Soʻnggi yillarda davlat boshqaruv organlarida ochiqlik va shaffoflik siyosati yuritilayotgani oʻz natijasini bermoqda. Lekin bu jarayon huquq-tartibot idoralarining ishiga sekin kirib kelayotgani, ularning faoliyati tashqaridan xolis oʻrganilmayotgani qayd etildi.
Bu idoralarning yopiq holatda ishlashi ularni oʻziga ham, jamoatchilikka ham foyda keltirmasligi, sohada oʻzgarish, rivojlanish boʻlmasligi taʼkidlandi.
Butun dunyoda huquq-tartibot faoliyati va qonuniylikni taʼminlashga javob beradigan adliya tizimi eskicha ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi. Endi adliya tizimini ham kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Bu borada birinchi qadam sifatida Adliya vazirligi tomonidan huquq-tartibot idoralarining faoliyatini “huquqiy audit”dan oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. “Huquqni muhofaza qilish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, adliya organlarining aniq roli, yangi vazifa va vakolatlari belgilanadi.
«Biz Toshkent shahrida jinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim qilyapmiz.
Shu bois, poytaxtga respublikadan biriktirilgan masʼullar tumanga tushganda majlisbozlik bilan shugʻullanmasdan, aholi muammolarini eshitishi, yuqoridagi masalalar boʻyicha yangi tajribalar qilib, natija koʻrsatishi shart», – dedi davlatimiz rahbari yigʻilish yakunida.
Yigʻilishda huquq-tartibot idoralari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.