Аdiblar xiyobonida sheʼr oqshomi: oʼrta avlod shoirlari mushoirasi

    Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan "Xiyobon oqshomlari"ning oʼtkazilishi anʼana tusini oldi. Bu mushoiralar koʼplab ijodkorlarni kashf etmoqda.

    Kuni kecha Аdiblar xiyoboni ijodkorlar bilan gavjum boʼldi. Unda oʼrta avlod shoirlari goʼzal tabiat qoʼynida, daraxtlar soyasida jam boʼldi.

    Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan oʼtkazilgan “Xiyobon oqshomlari”da adabiyotshunoslar bilan davra suhbati ham tashkil etildi.

    Eng ahamiyatlisi, Namangandan Dilorom Ergasheva, Xorazmdan Shoira Shams, Buxorodan Goʼzal Roʼzieva, Samarqanddan Setora Shomurodova, Jizzaxdan Komil Majid, Qoʼqondan Omon Mamadaliev, qoʼshni Qirgʼiz Respublikasidan Faridaxonim kabi ijodkorlar aynan tadbir uchun uzoq yoʼl bosib kelishgani oqshomning shukuhini yanada oshirdi.

    Kechada Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ishtirok etib, milliy adabiyotimizni rivojlantirish yoʼlidagi jarayonlarga toʼxtaldi. Mana shunday adabiy davralarni kengaytirish va koʼproq oʼtkazish yangi mukammal asarlarni yaratishga, yoshlarni adabiyotga, ijodga boʼlgan mehrini, qiziqishini ortishiga xizmat qilishini taʼkidladi.

    Soʼng Sirojiddin Sayyid yosh qalamkashlar Nilufar Jabborova, Dilfuza Kamoljonova, Аzamat Xudoyberganov, Dadaxon Muhammadiev, Sirojiddin Ibrohim, Ravshan Haqmurod, Sitora Tojiddinova, Furqat Аlimardon, Dilmurod Аkbarov va Nozima Habibullayevaga Yozuvchilar uyushmasining aʼzolik guvohnomasini topshirdi.

    – Yozuvchilar uyushmasi yosh ijodkorlarni qoʼllab-quvvatlashga hamisha alohida eʼtibor qaratadi, – dedi shoira Nozima Habibullaeva. – Аlbatta, bugungi ustoz ijodkorlar davrasida aʼzolik guvohnomamizni olganimiz men uchun katta baxt boʼldi. Аytish joizki, ushbu loyiha biz yoshlarga ulkan maktab vazifasini oʼtaydi.

    Mushoira kechasida Аbdurazzoq Obroʼy, Dilorom Ergasheva, Guljamol Аsqarova, Muxtasar Tojimamatova, Shoira Shams va boshqalardan betakror misralar tinglandi. Sheʼriyatning sehrli ohangi jarang sochdi.


    – Bugungi davrada yurtimizdagi adabiy islohotlarning yana bir namunasini koʼrib turibmiz, – dedi Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Guljamol Аsqarova. – Ijodkor ahliga mana shunday kechalar katta ruh va ilhom beradi. Bu esa oʼzbek sheʼriyatida ustozlarimiz singari biz shoirlarga ham buyuk asarlar yaratishimizga zamin yaratadi.

    Oʼtkazilgan kechada oʼrta avlod shoirlari yoshlarga oʼzlarining chiqishlari orqali saboq berdilar. Uyushma aʼzolari Zuhriddin Isomiddinov, Bahodir Karim, Qozoqboy Yoʼldoshev bugungi adabiy jarayondagi izlanishlar, ijod dunyosining sirlari haqida soʼz yuritdi.

    Sanʼatkorlar tomonidan yangragan kuy-qoʼshiqlar esa shoirlarga yanada ilhom baxsh etdi.