Adliya yordamida fuqaroga 613 million 646 ming soʻm kompensatsiya undiriladigan boʻldi

    Ijtimoiy hayot 13 Yanvar 2023 1567

    Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Toshkent shahrida yashovchi fuqaro X.B.ning murojaati oʻrganib chiqildi.

    Aniqlanishicha, Pastdargʻom tuman hokimining 2018-yil 7-martdagi 978-Q-sonli qaroriga asosan fuqaro X.B.ga tumanning Juma shahar Furqat mahallasi hududidan tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan 0.44 gektar yer maydoni ajratilgan.

    Ammo Pastdargʻom tuman hokimining 2021-yil 23-iyundagi 908-Q-sonli qarori bilan tuman hokimining yuqorida qayd etilgan qaroriga oʻzgartirish kiritilib, fuqaroga ajratilgan 0,44 gektar yer maydonining 0,24 gektar qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan.

    Fuqarolik ishlari boʻyicha Pastdargʻom tuman sudining 2022-yil 13-maydagi hal qiluv qarori bilan fuqaroga kompensatsiya sifatida Juma shahri hududidan 0,24 gektar yer maydoni ajratish belgilangan. Biroq, tuman hokimligi tomonidan hal qiluv qarorida belgilangan yer maydoni fuqaroga ajratib berilmagan.

    Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-noyabrdagi 911-son qarori bilan tasdiqlangan “Er uchastkalari olib qoʻyilishi va olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 41-bandiga koʻra, olib qoʻyilgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining bozor qiymati, olib qoʻyilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish munosabati bilan kompensatsiya qilib beriladi. Shuningdek, ushbu Nizomning 42-bandida beriladigan kompensatsiya pul mablagʻlari va boshqa koʻchmas mulk obyektini mulk qilib berish qoplanishi belgilangan.

    Fuqaroning Pastdargʻom tuman hokimligiga qilgan murojaatiga tuman hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6243-sonli Farmoniga asosan, tuman hokimligidan yer maydoni ajratish vakolati olinganligi sababli yer maydoni ajratish imkoni yoʻqligi hamda sudning hal qiluv qarorida belgilangan 0,24 gektar yer maydonining oʻrniga bozor qiymatida pul mablagʻlari toʻlab berishi mumkinligini maʼlum qilgan.

    Samarqand viloyat adliya boshqarmasi fuqaroning manfaatlarini koʻzlab Fuqarolik ishlari boʻyicha Pastdargʻom tuman sudiga daʼvo arizasi kiritdi. Sud Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik Protsessual Kodeksining 249-253-moddalarini qoʻllab, Juma shahri hududidagi 0,24 gektar yer maydoni oʻrniga fuqaro X.B. foydasiga 613 million 646 ming soʻm miqdorida kompensatsiya puli undirish haqida qaror qabul qildi.