Hozirgi kunda adolatli ijtimoiy yoʻnaltirilgan jamiyat qurish sari intilayotgan mamlakatimiz uchun insonga munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda yurtimizda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirildi. Buning uchun aholining yordamga muhtoj, zaif qatlamini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, fuqarolarimizni ishsizlikdan himoya qilish, bandligini taʼminlash, hududlarimizda kambagʻallikni qisqartirish hamda ayrim sabablarga koʻra vaqtincha ishsiz boʻlganlarni kasbga tayyorlash borasida ijtimoiy yordam va xizmatlar sifatini yaxshilash sohasida juda koʻp ishlar qilinmoqda.
Yaqinda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya ham xalqimiz tomonidan ijtimoiy masalalarga oid qator fikr-mulohaza va takliflar bildirilishi natijasida ijtimoiy davlat tamoyiliga oid tegishli normalar bilan boyitildi. U sifatli taʼlim va tibbiy xizmat, ijtimoiy himoyalanmagan yoki ehtiyojmand qatlamni qoʻllab-quvvatlash, qulay mehnat sharoitlarida ishlash, adolatli haq olish, ishsizlikdan himoyalanish, ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarni uy-joy bilan taʼminlashga qaratilgan qoidalar bilan yanada takomillashtirildi.
Yangi Bosh qonunda davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq normalar 3 barobar koʻpaydi. Jumladan, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilab qoʻyildi. Bu degani, 2 million 200 ming ehtiyojmand oila davlatdan kafolatli moddiy yordam oladi. Bu jami oilalarning 25 foiziga toʻgʻri keladi, ularga har yili 11 trillion soʻm ajratiladi. Oʻtgan yili 50 ming oila uchun yangi kvartira olishga sharoit yaratib berildi. Bu yil 90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingan. Yaqin 2-3 yilda bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani qayd etildi. “Ijtimoiy davlat” gʻoyasi mazmun-mohiyati Konstitutsiyaga kiritilayotgan qator boshqa normalarda ham oʻz ifodasini topgan.
Ijtimoiy davlat har bir inson uchun farovon turmush darajasi, xususan, sifatli taʼlim, kafolatli tibbiy xizmat, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi, pensiya va nafaqalar, ijtimoiy yordam va xizmatlar tizimi yaratilgan, uy-joyga ega boʻlish sharoiti mavjud boʻlgan, ijtimoiy tafovutlar yumshatilgan, muvozanatlashgan, hech bir fuqaro oʻz muammolari bilan yolgʻiz qolmaydigan adolatli davlatdir.
2022-yilning 20-dekabr kuni Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida ham ushbu masalaga eʼtibor qaratgan holda: “Biz yangi Oʻzbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilyapmiz. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak”, degandi.
Ushbu qoʻshimchalar natijasida nimalar oʻzgaradi?
Birinchidan, ishsizlikdan himoya qilish choralarini koʻrish va bandlikni taʼminlash maqsadida kasbga tayyorlash tizimi tashkil etilishi natijasida fuqarolarni ish bilan taʼminlash sharoitlari yaratiladi.
Ikkinchidan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan ijtimoiy ehtiyojmand toifalarni uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha zarur iqtisodiy sharoitlar yaratiladi (ijtimoiy uylar qurish, subsidiyalar ajratish va h.k.).
Uchinchidan, barcha uchun tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham oʻz ichiga oladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi davlat hisobidan koʻrsatilishi belgilanishi tibbiy xizmat bilan qamrov darajasi va sifatini oshiradi.
Toʻrtinchidan, alohida ehtiyojlarga va individual imkoniyatlarga ega bolalar uchun inklyuziv taʼlim tashkil etilishi natijasida ularning rivojlanayotgan qobiliyatini va oʻz individualligini saqlab qolish huquqini hurmat qilish prinsipi amalda ishlashi taʼminlanadi.
Beshinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga ijtimoiy sohalarda boshqalar bilan teng imkoniyatlar yaratilishi natijasida ularning hayot sifati va darajasini oshirishga erishiladi.
Oltinchidan, davlat tomonidan iqtidorli va isteʼdodli bolalar va yoshlar tizimli qoʻllab-quvvatlanishi ularga ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish imkoniyatini taqdim etadi.
Yurtimizda moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarga yordam berish, vaqtincha ishsiz xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tashkil etildi. Ijtimoiy sohadagi muhim chora-tadbirlardan yana biri pensiyaga chiqib, ishlayotgan pensionerlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan ularga yuz foiz pensiyasini toʻlab berish tizimi joriy etilganidir. Oxirgi olti yilda mamlakatimiz boʻyicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillardagiga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joy qurildi. Masalan, Toshkent shahrida 1991-2016-yillarda 77,2 mingta xonadonli 1 287 ta koʻp quvatli uy qurilgan boʻlsa, 2017-2022-yillarda 134 mingta xonadonli 1 481 ta shunday uy bunyod etilgan.
Xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha soʻnggi yillarda tizimli ishlar amalga oshirildi. 2020-yildan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila qizlariga oliy taʼlimga oʻqishga kirish uchun 4 foiz kvota joriy etildi. 2022-2023 oʻquv yilidan oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda oʻqiyotgan xotin-qizlarning taʼlim kontraktini toʻlash uchun foizsiz taʼlim kreditlari berish yoʻlga qoʻyildi. Magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning shartnoma toʻlovlarini davlat tomonidan qoplash tartibi belgilandi. Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum talaba xotin-qizlarning taʼlim shartnomalarini mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplash tartibiga oʻtildi. Yuqorida sanab oʻtilgan ishlar ijtimoiy yoʻnalishdagi islohotlarning bir qismidir.
Bunday oʻzgarish va yangilanishlar koʻlami qabul qilanayotgan strategik xujjatlar va davlat dasturlarida muntazam davom etadi.
2022-yil 28-yanvar kuni Prezidentning “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yetti yoʻnalishda 100 ta maqsad belgilab olindi. 100 ta maqsaddan 34 tasi bevosita ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgani ham mamlakatimizda ijtimoiy davlat gʻoyasi ilgari surilayotganiga yaqqol misoldir.
Taraqqiyot strategiyasida inson qadrini ulugʻlashga yoʻnaltirilgan ijtimoiy himoya siyosati boʻyicha qator vazifalar belgilab olindi. Xususan, 2026-yilga qadar ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan toʻliq qamrab olish, birinchi — toʻrtinchi sinf oʻquvchilarini davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan taʼminlash, 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining oʻn barobaridan oʻn ikki barobarigacha oshirish, ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qoʻshib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish hamda bolalikdan nogironligi boʻlgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qoʻshib hisoblash shular jumlasidandir. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va maʼmuriy ishlar boʻyicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam koʻrsatish vazifalari qatʼiy belgilab olindi.
Mazkur hujjatda aholi uchun majburiy ijtimoiy kafolatlarni taʼminlash, ehtiyojmand qatlamlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish qayd etildi. Unda, xususan, aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash darajasini 60 foizga yetkazish, majburiy ijtimoiy kafolatlar boʻyicha qonunchilikni tizimlashtirish va takomillashtirish, belgilangan ijtimoiy himoyaning qatʼiy taʼminlanishini nazorat qilish, majburiy ijtimoiy kafolatlardan, shu jumladan, ijtimoiy himoya turlaridan foydalanish imkoniyatini sohani raqamlashtirish hisobiga kengaytirish, ushbu jarayoniga ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish qatʼiy belgilandi.
Joriy yilning 28-fevral kuni Prezidentning “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur davlat dasturida ham aholini ijtimoiy tarafdan qoʻllab-quvvatlashga oid qator vazifalar beligilab olingan.
Bu yilgi davlat byudjetida 130 trillion soʻm (jami xarajatlarning salkam 50 foizi) ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilmoqda. Joriy yilning oʻzida yoshlarni va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga 6,6 trillion soʻm ajratilishi rejalashtirilgan, ushbu maqsadlarga ajratilayotgan mablagʻ oʻtgan yildagiga nisbatan 1,5 barobar koʻp.
Shu bilan birga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi boʻlgan shaxslar, ogʻir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali koʻrsatilgan xizmat uchun qoʻshimcha toʻlov undirilmagan holda koʻrsatish yoʻlga qoʻyish borasidagi vazifalar ham belgilandi.
Hujjatda, shuningdek, nogironlikni belgilashda fuqarolarga qoʻshimcha yengilliklar yaratish maqsadida 2023-yil 1-apreldan boshlab nogironlik idoralararo elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilash qayd etildi.
Bundan tashqari, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini rivojlantirish va aholining uy-joyga boʻlgan talabini qondirish maqsadida 2023-yilda ana shunday massivlar va 161 ta boshqa joyda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 1,6 baravar oshirilib, 90 mingga yetkaziladi. Bunda uy-joy hamda ijtimoiy va savdo obyektlarini loyihalashtirish va qurishda avtotransport vositalari turargohlari, shu jumladan, koʻp qavatli va yerosti avtoturargohlar majburiy ravishda barpo etilishi taʼminlanadi. 32 ming fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming fuqaroga boshlangʻich badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun davlat byudjetidan yetarli mablagʻ yoʻnaltirish, aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi doirasida mulk huquqi asosida uy-joyga ega boʻlmagan fuqarolar uchun Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirish kabi ustuvor vazifalar belgilangani uy-joyga ehtiyojmand aholini davlat tarafidan qoʻllab-quvvatlash yoʻlidagi faoliyatning uzviy davomidir.
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyilishi koʻp mingli ota-onalar va oʻqituvchilar uchun quvonarli boʻldi. Zero, sogʻlom va barkamol avlodgina oldimizga qoʻyayotgan katta-katta marralarga erishishda kamarbasta boʻladi.
Aholi salomatligini asrab-avaylash borasida ham qator vazifalar belgilab olindi. Xususan, 2023-yilda 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punkti va 520 tagacha ixcham mahalla tibbiyot punkti tashkil etiladi. Shuningdek, 18 — 40 yoshli 12,6 million aholini profilaktik koʻrikdan oʻtkazish, 40 yosh va undan katta yoshdagi surunkali kasalligi boʻlmagan 6,3 million kishini yurak qon-tomir kasalliklari va qandli diabet, 3 million aholini onkologik kasalliklarni erta aniqlash boʻyicha skrining tekshiruvlardan oʻtkazish bu boradagi amaliy ishlarning davomi boʻladi. Shu bilan birga, spinal mushak atrofiyasi bilan kasallangan 112 bolani dori-darmon bilan taʼminlash hamda zaif eshituvchi 250 dan ortiq bolada koxlear implantatsiya operatsiyalari oʻtkazish, bunday operatsiyalar oʻtkazilgan 132 bolada nutq protsessorlarini almashtirish choralarini koʻrish savobli va mehrli ishlarning bir qismi sifatida belgilandi.
2023-yil yakuniga qadar nogironligi boʻlgan shaxslarni ambulator va statsionar sharoitda bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish koʻlamini 30 ming nafarga yetkazish belgilangani ham inson qadri uchun yuritilayotgan davlat siyosatining namunasidir.
Davlat dasturida ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 75 ming nafar ishsiz xotin-qizni davlat hisobidan mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga oʻqitish vazifasi belgilangan edi. Ushbu band ijrosini taʼminlash maqsadida 77 ming 963 xotin-qizning manzilli roʻyxati shakllantirildi. Roʻyxat asosida har bir hududning oʻziga xos drayveridan hamda xotin-qizlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, yanvar-mart oylari davomida tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish markazlari yoʻllanmasi orqali 21,6 ming xotin-qiz kasb-hunarga oʻqitishga jalb qilindi.
Yuqoridagilardan koʻrinadiki, Oʻzbekistondagi islohotlarning asosiy maqsadi insonni rozi qilish, baxtli qilishga qaratilga. Zero, xalqimiz ertaga yoki kelajakda emas, bugun farovon turmush kechirishga loyiq.
Anvarjon MIRKOMILOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
boʻlim boshligʻi