Adolatli va farovon hayot qurish zarur

    Fikr 13 Mart 2025 838

    Joriy yil 5-mart kuni Prezidentimiz raisligida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda yurtimizda korrupsiyadan holi muhit yaratish boʻyicha ishlarga baho berib, kelgusi vazifalarni aniq belgilab olish zarurati barchamizni yanada sergaklantirdi.

    Korrupsiya nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy-siyosiy xavf hamdir. U jamiyat ning barcha sohasiga kirib borib, rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi. Shu bois, bugun yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha aniq tizim yaratildi, alohida qonunlar qabul qilindi. Parlament palatalarida masʼul qoʻmitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash va agentlik tashkil etildi. Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi oʻrni va taʼsiri ortib borayotgani qayd etildi. Ochiqlik boʻyicha xalqaro reytinglarda mamlakatimizning oʻrni 138 pogʻona yaxshilanib, Markaziy Osiyoda 1-, dunyoda 30-oʻringa koʻtarildi.

    Korrupsiya illati xususida soʻz ketar ekan, asli halol, nasli pok millatimizning buyuk tarixi, mehnat bilan gullab-yashnagan turmushi koʻz oʻngimizda gavdalanadi. “Mehnat bilan topganing — qandu asal totganing”, “Pora yegan — pona yer” degan maqollar ham dono xalqimizning oʻtmish tajribasini ochiq koʻrsatib beradi.

    Dunyoning koʻp qismiga egalik qilgan Amir Temur yashagan oltin asrda ham halollik, adolat, birovning haqqiga xiyonat qilmaslik tamoyillari davlat boshqaruvining asosini tashkil etgan. Sohib qironning insoniyat taraqqiyoti uchun qilgan eng ulugʻ ishlaridan biri jamiyatda ildiz otgan poraxoʻrlikni tomiri bilan sugʻurib tashlaganidir. Uning adolat tugʻi ostida buyuk saltanat sarhadlari shu qadar kengaydiki, baʼzi rivoyatlarga koʻra, yetti yoshli bolaning boshiga oltin taboqda toʻla tilla qoʻyib, chegaraning u boshidan bu boshiga yuborilsa, yetib borguncha yigit yoshiga yetadi, ammo tilladan bir dona ham kamaymaydi. Bu rivoyatlar tildan tilga oʻtib, bizgacha yetib kelgani esa xalq diyonatni, halollikni nechogʻliq qadrlashini ifoda etadi.

    Yangi islohotlar davrida davlatni korrupsiyadan holi hududga aylantirish boʻyicha qilingan oʻzgarish lar, xususan, har sohada inson omili va qogʻozboz likdan voz kechib, raqamlashtirilgan tizimga oʻtilishi, sogʻlom raqobat, auksion tizim, shaffof qurilish dasturi kabilar joriy etilishi insonlarni ortiqcha sarf-xarajat, ovoragarchilikdan qutqardi. Xususan, milliy taʼlim tarbiya jarayonidagi shaffof tizim bugun yoshlarimizni dunyo ilm-fani minbarlariga olib chiqqaniga guvoh boʻlmoqdamiz.

    Farzandlarimizning oliy taʼlim muassasasiga hujjat topshirishidan boshlab, test sinovlarini oʻtkazish, ularni baholash va ommaga yetkazishgacha boʻlgan mukammal va shaffof tizim yaratildi. Talaba hamma jarayonni oʻzi xolis maxsus platformalarda kuzata oladi. Zamonaviy texnologiya yordamida onlayn translyatsiya orqali ota-onalar OTMlardagi shart-sharoitlardan bemalol foydalanib, farzandlarini imtihon jarayonida kuzatib bormoqda.

    Talabalar oʻqishini koʻchirish va tiklash boʻyicha barcha bosqichni ochiq amalga oshirish maqsadida arizalarni qabul qilish, koʻrib chiqish va qaror chiqarish jarayoni uchun avtomatlashtirilgan maxsus onlayn dastur joriy qilindi.

    Ayniqsa, magistratura bosqichiga qabul jarayoni abituriyentning bakalavriat diplom bali oʻrtacha koʻrsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshirilishi korrupsion holatlar ildiziga bolta urdi.

    Eng samarali oʻzgarishlardan yana biri — oliy taʼlimda yangi kredit-modul tizimi joriy etildi. Natijada talabalarda oʻzini oʻzi boshqarish imkoniyati oshib bordi. Shu bilan birga, tizim taʼlim sifatini oshirish, shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaga barham berish, taʼlim oluvchining haqiqiy bilimini yuzaga chiqarish hamda mustaqil oʻqib-oʻrganib, oʻz ustida ishlashiga zamin yaratdi.

    Prezidentimizning 2020-yil 5-avgustdagi “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida OTMlarda oliy taʼlim jarayonini boshqaruvchi HEMIS axborot tizimi joriy etildi. Natijada raqamlashtirish orqali qogʻozbozlik kamayib, professor-oʻqituvchilar asosiy vaqtini koʻproq bilim berish va izlanishga sarflamoqda. Taʼlim sifati va ish unumdorligi sezilarli tarzda orta boshladi. Professor-oʻqituvchilar va talabalarga elektron taʼlim xizmatlari koʻrsatish amaliyoti takomillashdi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish, mamlakat va xalq hayotini farovon qilish, millat kelajagini yorugʻ kunlarga olib chiqish yoʻlidagi islohotlar Fargʻona davlat universiteti misolida ham samarasini koʻrsata boshladi. Jumladan, yaqin 3-yilda dunyodagi eng nufuzli oliy taʼlim muassasalari va reyting tashkilotlari bilan xalqaro aloqalari ilgarilab ketdi. Bugunga qadar qator nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarida yuqori oʻrinlarni egalladi. Xususan, 2023-yilda Avstraliyaning UniRank reyting platformasida mahalliy miqyosda 23-oʻrinni band etdi. Shu yili Gruziyaning xalqaro universitetlar reyting tashkiloti — Round University Ranking (RUR) reytingida oʻqitish indikatori boʻyicha 883-oʻrinni egalladi. Shuningdek, Buyuk Britaniyaning Times Higher Education (THE) reyting agentligi roʻyxatida 14 ta indikator boʻyicha yuqori koʻrsatkichlar bilan 1000+ natijani qayd etdi.

    Mazkur natijalarning eng salmoqlisi 2023-yil yakunida Kanadaning Xalqaro yutuqlar tadqiqot markazi (International Achiyevements Research Center — IARS) reytingida “Yil rektori — 2023” va “Yil universiteti — 2023” nominatsiyasi sohibiga aylanganimiz boʻldi. Shuningdek, universitetimiz oʻtgan yili Indoneziyaning UI GreenMetric xalqaro reytingida ilgʻor 500 talikdan joy oldi.

    2024-yil natijalariga koʻra, Turkiyaning mashhur Higher Education Ranking xalqaro reytingida OTM 65 mamlakatning 303 ta universiteti orasida 3-oʻrinni egalladi. Shu bilan birga, oʻtgan yili xalqaro QS — Asia University Rankings reytingida Osiyo universitetlari orasida 801-850-qatordan oʻrin oldi. Universitetning tobora oshib borayotgan nufuzi, akademik salohiyati zamirida esa, albatta, adolatli, korrupsiyadan xoli milliy taʼlim-tarbiya tizimi natijasi mujassam.

    Korrupsiyaga qarshi kurash — umummilliy vazifa, har bir vatanparvarning vijdon ishi ekan, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerak. Bunda nafaqat biz, ziyolilar jamoasi, balki Oʻzbekistonning har bir fuqarosi birgalikda mana shu yaradan jamiyatimizni butunlay xalos qilish yoʻlida gʻayratu shijoat bilan harakat qilishimiz darkor. Faqat shundagina biz yoshlarimiz kutayotgan korrupsiyadan xoli, adolatli va farovon jamiyat qura olamiz.

    Bir haqiqatni barchamiz chuqur anglashimiz zarur: yangi Oʻzbekiston hayotida ochiqlik va oshkoralik, demokratik yangilanish jarayoni davom etar ekan, endi oramizga hech qanday poraxoʻr yoki xiyonatkor sigʻmaydi.


    Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

    pedagogika fanlari doktori, professor


    Hamkorlik materiali