Adiblar xiyoboni Alisher Navoiy haykali poyida Davlat bojxona qoʻmitasi, Bojxona instituti, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538-yilligi munosabati bilan “Jahon tamaddunida – Temuriylar davri renessansi” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Nurboy Jabborov, Olimjon Davlatov, Gʻayrat Majid, Murodxon Kalonxonov va Maʼmura Zohidova kabi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari va olimlar, shuningdek, Davlat bojxona qoʻmitasi masʼul xodimlari, Bojxona instituti professor-oʻqituvchilari va kursantlar ishtirok etishdi.

Tadbir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning haykali poyiga gul qoʻyish marosimi bilan boshlandi.

Tadbirda soʻz olgan adabiyotshunos olimlar, yozuvchilar tomonidan Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutishi, ular oʻzlarining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egallaganligini alohida taʼkidlab oʻtdilar. Bu ikki buyuk allomaning ibratli hayot yoʻli, umuminsoniy gʻoyalarga yoʻgʻrilgan asarlari asosida yoshlarimizni qurollantirib, vatani, xalqiga xizmat qiladigan yosh avlodni tarbiyalashda eng munosib qoʻllanma boʻlishini aytib oʻtdilar.

Tadbirda Davlat bojxona qoʻmitasi raisi maslahatchisi H.Azizov soʻzga chiqib, gʻazal va sheʼriyat sultoni, tasavvuf ilmining zargari Alisher Navoiy va ham shoir, ham sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur kabi daholar badiiy ijodda, ilmda, davlat boshqaruvi va harbiy sanʼatda obroʻ qozonishi faqatgina bu yoʻnalishlarda emas, balki millat, xalqaro hamjamiyatning maʼnaviy tafakkuridagi yuksalishlarga xizmat qilishini taʼkidladi. Ularning noyob isteʼdodi, qoldirgan boy merosi millat nufuzi buyukligini saqlashga, nomini koʻklarga koʻtarishini aytib oʻtdi.

Tadbir davomida Bojxona instituti ijodkor kursantlari gʻazalxonlik chiqishlarini yigʻilganlarga havola etdilar.