Soʻngi yillarda yurtimizda mulk huquqini himoya qilish boʻyicha koʻrilayotgan qatʼiy choralarga qaramasdan aholidan ularning yerga va uy-joylariga boʻlgan huquqlari poymol etilishi toʻgʻrisida murojaatlar kelib tushishda davom etmoqda.
Xususan, Adliya vazirligiga birgina joriy yilning I choragida yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar yuzasidan 50 ga yaqin shikoyatlar kelib tushgan boʻlib, ularda asosan fuqarolar tomonidan quyidagi masalalar koʻtarilmoqda.
Qonun normalarini oʻxshashlik asosida qoʻllab, investitsiya loyihalari boʻyicha fuqarolarni xususiy uy-joylaridan majburiy koʻchirilishi, uy-joy qurilgan yerlarni belgilangan tartibda yerga boʻlgan huquqlar bekor qilinmasdan turib bu yer uchastkalari tadbirkorlik subyektlariga koʻp qavatli uylar qurish uchun berilishi yoki “rezerv” qilinishi.
Mulkdorning yerini unga teng boʻlgan yer uchastkasini bermasdan olib qoʻyilishi.
Dehqon va fermer xoʻjaliklari egalarining yerga boʻlgan huquqlari bekor qilinmasdan ushbu yerlarni boshqa shaxslarga berib yuborilishi.
Yuqoridagilarning har biriga huquqiy baho bergan holda yagona davlat huquqiy siyosatini yuritishga masʼul organ sifatida Adliya vazirligi ushbu salbiy holatlarga qatʼiy munosabati quyidagilardan iborat:
Qonun normalarini oʻxshashlik asosida qoʻllab, investitsiya loyihalari boʻyicha fuqarolarni xususiy uy-joylaridan majburiy koʻchirilishi, uy-joy qurilgan yerlarni belgilangan tartibda yerga boʻlgan huquqlar bekor qilinmasdan turib bu yer uchastkalari tadbirkorlik subyektlariga koʻp qavatli uylar qurish uchun berilishi yoki “rezerv” qilinishi masalalari
Uy-joy kodeksining 70 va 71-moddalarida davlat uy-joy fondi (munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi) da yashab turgan shaxslarni turar joydan koʻchirishga doir qoidalar belgilangan.
Bunda, davlat uy-joy fondining uylaridagi egallab turilgan turar joydan koʻchirishga quyidagi asoslar boʻyicha yoʻl qoʻyiladi:
agar turar joy joylashgan uy buzilishi kerak boʻlsa;
turar joy belgilangan tartibda avariya holatida yoki yashash uchun yaroqsiz deb topilgan boʻlsa;
turar joy yashash uchun moʻljallanmagan joyga oʻtkazilayotgan boʻlsa.
Koʻchirish sud tartibida amalga oshiriladi.
Bu holada koʻchmas mulk egasi davlat hisoblanganligi sababli u oʻz mulkidan erkin tasarruf etish huquqiga egadir.
Fuqarolar mulki boʻlgan uy-joy fondidagi uy-joylar esa xususiy mulk hisoblanadi va u Konstitutsiyaning 53-moddasiga muvofiq boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir.
Shu sababli fuqarolar mulki boʻlgan uy-joy fondidagi uy-joylardan mulkdorni Uy-joy kodeksining 70-71-moddalari asosida koʻchirilishiga yetarli asoslar mavjud emas.
Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 5-moddasida fuqarolik huquqlarini cheklaydigan va javobgarlik belgilaydigan normalarni oʻxshashlik boʻyicha qoʻllanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, xususiy mulk boʻlgan mol-mulkni olib qoʻyish, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mulkdorga uning bozor qiymati, shuningdek bunday olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni toʻla qoplanishi sharti bilangina amalga oshiriladi.
Shu bois, fuqarolarning xususiy uy-joylarini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish Uy-joy kodeksining 27-30-moddalari hamda Hukumatning 2019-yil 16-noyabrdagi 911-son qarorida belgilangan qatʼiy talablar asosida tegishli zararlar qoplangach amalga oshirilishi lozim.
Shu bilan birga investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida yer uchastkalari bir jismoniy va yuridik shaxsdan ikkinchi shaxsga berilganligi davlat va jamoat ehtiyoji hisoblanmaydi.
