Uchrashuv CrimsonLogic kompaniyasi vakillarining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida amalga oshirilgan boʻlib, unda adliya va huquq sohasini raqamlashtirish boʻyicha loyihalarga investitsiyalar jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

CrimsonLogic kompaniyasi savdoni faollashtirish, elektron sud tizimi, elektron hukumat va aqlli shahar kabi sohalarda davlat va xususiy muassasalar uchun raqamli yechimlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan tashkilotdir. Uning 20 ga yaqin xorijiy davlatlarda vakolatxonalari mavjud boʻlib, 40 dan ortiq xorijiy davlatlar (Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Tayland, Qozogʻiston va boshqalar) bilan 60 dan ortiq loyihalar doirasida hamkorlik olib boradi.

Adliya vazirligi vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan joriy qilingan va yoʻlga qoʻyilayotgan axborot tizimlari toʻgʻrisida maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Oʻz oʻrnida janob Yong Vi Tan CrimsonLogic kompaniyasining faoliyati, xorijiy mamlakatlar bilan huquq sohasida amalga oshirilgan investitsiya loyihalari toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etdi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.