HECh BIR TASHABBUS BEJIZ EMAS

Inson — fikrat olami, shuningdek, xayolot va xotiralar, shirin sogʻinchlar iskanjasida yashaydigan xilqatdir. Shu oʻrinda umummillat oʻylari, mushtarak sogʻinchlar haqida soʻz yuritmoqchimiz. Ulardan biri — adolat sogʻinchi boʻlsa, boshqasi — qadim zamin ohanglari bilan qalbimizga, qon-qonimizga singib ketgan vujudiy hissiyot birligi.

Baʼzan koʻp ishlarni shunchaki joʻn qabul qilamiz. Goʻyo oʻzi shunday boʻlishi kerakdek. Aslida esa boshqacha — bu dunyoda hech bir harakat oʻz-oʻzidan sodir etilmaydi. Har bir ishda, har bir tashabbusda hikmat bor, unda fikriy qudrat mujassamlashgan boʻladi.

Bir maqolamizda bugungi siyosiy diplomatiya allaqachon yangi oʻzanini topgani, bu yoʻl “kuch diplomatiyasi”ga asoslangani bilan gʻoyat tahlikali va xatarli boʻlib qolayotgani haqida yozgan edik. Bunday deyishimizga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining 2023-yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishida “Bugun jahon miqyosida taraqqiyot surʼatlari misli koʻrilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. Ilgari oʻz maqsad va manfaatlarini, asosan, diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim oʻtkazish, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar yoʻliga oʻtganiga hammamiz guvohmiz”, degan gʻoyat dolzarb mushohadalari sabab boʻlgan edi.

Shunday tahlikali sharoitda millatlar, davlatlar qanday yoʻl tutmogʻi kerak? Oʻzlikni asrash, milliy davlatchilik anʼanalarini zamonaviy tendensiyalar asosida takomillashtirish, oʻzaro bogʻliqlikda taraqqiy etish, doʻstlik saltanatini tuzishda qay yoʻlni tanlamoq zarur, degan savollar bir necha yillardan buyon yondaftarchamizdan oʻchmayapti — biri toʻlsa, ikkinchisiga yozilyapti.

Har bir tashabbusda hikmat borligi, undagi fikriy qudrat mujassamlashuvi haqida bejiz aytmadik. Gap shundaki, yangi Oʻzbekistondagi islohotlar, davlatimiz rahbarining dunyo minbarlaridagi bashariyat hayotiga daxldor fikrlari, tashabbuslari, chorlovlari mazmunida yuqoridagi savollarga javob bor, aslida.

Toshkentda milliy estrada sanʼatimiz asoschisi, Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochilishi ham butun xalqimizni, taʼbir joiz boʻlsa, uning sohir ovozidan hayratga tushgan dunyo ahlini maʼnaviy birdamlikka chorlov mujdasidir.

Bu aslo mubolagʻa emas. Boisi, bugun dunyoni axborot kuchi egallab oldi, shu kuch boshqaruv qudrati kasb etmoqda. Shunday ekan, oldimizda axborot tizginini tutish, uni ezgu maqsadlar sari ruhlantirish, milliy kontentni yaratish vazifasi turadi.

Balki kimdir aytar: Botir Zokirov va u yaratib ketgan sanʼat bizga oʻtgan asrdan boqib turgan boʻlsa, hozirgi axborot tizgini bunda-yu, oʻzbek estradasi asoschisi qayda?

Javobimiz budir: Botir Zokirovning qoʻshiqlarida, sheʼrlarida, hikoyalarida, xotira bitiklarida, chizgan suratlarida hech eskirmas, hech tinmas axborot bor.

Mana ulardan biri: “Ertalabdan xushxabarlar: rentgen yaxshi, ukollar boshqa qilinmaydi. Har qalay vaʼda berishdi-ku! Sayr qilish mumkin. Toza havoda. Faqat qirq minut. O, baʼzan nimadan oziqlanayotganimizni unutib qoʻyamiz. Axir bahorning iliq, salqin tabiiy havosini xonadagi kislorodga almashtirish mumkinmi? Nafas olish qanday baxt!..”.

Ezgu niyatli, shukronalik hissi bilan yashayotgan insonlar aytadigan gap, shunday emasmi?!

Bugun biz oʻzimizni xursand qilish haqida oʻylaymiz. Chiroyli, ozoda kiyingimiz, oilamiz, doʻstlar bilan tansiq taomlar yegimiz, dunyoni sayr etgimiz, togʻu dashtlarda dam olgimiz keladi. Ammo hamma joyda ham shunday emas. Urush qutqusi kezib yurgan mamlakatlar, ellar, elatlar qancha? Ular joni omon boʻlishi haqida qaygʻuradi, oʻzi, farzandlari qorni toʻygan kuniga shukrona aytadi.

Maʼlumimiz boʻlishicha, Botir Zokirovning ilk qoʻshigʻi Vatanga muhabbat haqida edi. Shundan kelib chiqib, hech bir tashabbusning bejiz emasligi, axborot siyosati boshqarayotgan dunyodagi hamjihatlik ruhi haqidagi fikrlarimizga dastlabki xulosani bersak:

— Botir Zokirov sanʼatining oʻlmas axborot manbai — Vatanga mehr qoʻyish, har ishda sadoqatli va fidoyi boʻlish, insonlarga mehr-muhabbat ulashish, bu dunyoda shukronalik bilan yashab oʻtish. Demak, buyuk ajdodimizning kuni kecha Toshkentda ochilgan haykali mana shu adolatning tiklanishi zamiridagi bor hayot haqiqatlarini soʻzlab turadi

IJODIY FENOMEN VA RAMZLAR

— Bu haykal Botir Zokirov xotirasiga oʻrnatilgan ramziy bir timsoldir. Ayni paytda Yangi Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼatni ravnaq toptirish yoʻlida olib borayotgan barcha islohotlarimiz va ularning amaliy natijalari bu ulugʻ ijodkorga eng munosib yodgorlik boʻladi, — dedi davlatimiz rahbari.

Maqolamiz avvalida adolat sogʻinchi haqida aytdik. Insoniyat va milliy davlatchiliklar tarixida adolat sogʻinchi jamiyat orzusiga aylangan davrlar koʻp boʻlgan. Jumladan, bizda ham.

Keyingi yillarda xalqimizning shu sogʻinchlari, orzulari ushalmoqda. Tarixiy adolat tiklanib, ulugʻ ajdodlarimizning pok ruhiga hurmat-ehtirom koʻrsatila boshlandi. Ularning boy ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy merosini tiklash va oʻrganishga bel bogʻladik. Ota-bobolarimiz zakosi qanchalar buyukligini anglay boshlayapmiz. Bu  Uygʻonish ramzi.

Prezidentimiz aytgan Botir Zokirov xotirasiga oʻrnatilgan haykalning ramziy timsoliga keladigan boʻlsak, yanada xayrli bir holni anglaymiz. Bu haqda gapirishdan oldan Botir Zokirov fenomeniga toʻxtalish kerak boʻladi.

U Navoiyni koʻp oʻqir edi. Navoiy dahosiga hurmati cheksiz boʻlgan. “Layli va Majnun” dostonidan aytgan “Majnun” monologini bir eslang. Yoki boshqa qoʻshiqlarini, hech boʻlmasa, shifoxonada yozgan mana bu xotirasini oʻqing: “Kuni boʻyi Eduardas Mejelaytisning “Inson” kitobini oʻqidim. Kitob yaxshi bezalgan. Krasauskasning gravyuralari tabiiy. Poemadagi koʻp fikrlar mening dardlarimga hamohang. Oʻzim ochgan dunyoni “koʻrib”, oʻzim uyalib ketdim, Mejelaytis menga ruh bagʻishladi. Nega endi oʻzimdan oʻzim uyalishim kerak?..”.

Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, Botir Zokirov tafakkuri keng, oʻz milliy dunyosiga ega shaxs boʻlgan. Shu bois, bugun Prezidentimiz bu buyuk inson xotirasiga alohida hurmat-ehtirom koʻrsatmoqda, uning boy va oʻlmas maʼnaviy merosini tiklashga kirishildi.

Botir Zokirov vafotidan rosa 35-yil oʻtib, tarixiy adolat tiklandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 2-dekabrdagi qarori bilan 2021-yilda Botir Zokirovning 85-yillik tavallud ayyomi keng nishonlandi. Ulugʻ hofiz nomidagi milliy mukofot taʼsis etildi. U haqda ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli film va spektakllar yaratildi. Bu yil esa Botir Zokirovning xotira kechasi mamlakatimiz jamoatchiligi hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan atoqli sanʼatkorlar ishtirokida katta shodiyona sifatida oʻtkazildi.

Botir Zokirov tahsil olgan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi joylashgan koʻchaga u kishining tabarruk nomi berildi. Ushbu konservatoriya huzurida Botir Zokirov nomidagi milliy estrada sanʼati instituti barpo etildi.

Albatta, bu xayrli ishlardan xalqimiz yaxshi xabardor. Biz qayta aytayotganimiz boisi esa ular zamiridagi hayotiy hikmatlarni bir nuqtaga jamlash, xolos. Yaʼnikim, keyingi yillarda buyuk ajdodlarimiz xotirasi qalblarimizga muhrlanmoqda. Qahramon arboblarimiz, olimu ulamolarimiz bilan bogʻliq tarixiy haqiqatlar koʻz ochmoqda. Buning zamiridagi hayotiy maqsadni har birimiz, ayniqsa, yoshlarimiz teran anglab yetishi kerak.

Gap shundaki, bu kabi saʼy-harakatlardan maqsad fozil ajdodlarimiz hayotini yoshlarga ibrat qilib koʻrsatish, pirovardida biz intilayotgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdir. Bu — Uygʻoqlik ramzi.

Shu oʻrinda Prezidentimizning yuqorida keltirilgan mana bu gapiga yana bir bor eʼtibor qaratmoqchimiz: “Ayni paytda Yangi Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼatni ravnaq toptirish yoʻlida olib borayotgan barcha islohotlarimiz va ularning amaliy natijalari bu ulugʻ ijodkorga eng munosib yodgorlik boʻladi”. Demak, biz, avvalo, shu maqsadlar uchun munosiblik yoʻlidan borishimiz kerak. Toki bu — Quvvat ramzi sifatida tarixda qolsin.

ARBOB VA JADID EDI

Arbobligi shundaki, Botir Zokirov oʻzbek estrada sanʼatiga asos soldi, kuy va qoʻshiqlarini akademik mahorat bilan kuyladi. Shu tariqa maqom va xalq ogʻzaki ijodini yangi oʻzanga burdi — oʻz zamondoshlari qalbiga singdirib ketdi.

Darvoqe, Botir Zokirovni xotirlaganda maqom va folklor quvvati haqida ham aytmasak boʻlmaydi. Bunga sal keyinroq toʻxtalamiz.

Botir Zokirovni jadid bobolarimiz safiga qoʻshish uchun ham haqlimiz. Uning millat kelajagi uchun qaygʻurib aytgan mana bu fikrini bir eslaylik: “Oʻzimiz oʻzligimiz ildizini qirqsak, madaniyat va sanʼatimizni oyoqosti qilsak, gʻururimizni bemaʼnilarcha toptasak, isteʼdod boshida byurokratlarcha qilich yalangʻochlab tursak, qachon xalq boʻlamiz? Qachon qad rostlaymiz? Qachon?..”.

Bugun maʼnaviy taraqqiyot haqida koʻp gapiryapmiz. Siyosiy tutumlarning oʻzgarayotgani, tahlika ummonida yashamoq shartlari haqida oʻylayapmiz, qaygʻuryapmiz. Shunday bir davrda har birimiz oʻzimiz[1]ni qayta-qayta soʻroqqa tutmogʻimiz talabi paydo boʻlaveradi: qachon xalq boʻlamiz, qachon qad rostlaymiz? Bu hech unutib boʻlmas, oʻzimizni har doim, har on taftish qilmoq uchun eng toʻgʻri yoʻldir.

Bizga qismat yoʻli — sinovdir. Ne tongki, oldimizda katta sinovlar bor.

Xalqimiz bugun va ertaga ham yaxshi yashashi yoʻlidagi katta zahmat cheki bizning gardanimizga tushib turibdi. Shunday ekan, bu yoʻlda Botir Zokirovning jadidona ruhda aytgan ushbu daʼvati zamiridagi haqiqat yoʻli har doim bizga yoʻldosh boʻlishi kerak.

XALQIMIZ NEGA UNI SEVIB YASHAMOQDA?

Botir Zokirovda majnunlik orzusi boʻlgani haqida bilamiz. Bir soʻz bilan aytganda, uning nomi — Botir, qalbi — Majnun edi.

Har ikkisida ham taqdir bitiklari yozilgan bu insonning botirligi, avvalo, sanʼat yoʻlidagi qahramonligida aks etadi.

Ha, biz Botir Zokirovni milliy sanʼatimizni dunyoga tanitgan chinakam qahramon, deb aytgimiz keladi. U sanʼat uchun hayotini bagʻishladi. Oʻzini, sogʻligʻini oʻylamadi, umrining soʻnggi nafasigacha kuyladi, baralla kuyladi. Dunyo sanʼat saroylarini zabt etdi, insonlar qalbi uning ovozi bilan junbishga keldi.

“Sharq tarixini oʻqiyapman. Juda koʻp narsalarni bilmasligim ayon boʻldi. Oʻz tariximizni gʻururlanib, faxrlanib oʻqib-oʻrganishni boshladim. Qancha-qancha ochilmagan tengsiz xazinalar. Oʻz madaniyatimizni hali juda yuksaklarga koʻtarishimiz kerak. Albatta, koʻtarish kerak! Qanday qilib? Hamma gap shunda.

Yana koʻp narsalar haqida fikr-mulohazalar yuritishga hali imkoniyatim bor. Bir narsani angladim. Shu paytgacha olgan bilimlarim hech narsaga arzimas ekan. Hammasini imkon qadar qaytadan boshlash kerak”, deya yashadi, shunga intildi va umri yetgunicha uddaladi.

Yuqorida umummillat oʻylari, mushtarak sogʻinchlarni tilga olib, vujudiy hissiyot birligi haqida soʻz ochganimiz tasodif emas edi. Zero, bizning boy maʼnaviy merosimiz bir butun vujud kasb etadi.

Gapimiz isboti sifatida maqom va baxshichilik sanʼatini olaylik. Maqomni ham, baxshi aytimlarini ham qalbi pok va niyati ezgu inson eshitadi. Nega shunday, deysizmi?

Xalqimiz azal-azaldan samimiylik, tabiiylikni sevib yashagan. Jaydarilik, toʻgʻrisoʻzlik bizga otameros. Bu tugʻma mohiyat hosilasi sifatida xalq ogʻzaki ijodi — dostonlar, kuy-qoʻshiqlar, maqom sanʼati yaralgan. Shu-shu maqomu dostonlar bizning vujudimizga aylangan.

Unutilmas Botir Zokirovda ana shu ohang falsafasi, oʻzligimizning oʻlmas ax[1]boroti bor edi. Mana shu oʻzlik kuyi uzoq yillardan buyon “changlanib” kelmoqda. Bugun ham bu qutlugʻ anʼana bardavomligi bizning boyligimiz, borligʻimizdir. Shu bois, xalqimiz Botir Zokirovni sevib eshitadi, eshitaveradi.

Darvoqe, u kishining majnunligi haqida. Majnunligi hayotga muhabbat, insonlarda samimiylik va hamjihatlik mehrini, vatanparvarlik hissini singdirib ketdi. Majnunligi bilan xalqimiz orzularini kuylab oʻtdi.

Hozir shular haqida oʻylar ekanmiz, bizning qanday buyuk tariximiz borligi, qanday ulugʻ ajdodlarimiz yashab oʻtgani va ularning dunyoni uygʻotuvchi boy ilmiymaʼnaviy merosi davomchilari ekanimizni oʻylab, qalbimiz faxrga toʻlishi shubhasiz.

BUYUKLIK TAFTI

Poytaxtimizda Botir Zokirov haykali ochilishi marosimi oʻziga xos yaxlit kompozitsiya kasb etdi. Prezidentimiz Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati instituti faoliyati, Kinochilar saroyidagi Oʻzbekiston kino sanʼati muzeyi hamda “Tirik tarix” loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. Oʻqituvchi va talabalar, rejissyor va aktyorlar, kinoshunoslar, soha mutasaddilari bilan suhbatlashdi.

Jumladan, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati institutidagi muloqot chogʻida yoshlarga qarata “Avvalo, mana shunday dargoh bilan sizlarni, butun sanʼatsevar yoshlarimizni tabriklayman. Biz bu ishlarni nima uchun qilyapmiz? Sanʼatimizning buyuk merosini, yoshlarimizning nimalarga qodirligini dunyoga tarannum etish uchun. Institutga milliy sanʼatimizda fenomen boʻlgan Botir Zokirov nomini berganimiz ham bejiz emas. Bu yerda uning munosib izdoshlarini tarbiyalashni, isteʼdodini yuzaga chiqarishni maqsad qilganmiz”, dedi davlatimiz rahbari.

Darhaqiqat, Botir Zokirov fenomeni barchamizga, yoshlarimizga ibrat namunasidir. Unga munosib izdoshlarni tarbiyalash maqsadimiz zamirida ham juda katta marralar borligini har birimiz, ayniqsa, yoshlarimiz chuqur tahlil qilib, bu haqiqatni ongiga singdirib olish fursati kelgan.

Biz Uchinchi Renessans yoʻlidamiz. Uning bunyodkorlari esa, hech shubhasiz, bugungi yoshlarimiz boʻladi. Shu bois, ularga katta yoʻllar ochilmoqda, barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Maqom va baxshichilik sanʼatimizni poklik, samimiylik va koʻngil obodligiga mengzadik. Uning oʻqildizlari vujudimizda tobora mustahkamlanishi yoʻlida yana bir mulohaza.

Botir Zokirov ijodi, uning hayot yoʻli, matonati, sabru bardoshi, jasorati, xullas, biz hali bilgan-bilmagan maʼnaviy chizgilari har birimiz uchun katta hayot maktabi boʻlishi kerak. Chunki har bir millatning, har bir davrning oʻz qahramonlari, fenomenlari boʻladi. Ular millatni millat, elni el sifatida tanituvchi BAXT sanaladi. Botir Zokirov ham ana shunday shaxslardan biri edi.

Oʻsha baxt bizni tark etgan emas. Aksincha, bugun tobora choʻgʻlanmoqda, shukuhlanmoqda. Kelajakda buyuklik taftini taratgusidir.

Salim DONIYOROV