Yer kodeksining 37-moddasiga koʻra yer uchastkasini yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish faqat quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
– mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun yerlar berish;
– Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
– foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib olish;
– avtomobil va temir yoʻllarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya obyektlarini va aviatexnika markazlarini, temir yoʻl transporti obyektlarini, koʻpriklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika tizimi obyektlarini va elektr uzatish tarmoqlarini, aloqa tarmoqlarini, kosmik faoliyat obyektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
– aholi punktlari bosh rejalarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan obyektlarni qurishga oid qismini ijro etish maqsadida, shuningdek qonunlarda va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa hollarda.
BMTning Inson huquqlari boʻyicha komissiyasining 1993/77-son rezolyutsiyasiga asosan, majburiy koʻchirish amaliyoti inson huquqlarining, xususan, yetarli uy-joyga ega boʻlish huquqining jiddiy buzilishi sifatida koʻrsatilgan.
Yer kodeksi talablariga muvofiq, yer uchastkalarini tadbirkorlik subyektlari uchun ularning manfaatlari yoʻlida olib qoʻyish davlat va jamoat ehtiyoji hisoblanmaydi va bunday yondoshuv huquqiy asosga ega emas!
Mulkdorning yerini unga teng boʻlgan yer uchastkasini yoki shunga mutanosib kompensatsiya bermasdan olib qoʻyish masalalari
Yer qonunchiligiga asosan yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi va uy-joylar buzib tashlanishi natijasida quyidagi zararlar qoplab beriladi:
– olib qoʻyilgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining bozor qiymati;
– olib qoʻyilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati;
– koʻchirish, shu jumladan, boshqa koʻchmas mulk obyektini vaqtinchalik olish bilan bogʻliq xarajatlar;
– jismoniy va yuridik shaxslarning boy berilgan foydasi;
– qonun hujjatlarida yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlar va zararlar.
Bunda, kompensatsiya quyidagi shakllarda beriladi:
a) pul mablagʻlari;
b) boshqa koʻchmas mulk obyektini mulk qilib berish;
v) yer uchastkasi;
g) kelishuvda nazarda tutilgan kompensatsiyaning boshqa turlari.
Shuningdek, mulkdorlarga ularning tanlovi boʻyicha va taraflar kelishuviga koʻra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan (16 m2) kam boʻlmagan sahndagi, barcha qulayliklari boʻlgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati toʻlanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati toʻliq hajmda toʻlanadi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilayotganda unga faqatgina yer uchastkasini berish bilan kifoyalanmasdan, balki unga yerdan foydalanishning bozor qiymatidan kelib chiqib, shu jumaladan fuqaro tomonidan qilingan sarf-xarajatlarni inobatga olgan holda olib qoʻyilgan yer va berilayotgan yerning bozor qiymatidagi mavjud farq ham kompensatsiya sifatida toʻlab berilishi lozim.
Dehqon va fermer xoʻjaliklari egalarining yerga boʻlgan huquqlari bekor qilinmasdan ushbu yerlarni boshqa shaxslarga berib yuborilishi masalalari
Yer kodeksining 23-moddasiga asosan, egalikdagi, foydalanishdagi, ijaradagi va mulk qilib berilgan yer uchastkasini boshqa shaxslarga berish (realizatsiya qilish) faqat shu uchastka belgilangan tartibda olib qoʻyilganidan (sotib olinganidan) keyin amalga oshiriladi. Mazkur munosabatlarda aynan ushbu belgilangan asoslarda va tartibga amal qilinishi shart.
Mazkur Kodeksning 37 (davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qoʻyish) va 38-moddalarida (yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganda yer uchastkasini olib qoʻyish) davlat va jamoat ehtiyojlari uchun va yer toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilganda yer uchastkasini olib qoʻyish asoslari va tartibi belgilangan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi PF–5780-son Farmoniga muvofiq qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini olib qoʻyish va bir fermer xoʻjaligidan boshqasiga oʻtkazish vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga berilgan.
Shu bilan birgalikda xalq deputatlari kengashlarining qarorlari qonuniyligi masalasi maʼmuriy sudlarda koʻrib chiqilishi va haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Maʼlumot uchun: Yer uchastkasini noqonuniy olib qoʻyish qonunchilikka muvofiq maʼmuriy va jinoiy javobgarliklarga sabab boʻladi.
Barcha noqonuniy qarorlar va xatti-harakatlarga qonunga asosan baho berilishi hamda sudlarda koʻrib chiqilishi mumkin.
Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi