Adolat va qonun ustuvorligi — inson qadr-qimmatini taʼminlashning eng asosiy sharti

    Suhbat 15 Dekabr 2021 15175

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon KOMILOVning “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharririga intervyusi

    2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasining ikkinchi — QONUN USTUVORLIGINI TAʼMINLASH VA SUD-HUQUQ TIZIMINI YANADA ISLOH QILISHNING USTUVOR YOʻNALISHLARI boʻyicha amalga oshirilgan ishlar

    — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida bundan besh yil oldin xalqimiz bilan bamaslahat 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi. Oʻtgan davrda ushbu strategiya asosida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida, shu jumladan, sud-huquq tizimida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.

    Kozimjon Fozilovich, gap shu haqda borar ekan, Siz bilan suhbatimiz avvalida Harakatlar strategiyasi asosida mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish borasida amalga oshirilgan ishlar tahliliga toʻxtalishni joiz topdik.

    Ayting-chi, bu yoʻnalishdagi islohotlar, eng avvalo, qaysi jihatlarda koʻzga tashlanadi?

    — Oʻtgan besh yillik haqida gap ochdingiz. Milliy taraqqiyotimizning bu yillari qizgʻin islohotlar davrida yashadik. Prezidentimiz rahbarligida tarixiy oʻzgarishlarga asos solindi. Yangi Oʻzbekistonni qurish, xalqimizning koʻp yillik orzularini roʻyobga chiqarish, inson huquqlarini eng oliy qadriyat darajasiga koʻtarish, mavjud muammolarga yechim topish yoʻlida ulugʻ maqsadlarimizga erisha boshladik.

    Odil sudlov qachonki chinakam mustaqil sud hokimiyati tomonidan amalga oshirilsa, inson qadr-qimmati taʼminlanadi, adolat va qonun ustuvorligi qaror topadi. Shu maʼnoda, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurishning muhim shartlaridandir. Gap shu haqda ketganida, Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bagʻishlangan marosimdagi maʼruzasida ilgari surgan tashabbuslar yodga tushadi.

    “Sud hokimiyatining mustaqilligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlash oldimizga qoʻygan maqsadlarga erishishning muhim kafolatidir. Sudlarda ishlarni koʻrish sifatini oshirish, ayniqsa, fuqarolik ishlarida ovora boʻlib yurishlarning oldini olish, aynan bir instansiya sudida ishni bir necha marotaba koʻrib turli qarorlar qabul qilish amaliyotiga chek qoʻyish vaqti keldi”, degan edi davlatimiz rahbari.

    Oʻtgan qisqa davrda sudlarning haqiqiy mustaqilligini taʼminlash, sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

    Avvalo, Harakatlar strategiyasi asosidagi islohotlar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudlarning fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirishga zamin yaratdi.

    Soʻnggi 5 yilda ushbu yoʻnalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 50 dan ortiq qonun, farmon va qaror qabul qilindi. Sud tizimiga oid normativhuquqiy hujjatlar islohotlarga mos ravishda yangilandi.

    Jumladan, 3 ta kodeks yangidan qabul qilindi, boshqa bir qator kodekslarga jiddiy oʻzgartirishlar kiritildi. Yangi “Sudlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Shu huquqiy asosda sud tizimi tubdan takomillashtirildi.

    Sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga qaratilgan islohotlar, eng avvalo, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlashga, inson huquq va erkinliklarini, shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoyalashga xizmat qilmoqda. Bu boradagi samaralar sudlar tuzilmasini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish, sudlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, inson huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan institutsional islohotlar misolida yaqqol namoyon boʻldi.

    Jumladan, Prezidentimizning sudyalarning vakolat muddatini uzaytirish, sud ishlarida adolatli qarorlar qabul qilishga qodir boʻlgan, yuksak malakali sud xodimlari korpusini shakllantirish borasidagi besh yil oldingi tashabbusi asosida sudyalik lavozimlariga nomzodlarni saralash va tayinlashning yangi tartib-taomillari joriy etildi.

    Sudlar mustaqil ekani va faqat qonunga boʻysunishini taʼminlashda sudya lavozimida boʻlishning ilk marotaba besh yillik, keyin oʻn yillik va soʻng muddatsiz davr belgilanishi muhim ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, sudyalarning lavozimiga keyingi muddatga qayta saylanishi yoki tayinlanishi, oʻz vazifalarini namunali ado etgach, keyinchalik oʻn yilga va hatto muddatsiz davrga saylanishi yoki tayinlanishi ragʻbatlantirish manbai boʻlib ham xizmat qilmoqda.

    Sudlarni moliyalashtirish tizimi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi. Prezidentimizning 2021-yil 13-yanvardagi “Sud organlari faoliyatini moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, sudya va sud organlari xodimlarining ish haqlari hamda qoʻshimcha toʻlovlari toʻliq davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmoqda.

    Sudyalarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi. Bu ham, albatta, sud mustaqilligini taʼminlovchi muhim kafolatlardandir.

    Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish masalasi ham alohida ahamiyatga ega. Binobarin, Prezidentimizning 2020-yil 7-dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, sudyaning odil sudlov bilan bogʻliq faoliyatiga har qanday aralashuvning oldini olish maqsadida:

    birinchidan, sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik holatlari yuzasidan Kengash raisi tomonidan prokuratura organlariga taqdimnoma kiritish;

    ikkinchidan, sudyalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida soʻroq qilish uchun chaqirishga tegishli malaka hayʼatlari roziligi bilan yoʻl qoʻyish tartibi oʻrnatildi.

    Islohotlar avvalida yagona sud amaliyotini yoʻlga qoʻyish maqsadida Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi — Oliy sudga birlashtirilgani oʻz samarasini berdi.

    Shu munosabat bilan viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda, viloyat darajasidagi umumyurisdiksiya sudlari tashkil etildi. Taʼkidlash lozimki, bu amaliyot sud himoyasini taʼminlashdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishga, sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda.

    — Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlash borasida ham keng miqyosli ishlar amalga oshirildi. Bugun fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi taʼminlangani haqida soʻz borganida shu va boshqa islohotlarni tahlil qilish imkoniga egamiz. Shunday ekan, bu boradagi taʼsirchan chora-tadbirlar mazmun-mohiyati haqida ham batafsil gapirib bersangiz.

    — Bu koʻp yillar xalqimiz orziqib kutgan juda muhim islohot boʻldi. Odil sudlovni amalga oshirish orqali fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlash sudlarning asosiy vazifasi etib belgilandi.

    Bu borada oʻtgan davrda kompleks chora-tadbirlar koʻrildi. Jumladan, ilk bor davlat organlari qarorlari va ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi ustidan fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqi kafolatini taʼminlashga xizmat qiladigan maʼmuriy sudlar tashkil etildi.

    Misol uchun, 2017-2020-yillar va 2021-yilning 9 oyi mobaynida maʼmuriy sudlar tomonidan 67 ming 990 ta ariza koʻrilib, shundan 44 ming 388 tasi, yaʼni 65 foizi qanoatlantirilgan. Hokimlarning 5 ming 478 ta qarori haqiqiy emas, deb topilib, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishiga erishildi.

    Inson huquqlarini taʼminlashdagi yana bir muhim islohot — “Xabeas korpus” institutini qoʻllash sohasini kengaytirish, jinoiy jazolarni liberallashtirish, sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashni yanada kuchaytirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi.

    Jumladan, jinoyat ishini qoʻshimcha tergovga qaytarish instituti bekor qilindi. Qamoq tarzidagi jinoiy jazo turi tugatilib, uning oʻrniga jazoning ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan muqobil turlarini qoʻllash imkoniyati kengaytirildi va dalillarga baho berish instituti tubdan takomillashtirildi.

    Bu, oʻz navbatida, ish boʻyicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilishiga, natijada oqlov hukmlari koʻpayishiga asos yaratdi.

    Xususan, oʻtgan 5 yilda 3 ming 513 nafar, faqat 2021-yilning 9 oyida 743 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan. Shuningdek, 18 026 nafar shaxs sud zalidan ozod qilinib, 33 ming 515 fuqaroga nisbatan asossiz qoʻyilgan moddalar ayblovlardan chiqarilgan yoki oʻzgartirilgan.

    Bir qarashda ushbu koʻrsatkichlar oddiy raqamlar boʻlib koʻrinishi mumkin. Lekin nohaq ayblangan shuncha insonning oilasi bagʻriga qaytishini, ozodlikka chiqishini koʻz oldimizga keltirib koʻrsak, albatta, islohotlar samarasi oddiy bir inson taqdirida qanday aks etganini aniq tasavvur qilamiz.

    Bularning barchasi, hech shubhasiz, sud-huquq tizimidagi islohotlarning yaqqol natijasidir. Zero, erkinlik — inson uchun eng oliy neʼmat.

    Bu boradagi yana bir muhim islohot — inson huquqlarining ishonchli himoyasini taʼminlash maqsadida sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilganidir. Eʼtibor bering, 2017-yilga qadar 7 ta sud instansiyasida sud qarorlari qayta koʻrib chiqilgan boʻlsa, keyingi uch yilda bu instansiyalar soni 3 taga qisqartirildi.

    Sud instansiyalari qisqartirilishi nima degani? Bu, albatta, buzilgan huquqning tezroq muddatda ortiqcha ovoragarchilik va sarf-xarajatlarsiz samarali tiklanishini anglatadi.

    Shu sababli xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratildi: birinchi instansiya (tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar boʻyicha — viloyat sudlari), apellyatsiya instansiyasi (viloyat darajasidagi sudlar) va kassatsiya instansiyasi (Oliy sud) dan iborat boʻlgan “Bir sud — bir instansiya” tamoyili joriy qilindi.

    Xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning eʼtiroziga sabab boʻlayotgan nazorat instansiyasi toʻliq bekor qilindi.

    “Bir sud — bir instansiya” tamoyilining joriy etilishi natijasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi oshayotganini alohida taʼkidlash lozim.

    Sud protsessida tortishuvlik prinsipini hamda taraflarning tengligini taʼminlash maqsadida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va ularning vakillari tomonidan kassatsiya tartibida berilgan shikoyatning maqomi prokurorning protesti bilan tenglashtirildi.

    Xususan, jinoyat protsessida avval yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash faqat prokurorning tashabbusiga koʻra amalga oshirilgan boʻlsa, endi bunday huquq jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilari, yaʼni mahkum, oqlangan shaxs, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari, jabrlanuvchi va uning vakiliga ham berildi. Ular sudga yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida iltimosnoma berish huquqiga ega boʻldi.

    — Harakatlar strategiyasida maʼmuriy, jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy qonunchilikni takomillashtirish ham koʻzda tutilgan edi. Bu jarayonda bugun Oʻzbekistonda qanday tizim mavjud?

    — Toʻgʻri taʼkidlaganingizdek, Harakatlar strategiyasida bu borada toʻrtta muhim jihat belgilangan edi.

    Birinchi — jinoyat va jinoyatprotsessual qonunchiligini takomillashtirish va liberallashtirish, alohida jinoiy qilmishlarni dekriminallashtirish, jinoiy jazolar va ularni ijro etish tartibini insonparvarlashtirish.

    Ikkinchi — odil sudlovni amalga oshirish samaradorligi va sifatini oshirish, maʼmuriy, jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sud ish yurituvining protsessual asoslarini takomillashtirish.

    Uchinchi — jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlarni koʻrib chiqish tartibini takomillashtirish, bir-birini takrorlaydigan vakolat va instansiyalarni qisqartirish.

    Toʻrtinchi — elektron tartibda sud va ijro ishini yuritishning zamonaviy shakl va usullarini joriy etish.

    Ana shu maqsadlarni amalga oshirish yoʻlida, avvalo, yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeks qabul qilindi. Ularda sud ishlarini yuritishga oid protsessual tartiblar xalqaro standartga mos ravishda, huquqni qoʻllash amaliyotini chuqur tahlil qilgan holda, ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirildi hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga oid yangi normalar kiritildi.

    Fuqarolik va iqtisodiy ishlarni koʻrishda prokuror ishtiroki bilan bogʻliq normalar xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi. Prokuror qonunda nazarda tutilgan yoki oʻzining daʼvo arizasi asosida qoʻzgʻatilgan ishlardagina ishtirok etishi, ish boʻyicha taraflarning murojaatlari mavjud boʻlgan taqdirda kassatsiya protestini kiritish masalasini hal qilish uchun suddan ishni talab qilib olishga haqli ekani belgilandi.

    “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Unda sudgacha fuqarolik ishlari va iqtisodiy nizolarni hal etishning asosiy tushunchalari, maqsadlari, vazifalari, mexanizmlari belgilandi.

    Sud ishlarini yuritishga yangi institutlar kiritildi, mavjudlari takomillashtirildi. Jumladan, jinoyat protsessida yarashuv instituti kengaytirilib, u barcha instansiyalarda qoʻllaniladigan boʻldi.

    Jinoyat ishi boʻyicha — dastlabki eshituv, fuqarolik va iqtisodiy sudlarda — sudgacha majlis, soddalashtirilgan tartibda ish yuritish, mediatsiya institutlari joriy qilindi. Tergovning toʻliq emasligini sud muhokamasi jarayonida toʻldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qoʻshimcha tergov yuritishga qaytarish instituti bekor qilindi. Jumladan, jinoyat ishini qoʻshimcha tergovga qaytarish instituti bekor qilindi. Qamoq tarzidagi jinoiy jazo turi tugatilib, uning oʻrniga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoning muqobil turlarini qoʻllash imkoniyati kengaytirildi va dalillarga baho berish instituti tubdan takomillashtirildi.

    Voyaga yetmaganlar uchun nazarda tutilgan jinoiy jazolarni liberallashtirish, protsessual harakatlarni oʻtkazishda ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish choralari koʻrildi.

    Qilmishning jinoiyligini istisno etadigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonunni qoʻllash tartibi belgilandi.

    Sudlanganlik holatining tugallanishi va olib tashlanishining amaldagi muddatlari qisqartirildi. Yarashuv munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish instituti kengaytirildi. Ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish orqali tarbiyaviy taʼsir koʻrsatish choralarini kuchaytirishga qaratilgan “majburiy jamoat ishlari” jinoiy jazosi kiritildi.

    Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, bozor munosabatlari asoslariga muvofiq kelmaydigan hamda tadbirkorlikning rivojlanishini va iqtisodiy aylanmani toʻxtatib turuvchi ayrim iqtisodiy jinoyatlar dekriminallashtirildi. Jinoyat ishini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichiga “dastlabki eshituv” instituti joriy etildi.

    Inson huquq va erkinliklarini taʼminlashning shaffofligi hamda samaradorligini oshirish, iqtisodiyotning rivojlanishi holati, zamonaviy talablardan, xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda, shuningdek, axborotkommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb etishni nazarda tutgan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyatprotsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

    Mazkur konsepsiya asosida Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksining yangi tahrirdagi loyihalari tayyorlandi. Ularda:

    jinoyat qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilish; jinoiy javobgarlik va jazo tizimini takomillashtirish;

    fuqarolar huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarining taʼsirchan va ishonchli muhofaza qilinishini taʼminlash; jinoyat-protsessual qonunchiligi normalarini tizimlashtirish va uygʻunlashtirish;

    jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklari kafolatlarini ishonchli taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirish;

    jinoyat protsessining yangi shakl va tartib-taomillarini kiritish nazarda tutilgan.

    Mahkumlar huquqlarini taʼminlashning qoʻshimcha mexanizmlarini joriy etish, penitensiar tizimda xalqaro standartlarni keng joriy etish maqsadida 2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

    Jumladan, konsepsiyada:

    jinoyat-ijroiya qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilish, tizimlashtirish va uygʻunlashtirish; mahkumlar huquqlariga soʻzsiz rioya etilishini, ularning shaʼni va qadrqimmati hurmat qilinishini taʼminlashning sifat jihatidan yangi mexanizmlarini joriy etish;

    mahkumlar ongida qonunga itoatkor xulq-atvorni, insonga, mehnatga, ijtimoiy turmush qoidalari va anʼanalariga hurmat munosabatini shakllantirish tizimini takomillashtirish;

    umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga mos ravishda mahkumlar huquqlari doirasini yanada kengaytirish;

    mahkumlar, birinchi navbatda, voyaga yetmaganlar va yoshlarning taʼlim olishi, kasbiy tayyorgarligini tashkil etish hamda bandligini taʼminlash tizimini rivojlantirish;

    ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish mexanizmlarini tubdan qayta koʻrib chiqish, shartli hukm qilingan va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat samaradorligini oshirish;

    jazoni ijro etish muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ularning ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzviy hamkorligini taʼminlash belgilandi.

    Bu kabi islohotlar samarasida xalqimizning odil sudlovga boʻlgan ishonchi mustahkamlandi.

    — Yangi Oʻzbekistonda sud-huquq tizimida qonuniylikni yanada mustahkamlash, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari ishini samarali rejalashtirish, huquqbuzarliklarni aniqlashdan koʻra, ularga imkoniyat yaratayotgan sabab va sharoitlarni bartaraf etish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari xodimlari malakasini oshirish, ularni xalqqa yaqinlashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlari samaradorligini yuksaltirish, pirovardida fuqarolarning huquqni muhofaza qilish tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu kabi yangi mexanizmlar samaradorligi bugun nimalarda koʻzga tashlanadi? Hayotimizning qaysi jabhalarida sezilmoqda?

    — Sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlashda ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida sudyalar hamjamiyati organi sifatida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga koʻmaklashadigan Sudyalar oliy kengashi tashkil etilgani bu borada gʻoyat muhim ahamiyat kasb etdi.

    Kengash tarkibining kamida yarmini sudyalar hisobidan shakllantirish, unga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislarni kiritish tartibi belgilandi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar kengash tarkibidan chiqarildi.

    Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish yanada takomillashtirildi. Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi. Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimining asosiy vazifalari belgilandi. Xususan:

    sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishning yagona tizimini tashkil etish;

    sudyalik lavozimlariga nomzodlarda nazariy bilimlar, kasbiy etika, psixologiya, ishchanlik muloqoti va vaqtni boshqarish koʻnikmalari, muzokaralar olib borish taktikasi, axborot bilan ishlash texnologiyasi, huquq normalariga sharh berish va qoʻllashni rivojlantirish;

    sudyalik lavozimlariga nomzodlar stajirovka oʻtashining sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot faoliyati va oʻquv jarayoni bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash;

    ish yuritish va tanqidiy tahlil qilish, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda asoslangan qarorlar qabul qilish koʻnikmalarini rivojlantiradigan interfaol oʻqitish uslublarini taʼlim jarayoniga joriy etish;

    sudyalik lavozimlariga nomzodlarni qonunchilikdagi dolzarb yangiliklar, mamlakatimiz va xorijdagi huquqni qoʻllash amaliyoti hamda norma ijodkorligi faoliyati holati va tendensiyalari bilan tanishtirish ana shunday vazifalar jumlasiga kiradi.

    2019-yil 10-yanvardan boshlab: sudyalik faoliyatini amalga oshirish va sudlar ishini tashkil etish, kasbiy etika, ishchanlik muloqoti va vaqtniboshqarish koʻnikmalarini oʻqitishga, sud kadrlarining ilmiy-tahliliy va kreativ salohiyatini shakllantirishga qaratilgan, grant asosida sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida bir yillik magistratura taʼlim dasturi boʻyicha amalga oshiriladigan sudyalik lavozimlarini egallash uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;

    kasbiy bilimlarni chuqurlashtirish va sud maʼmuriyatchiligini yuritish koʻnikmalarini egallashga, shuningdek, ish va boshqaruvni tashkil etishning innovatsion shakl va uslublarini oʻzlashtirishga qaratilgan, davomiyligi ikki oy boʻlgan, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada boʻlgan sudyalarni qayta tayyorlash;

    qonunchilikdagi yangiliklarning mazmun va mohiyatini yetkazishga, kasbiy, jumladan, huquq normalarini sharhlash va qoʻllash masalalariga doir koʻnikma va qobiliyatlarni takomillashtirishga qaratilgan, davomiyligi ikki haftadan kam boʻlmagan, sudyalar va sudlar apparati xodimlari malakasini oshirish tartiblari joriy etildi.

    Bu ham oʻtgan besh yillik taraqqiyotimiz, xususan, fuqarolik jamiyatini barpo etishdek ulugʻvor maqsadlarimizga erishish yoʻlidagi muhim qadamlardan boʻldi, desak aslo mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.

    — Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobi muqaddimasida: “Dunyoda hech qachon bir xil tong otgan emas. Mazkur ibora paydo boʻlganidan buyon ming yillar oʻtdi. Bu butun koinot, tabiat va bashariyat doimiy oʻzgarishda, yangilanishda deganidir. Darhaqiqat, insoniyat ham ana shu azaliy qonuniyat asosida yashaydi va hayot kechiradi. Har qanday yangilanishning mazmunmohiyati, namoyon boʻlish xususiyati shunday”, degan falsafiy fikr bildirgan. Bugun, yangi Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davriga oʻtish chogʻida qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini isloh qilishning navbatdagi maqsadlari qanday boʻlishi haqida nima deysiz?

    — Bu savolga javobni Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar hech qachon ortga qaytmaydi” degan ishonchli va baxtli kelajagimizga daʼvatkor gapi bilan boshlayman.

    Bugun davlatimiz rahbari “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyilini asosiy gʻoya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qoʻygan. Bunda biz oʻtgan besh yilda hayotimizga teran tatbiq etgan qamrovdor va tizimli islohotlarning uzviyligi hamda davomiyligini taʼminlash maqsadi koʻzda tutilmoqda.

    Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini isloh qilishning navbatdagi maqsadlari haqida soʻradingiz. Bunga javoban aytish mumkinki, Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish yoʻlida sud tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

    Prezidentimizning Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigida aytilganidek, “Ayni vaqtda biz Konstitutsiyamiz normalarini hayotga toʻla tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali taʼminlash borasida hali koʻp ish qilishimiz kerakligini yaxshi tasavvur qilamiz. Oldimizda turgan vazifalarni amalga oshirish uchun Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida keng koʻlamli islohotlarimizni izchil davom ettiramiz”. Yuqorida taʼkidlanganidek, oʻtgan davrda sohada keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Lekin biz sohadagi barcha muammolar oʻz yechimini topdi, deb ayta olmaymiz. Sud tizimi oldida xalqning sudga toʻlaqonli ishonchiga erishish, ularni suddan rozi qilish yoʻlida muhim vazifa va maqsadlar turibdi. Ayniqsa, sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlash, aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish mexanizmlarini zamonga mos ravishda, xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirib borish birinchi navbatdagi vazifadir.

    Shu bilan birga, mamlakatimiz bosib oʻtgan taraqqiyot yoʻlining chuqur tahlili, bugungi keskin oʻzgarishlar, globallashuv sharoitida ijtimoiy munosabatlar tobora kengayib borayotgani davlatimizda qonun ustuvorligini va adolatni taʼminlash uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va roʻyobga chiqarishni taqozo etmoqda. Bu sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, aholining odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirishga qaratilgan mutlaqo yangi bosqichni boshlashni hayotiy zaruratga aylantirmoqda.

    Islohotlarning yangi bosqichida sudlarni haqiqiy xalq sudiga, inson huquq va erkinliklari, tadbirkorlar qonuniy manfaatlarining ishonchli himoyachisiga aylantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab olingan.

    Shu nuqtayi nazardan, odil sudlov sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirish, sohani yanada takomillashtirish, ayniqsa, sudya lavozimiga kadrlarni tarbiyalash, tanlash va joy-joyiga qoʻyish, sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash muhim strategik ahamiyatga ega vazifalar hisoblanadi.

    Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “adolat va qonun ustuvorligi — xalqchil davlat qurish, inson qadrqimmatini taʼminlashning eng asosiy va zarur shartidir”. Zero, adolat davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi oʻrinni egallaydi. Faqatgina mustaqil sud hokimiyati fuqarolarning huquq va erkinliklarini qonuniy va adolatli himoya qilishi mumkin.

    — Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

    Salim DONIYOROV suhbatlashdi.