Adaptiv sport turlarini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi

    Sport 15 Noyabr 2024 447

    2024-yil 15-dekabrdan nogironligi boʻlgan shaxslar davlat mulkida boʻlgan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarida bepul shugʻullanishi uchun yoʻllanma beriladi.

    Prezidentning 08.11.2024-yildagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-389-sonli qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan 2024-yil 15-dekabrdan boshlab sport bilan shugʻullanishni istagan nogironligi boʻlgan shaxslarning murojaatiga koʻra, «Inson« ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan davlat mulkida boʻlgan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarida bepul sport bilan shugʻullanish uchun yoʻllanma berilishi belgilandi.

    Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari va «Muruvvat« internat uylarida 2025-2026-yillarda Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan sport inshootlarini qurish, taʼmirlash va jihozlash, shuningdek sport toʻgaraklarini tashkil etish rejalashtirilgan.

    Hujjatga muvofiq quyidagilar tashkil etiladi:

    • Oʻzbekiston adaptiv sport turlari Assotsiatsiyasining hududiy boʻlimlari;
    • Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi huzuridagi Paralimpiya sport turlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash instituti negizida adaptiv jismoniy tarbiya va adaptiv sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti.

    Adaptiv sport turlari Assotsiatsiyasining asosiy vazifalari:

    • adaptiv sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish;
    • adaptiv sport turlari boʻyicha NNTlar va davlat organlari oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlash;
    • adaptiv sport turlari boʻyicha iqtidorli sportchilarni aniqlash, saralash, tanlab olish va ularni professional sportchi sifatida tayyorlash tizimini muvofiqlashtirish;
    • davlat sport-taʼlim muassasalari sport infratuzilmasi obyektlarining moddiy-texnik bazasini yaratishda ishtirok etish va konsepsiyalar hamda boshqa loyiha hujjatlarini ishlab chiqish;
    • adaptiv sport turlari boʻyicha murabbiylar, uslubchi-yoʻriqchilar va boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va kasbiy rivojlantirishning zamonaviy va samarali tizimini joriy etish va boshqalar.

    2025-yil 1-fevraldan boshlab paralimpiya sport turlari, karlar sporti, koʻrish qobiliyati buzilgan shaxslar sporti, maxsus olimpiada sport turlari, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslar shugʻullanadigan boshqa sport turlari boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari yoʻlga qoʻyiladi. Kurslar yakunida 4-yil davomida amal qiladigan malaka sertifikati beriladi.

    Nogironligi boʻlgan shaxslar YAIDXP mobil ilovasi orqali jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini, shuningdek adaptiv sport turlari boʻyicha guruhlar tashkil etilgan sport maktablarini tanlash imkoniyatiga ega boʻladilar.

    Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

    • Adaptiv sport turlarini rivojlantirish va jismoniy reabilitatsiya tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi;
    • Surdlimpiya, Maxsus olimpiya, IBCA Jahon oʻyinlari, Surdosiyo va Okeaniya oʻyinlari, Maxsus olimpiya Yevropa yozgi oʻyinlari, Amputantlar oʻrtasida futbol boʻyicha jahon chempionatida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar hamda ularni tayyorlagan murabbiylarni Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish miqdorlari.ye: