻplar silsilasida millat taqdiri qanday boʻladi? Mustaqilligimiz mustahkamlanib, yurtboshimiz boshlagan sharafli yoʻldan davom etadimi? Milliy qadriyat, milliy madaniyat omon saqlab qolinadimi? Kelajak avlodlar oldida yuzimiz yorugʻ boʻladimi? Bu xil ogʻriqli savollarga yozuvchilarimiz zamona qahramonlari obrazinigina yaratib javob berishi mumkin. Buning uchun badiiy barkamol, samimiyat va xolislikka yoʻgʻrilgan asarlar yozish kerak boʻladi”.

    Yozuvchi oʻzining fuqarolik pozitsiyasi aks etgan yuqoridagi fikrlarini vafotidan 2-3 yil oldin yozgan maqolalarining birida ifoda etgan edi. Bu bitiklar quruq gap emasligini u oʻz ijodi misolida aniq-tiniq koʻrsatib bera oldi.

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri



    Telegram kanalimiz
    Text to speech