Adliya huquqiy marshi Yunusobod tuman adliya boʻlimidan boshlanib Adliya vazirligi binosida yakunlandi. Tadbir davomida ishtirokchilar “Shayx Shibliy” MFY hamda “Minor” MFYda boʻlib mahalla binosida sayyor qabul tashkil qilindi. Sayyor qabul davomida adliya boʻlimlari, davlat xizmatlari markazlari, FHDYO, “Madad” NNT xodimlari, notariuslar tomonidan Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan muammolarni “Mahallabay” tizim orqali hal etish borasida aholiga huquqiy maslahatlar berilib sayyor xizmatlari koʻrsatildi. “Ayollar daftari”, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholi bilan uchrashuvlar oʻtkazilib ularning huquqiy muammolari oʻrganildi va maslahatlar berildi.

Ishtirokchilar marshni davom ettirib keyingi manzil – 21-son “Mehribonlik uyi”ga yoʻl olishdi. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun bayram tuhfasini taqdim etishdi. Tarbiyalanuvchilar bilan suhbat oʻtkazilib ularga yaratilgan imkoniyatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi. Uchrashuv davomida tarbiyalanuvchilar oʻrtasida huquqiy viktorina oʻtkazilib gʻoliblar Adliya esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi. Fuqarolarga amaliy yordam koʻrsatishga qaratilgan adliya huquqiy marshi “Oloy bozori” hududida oʻz ishini davom ettirib aholining barcha qatlamlariga, shu jumladan tadbirkorlarga huquqiy maslahatlar berildi va sayyor xizmatlar koʻrsatildi.

Tadbirda huquqni faol targʻib qilish, qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini aholiga tushunarli va qiziqarli tarzda yetkazishga va sogʻlom turmush tarzini targʻib etgan holda piyoda yurishga asosiy eʼtibor qaratildi.

Adliya vazirligi tomonidan minimal talablar asosida ishlab chiqilgan hamda aholi bilishi lozim boʻlgan uy-joy, oila, soliq, bank, tadbirkorlik, yer, mehnat va taʼlim qonunchiligiga oid, ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy sugʻurta bilan bogʻliq munosabatlar, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalarga oid targʻibot materiallari bepul tarqatildi. Fuqarolarni huquqiy bilimlarga qiziqtirish hamda ularning huquqiy savodxonligini oshirishga ragʻbatlantirish uchun tanlov-testlar, viktorinalar, huquqiy targʻibotga doir boshqa aksiyalar tashkil etildi.

Huquqiy marsh davomida oʻtkazilgan barcha tadbirlar karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda tashkil etildi. Marsh yakunida Adliya vazirligi binosi yonida, Vazirlik tomonidan oʻtkazilgan “Mustaqillik huquq demakdir” ijodiy tanlovi va “Islohotlar bilimdoni” sovrinli viktorinasi gʻoliblariga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi