Oʻzbekiston-Fransiya: Strategik sheriklikning yangi ufqlari

    Fikr 12 Mart 2025 1072

    Eʼtirof etish joizki, bugungi kunda Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi diplomatik aloqalar tobora kengayib, savdo-iqtisodiy, taʼlim, fan va sanoat sohalaridagi hamkorlik tobora mustahkamlanib bormoqda.

    Oʻtgan yillar davomida imzolangan koʻplab shartnomalar va kelishuvlar iqtisodiyotning turli sohalarida, jumladan, mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va turizm yoʻnalishlarida ikki tomonlama hamkorlikning mustahkam asosini yaratib kelmoqda. Oʻtgan davrda taraflarning savdo-iqtisodiy, innovatsiya, taʼlim, fan va madaniy-gumanitar sohalarda yangi kelishuvlarga erishganliklari Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati bilan hamkorlikni kengaytirish yoʻlida dadil odimlayotganidan dalolat beradi.

    Bu borada har ikki mamlakat uchun hamkorlikning muhim yoʻnalishi boʻlgan ilm-fan, taʼlim sohasidagi hamkorlik gullab-yashnayotgani quvonarlidir. Zero, zamonaviy dunyoda ilm-fan va taʼlimning roli tobora ortib bormoqda. Bu sohalardagi hamkorlik esa mamlakatlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga beqiyos hissa qoʻshadi.

    Xususan, ayni kunlarda Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtayotgan “Ilm-fan va taʼlim: Oʻzbekiston-Fransiya koʻprigi” mavzusida boʻlib oʻtayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham ikki mamlakat oʻrtasidagi ilm-fan hamkorligining yangi bosqichini boshlab beradi.

    Anjumanning maqsadi — taʼlimda innovatsion texnologiyalar boʻyicha tajriba almashish, oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida yangi hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, xalqaro tajriba asosida taʼlim dasturlarini takomillashtirishdan iborat ekanligi bilan istiqbollidir.

    Ahamiyatlisi, tadbirlar doirasida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari va Fransiya oliygohlari oʻrtasida bir qator manfaatli shartnomalar, bitim va kelishuvlar imzolandi.

    Jumladan, Fargʻona davlat universiteti va Puatye universiteti oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida anglashuv memorandumi imzolandi. Endilikda bu kelishuv doirasida professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi, malaka oshirish va stajirovka, qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy-tadqiqot hamkorligi amalga oshiriladi. Shuningdek, Fargʻona davlat universiteti va Fransiyaning ISC Biznes maktabi oʻrtasida imzolangan taʼlim va tadqiqot sohalarida hamkorlik memorandumi —akademik mobillik, qoʻshma tadqiqotlar, ilmiy konferensiyalar va seminarlar tashkil etishda kelgusida har ikki tarafning samarali aloqalari uchun mustahkam zamin yaratadi.

    Anjuman davomida “Oʻzbek-Fransuz universiteti” mavzusida sessiyalarda taʼlim muassasalari rahbarlari va xalqaro ekspertlar oʻrtasida keng muloqot uchun muhim maydon yaratildi. Ushbu maydonda esa haqli ravishda Yangi Oʻzbekistonning yoshlar bilan ishlash boʻyicha milliy tajribasi”ni dunyoning eng rivojlangan mamlakati vakillariga ulashish biz ziyo ahliga oʻzgacha bir oʻzbekona faxr va gʻurur bagʻishladi.

    Darhaqiqat, taʼkidlash zarurki, inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash – Yangi Oʻzbekistonning oʻz oldiga qoʻygan strategik vazifalardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda “insonga eʼtibor”, “inson qadri uchun” tamoyillari asosida yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash va vatanparvar etib tarbiyalash boʻyicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilib, oʻziga xos milliy tajriba yaratildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi aholisining 60 foizini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etayotgani yoshlar bilan ishlashning “oʻzbek modeli” yaratilishining tub zamini desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Yangicha yondashuvlar asosida yoshlar bilan ishlashning huquqiy asosi ishlab chiqildi. Jumladan, 2016-yil 16-sentyabrda “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.

    2023-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasiga yangi modda kiritilib, davlat yoshlarning huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantirishi, yoshlarning har jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilab qoʻyildi.

    Yoshlar bilan ishlash boʻyicha institutsional tizim shakllantirildi. 2017-yil 30-iyun kuni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi va ushbu kun “Yoshlar kuni” deb eʼlon qilindi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar hamda tuman (shahar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimi, oliy taʼlim muassasalarida yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor lavozimi, 2022-yilda ushbu yoʻnalishda vertikal tizim yaratilib, mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.

    Shuningdek, 2020-yilda yoshlar bilan ishlash boʻyicha muvofiqlashtiruvchi asosiy tashkilot Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.

    Yoshlarni ragʻbatlantirish yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilanib, mamlakatimizda turli soha va tarmoqlarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan qizlarni taqdirlash maqsadida “Zulfiya” daflat mukofoti, yigitlarni taqdirlash uchun “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti, “Kelajak bunyodkori” medali, “Yangi Oʻzbekiston islohotchisi” koʻkrak nishoni taʼsis etildi.

    2017-yildan Oʻzbekistonni yanada rivojlantirish boʻyicha strategiyalar ishlab chiqilib, shu asosda puxta oʻylangan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017-2021-yillarda Oʻzbekistonni yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi, 2023-yildan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi. Ushbu strategiyalarda yoshlarga oid davlat siyosati boʻyicha islohotlar belgilandi.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uygʻun holda ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida 2030-yilgacha maktab bitiruvchilarini kamida 2 ta xorijiy til va 1 ta kasb egallashini taʼminlash, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, yoshlarning ishsizlik darajasini 14 foizdan 11 foizga kamaytirish, IT sohasida 300 ming nafar yoshlarni ish bilan taʼminlash, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish orqali yoshlar qamrovini 8 milliondan oshirish, sport-taʼlim muassasalarida muntazam shugʻullanuvchi yoshlar sonini 1 million nafarga yetkazish kabi dolzarb vazifalar belgilab qoʻyildi.

    Keyingi yillarda katta tajriba toʻplanib, taʼlim tizimi tubdan oʻzgardi. Oʻtgan olti yilda maktabgacha taʼlimdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy taʼlimda esa 9 foizdan 42 foizga yetdi. 2030-yilga qadar har bir bolaning bogʻchaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki oʻquvchining biri esa oliygohda oʻqishi uchun imkoniyat yaratiladi.

    Ilgari oliy taʼlimda bitta oʻrin uchun kamida 10 nafar bola kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirilgani natijasida endi 42 foiz yoshlar qamrab olinmoqda. Oliy taʼlim muassasalarida xotin-qizlarga shartnoma toʻlovi davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga, ularning soni 11 karra koʻpaydi. Birgina Fargʻona davlat universiteti misolida talabalar soni soʻnggi 7-yilda 6 barobar oshib, 30 000 nafarga yetdi.

    Oʻz sohalarida muvaffaqiyatga erishayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda. Birgina misol hozirgi vaqtda dunyodagi nufuzli universitetlarda 1 ming 500 dan ziyod Oʻzbekiston yoshlari tahsil olmoqda.

    Avvalgi 25-yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yigit-qiz xorijga oʻqishga ketgan boʻlsa, birgina “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali soʻnggi 7-yilda 2 ming 300 nafar vatandoshimiz shunday imkoniyatga ega boʻldi.

    Yoshlarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha “manzilli” tizim yaratildi. 2020-yilda ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik va boshqa turdagi qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi boʻlgan yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazorat qilib borish boʻyicha 20 turdagi ijtimoiy yordamni qamrab olgan “Yoshlar daftari” joriy etildi. Ushbu tizim orqali 2024-yilda 180 ming nafar yoshlarga 345 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan ishlash boʻyicha tashabbuslar xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ana shunday tashabbuslar asosida 2023-yil 14-sentyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida yoshlarga oid siyosatining umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi bitim tuzildi.

    2023-yil 19-sentyabrda boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan bu sohada Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik oʻrnatish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish taklif etildi. Davlatimiz rahbari tomonidan ekstremizm tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yoʻl qoʻymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni faollashtirish kerakligi taʼkidlandi.

    2019-yildan yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari boʻyicha savodxonligini oshirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash vazifalarini oʻz ichiga olgan beshta muhim tashabbus amalga oshirilmoqda. Natijada yoshlarni bandligini taʼminlash va maʼnaviyatini yuksaltirish boʻyicha yangicha mexanizm joriy etildi.

    Yoshlarni jismonan sogʻlom etib tarbiyalash va ommaviy sportga keng jalb etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. 2022-yildan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish sport turlari boʻyicha tashkil etilayotgan besh bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi. Bir soʻz bilan aytganda, yoshlarni sport bilan shugʻullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilishi xalqaro miqyosda erishilayotgan yutuqlarda oʻz aksini topmoqda. 2024-yilda oʻtkazilgan Parij-2024 yozgi olimpiadasida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi tarixiy natija koʻrsatib, 206 mamlakat orasida 13-oʻrinda yakunladi.

    Fargʻona davlat universiteti bitiruvchisi Yorqinbek Odilov sportning nayza uloqtirish turi boʻyicha Parij-2024 paraolimpiada oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritdi.

    Bugungi kunda yoshlar Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessans bunyodkorlari sifatida yangi kuch va yangi tashabbuslar bilan chiqishi uchun barcha imkoniyat mavjud. Yangi Oʻzbekistonning yoshlar siyosati sohasidagi navbatdagi dolzarb vazifalaridan biri yosh avlodda milliy ruhiyatni shakllantirish, gʻoyaviy xurujlar va zararli axborotlardan asrashdir. Mana shunday dolzarb strategik vazifalarni amalga oshirishda Davlat rahbarimiz yoshlar bilan muloqot qilib, dolzarb boʻlib turgan muammolar va ularning yechimlari boʻyicha taklif-tashabbuslarni eshitish tajribasini anʼanaga aylantirgan.

    Yoshlar bilan ishlash boʻyicha tizim yaratilishi va samarali amalga oshirilishi natijasida Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoridan joy oldi.

    Demakki, pirovardida Yangi Oʻzbekistonda yoshlar bilan ishlash boʻyicha yangicha mexanizmlar joriy etilib, milliy tajriba yaratildi.

    Xulosa qilib aytganda, Yangi Oʻzbekistonning yoshlar bilan ishlash boʻyicha yaratgan yangi mexanizmi dunyo boʻylab oʻz gʻoyasini yoritar ekan, jahonda taʼlim-tarbiyaning mustahkam andozasi rivojlanibgina qolmay, bu bilan parallel ravishda yoshlarda vatanparvarlik, maʼrifatparvarlik, maʼnaviyatni qadrlash tuygʻulari, taʼlim sifati ham oshib borishi ahamiyatlidir.


    Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

    Fargʻona davlat uninversiteti rektori, professor


    Hamkorlik materiali