Uchrashuvda adliya vaziri Ruslabek Davletov hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida jalb qilingan “Jacobs, Cordova and Associates” xalqaro konsalting tashkiloti katta direktori – S. Kordova, iktisodiy rivojlanish boʻyicha maslahatchisi – J. Armando, axborot kommunikatsiyalari boʻyicha maslahatchisi – S. Gafton ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda qonun hujjatlarini tartibga solish taʼsirini baholash (TSTB) tizimiga oid islohotlar, dastlabki natijalar va ushbu sohada istiqboldagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.

S. Kordova TSTB institutning mamlakat rivojidagi oʻrni, xorijiy mamlakatlar amaliyoti, sifatsiz va samarasiz qonunchilik hujjatlari va ularning qabul qilinishini salbiy oqibatlari haqida toʻxtalib oʻtdi.

Ekspertlar Oʻzbekistonda TSTB tizimi, mexanizmi va baholashdan oʻtkazish metodlari ilgʻor halqaro tajriba asosida ishlab chiqilganligini alohida eʼtirof etishdi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur sohaga oid maxsus qarori qabul qilinganligini, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalining (regulation.gov.uz) TSTBdagi oʻrni va roli muhimligini taʼkidlab oʻtishdi.

Uchrashuv yakunida adliya vaziri hamda Doktor Kordova oʻrtasida tartibga solish taʼsirini baholash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan kelgusi hamkorlikni davom ettirish va amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida kelishib olindi, deya xabar beradi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Maʼlumot uchun: “Jacobs, Cordova and Associates” xalqaro konsalting tashkiloti 1985-yildan buyon davlat boshqaruvi va tartibga solishdagi muammolarni hal etish hamda samarali boshqaruv islohotini amalga oshirish boʻyicha 100 dan ortiq davlatlarga koʻmak bergan.