“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini taʼminlashni sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatini inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga yoʻnaltirish belgilangan bo‘lib, demokratik huquqiy davlat qurish jarayonida adolatli sudlov va qonuniylik tamoyillari jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylanmoqda. Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, har bir shaxsga nisbatan adolatli munosabatni ta’minlashning eng muhim vositalaridan biri bu – jinoyat-protsessual huquqidir. U jinoyat ishlarini yuritish tartibini, tergov va sud faoliyatining asosiy qoidalarini, shuningdek, ayblanuvchi, jabrlanuvchi va boshqa ishtirokchilarning huquq hamda majburiyatlarini belgilab beruvchi mustaqil huquq tarmog‘idir. Jinoyat-protsessual huquqining asosiy vazifasi jinoyatlarni tez va toʻla ochish, jinoyat sodir etgan har bir shaxsga adolatli jazo berilishi hamda aybi boʻlmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligi va hukm qilinmasligi uchun aybdorlarni fosh etishdan hamda qonunning toʻgʻri tatbiq etilishini taʼminlashdan iboratdir. Bu jarayon haqiqatni aniqlash, adolatni qaror toptirish va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan tizimdir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har bir fuqaroning adolatli sudlovga bo‘lgan huquqi mustahkamlab qo‘yilgan. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yoʻli bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga oʻzini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar taʼminlanadi. Sudlovning adolatli bo‘lishi aybsizlik prezumpsiyasi, sud mustaqilligi, tomonlarning tengligi va tortishuvi, sud majlisining oshkoraligi kabi tamoyillar orqali ta’minlanadi. Aynan shu tamoyillar fuqarolarga nisbatan adolatli yondashuvni kafolatlaydi.

Jinoyat-protsessi avvalo qonuniylik prinsipiga asoslanadi. Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas. Har kim yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi. Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qoʻyishni va koʻzdan kechirishni oʻtkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi. Uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi. Har qanday tergov va protsessual harakatlar faqat qonun bilan belgilangan tartibda amalga oshirilishi shart bo‘lib, bu fuqarolarning shaxsiy daxlsizligi, erkinligi va sha’nini himoya qiluvchi eng muhim kafolatdir.

Odil sudlov tizimida inson omili muhim o‘rin tutadi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudya – har biri nafaqat davlat vakili, balki inson huquqlarining posboni sifatida faoliyat yuritadi. Ularning kasbiy malakasi, halolligi va mas’uliyati adolatli sudlovni ta’minlash shartlaridandir.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash mumkinki, jinoyat-protsessual huquqi – bu nafaqat qonuniy jarayonlar majmui, balki adolat va insonparvarlik hamda qonun ustuvorligi tamoyillarini hayotga tatbiq etuvchi tizimdir. U orqali davlat jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini protsessual himoya qilishni kafolatlaydi. Shu sababli jinoyat-protsessual huquqini chuqur anglash va amalda to‘g‘ri qo‘llash adolatli sudlov va qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi. Jinoyat-protsessual huquqi – jamiyatda adolatni qaror toptiruvchi, inson huquqlarini himoya qiluvchi, davlat va fuqaro o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlovchi poydevordir.

 

M.Qodirova,
TDYU
Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi
professori v.b., y.f.d. 

M.Bozorov,
TDYU
Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi

o‘qituvchisi