Unda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilindi. 2019-yilda imzolangan hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv bugungi kunda samarali amalga oshirilyapti.

Shuningdek, qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasini takomillashtirish maqsadida Belarus Respublikasining “Etalon” va “Etalon onlayn” qonunchilik qidiruv tizimlarini yuritish tajribasi oʻrganilyapti. Uchrashuvda huquqiy axborotni tarqatishning zamonaviy usullarini joriy etish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish masalalari kelishib olindi.

Delegatsiya vakillari Minsk oblasti boʻyicha huquqiy axborot hududiy markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Bugungi kunda Belarusda 7 ta shunday hududiy markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular normativ-huquqiy hujjatlarni tezkorlik bilan joylardagi barcha tashkilot va muassasalarga yetkazish, aholini yuridik adabiyotlar va rasmiy nashrlar bilan taʼminlash, boshqaruv idoralari huquqiy hujjatlarini toʻplash, ishlov berish va yagona qidiruv tizimiga kiritib borish kabi muhim vazifalarni bajaradi. Ushbu markazlarning ijobiy tajribasi yaqindan oʻrganildi.

Shu bilan birga, 28-29-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan “Axborot texnologiyalari va huquq (Huquqiy axborotlashtirish — 2021)” mavzusidagi xalqaro konferensiyada “Adolat” MHAM vakillari maʼruza bilan ishtirok etishi belgilangan, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.